O‘zA O`zbek

23.06.2020 Chop etish versiyasi

Nyu-Yorkda Teodor Ruzvelt haykalini olib tashlashga qaror qilindi

Nyu-Yorkda Teodor Ruzvelt haykalini olib tashlashga qaror qilindi

Nyu-York shahridagi Amerika tabiiy tarixi muzeyi oldiga qoʻyilgan AQSHning sobiq prezidenti Teodor Ruzveltning ot mingan haykalini olib tashlashga qaror qilindi, deb yozadi New York Times gazetasi shahar hokimiyati va muassasalar prezidenti bayonatiga tayanib.

1901-yildan to 1909-yilgacha Amerika prezidenti boʻlgan Teodor Ruzveltning bronzadan yasalgan haykali 1940-yilda oʻrnatilgan edi. Yodgorlik uchta asosiy elementdan iborat. Ruzvelt otga minib turibdi, bir yonida hindu, ikkinchi yonida afrikalik bormoqda.

Gazetaning taʼkidlashicha, yodgorlikni olib tashlash haqidagi qarorni muzey rahbariyatining oʻzi qabul qilgan. Shahar hukumati bunga rozi boʻlgan. Faollar ushbu haykalga qarshi uzoq yillardan buyon norozilik bildirib keladi. Koʻpchillikning fikricha, yodgorlik kolonial bosqinchilik va irqiy kamsitilish ramzidir, deb yozadi nashr.

Haykalni buzib tashlash boʻyicha qaror irqchilikka qarshi noroziliklar sharoitida qabul qilindi. “Jorj Floydning oʻldirilishi ortidan irqiy adolat uchun harakatlarning kuchayishi muzeylar hamjamiyatiga qattiq taʼsir koʻrsatdi. Biz mamlakat va dunyo yodgorliklarga qanchalik eʼtibor qaratayotganining guvohi boʻlmoqdamiz. Ular tizimli irqchilikning yorqin ramzidir. Oddiy qilib aytganda, Ruzvelt haykalini olib tashlash vaqti keldi”, — dedi muzey direktori Ellen Fatter.

Gazetaning yozishicha, yodgorlikning keyingi taqdiri hali nomaʼlum, shuningdek, uning oʻrniga nimani oʻrnatish masalasi ham qorongʻu boʻlib turibdi.

19 058
OʻzA