O‘zA O`zbek

11.06.2020 Chop etish versiyasi

Nuroniylar kengashi respublikamiz aholisiga murojaat bilan chiqdi

Nuroniylar kengashi respublikamiz aholisiga murojaat bilan chiqdi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Nuroniylar 
jamoatchilik kengashlarining 
xonadonlar va koʻchalarni obod hamda koʻrkam qilish boʻyicha aholiga

MUROJAATI

Muhtaram Vatandoshlar!

Mamlakatimiz obodligi, koʻchalarimiz koʻrki, xonadonlarimiz fayzini oshirish, unda keng jamoatchilik ishtirokini taʼminlash boʻyicha joriy yilning iyun-avgust oylarini ruhan poklik, maʼnan yetuklik, fikran yangilanishga intilish davri deb taʼriflash mumkin.

Bugun yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik, xalqimizning yuksalib borayotgan turmush darajasi, shahar va qishloqlarimizning koʻrkam qiyofasi, odamlar ongu tafakkuridagi oʻzgarishlar, umuman, hayotimizning barcha jabhalaridagi taraqqiyot yurtdoshlarimizning Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan islohotlarga, jonajon Vatanimizning kelajagiga boʻlgan ishonchini yana-da mustahkamlamoqda.

Xususan, soʻnggi yillarda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarining hayotimizga keng tatbiq etilishi natijasida aholi maskanlarining koʻrinishi butkul oʻzgarib, odamlarimiz turmush tarzi, oilalarda toʻkin-sochinlik yana-da ortib bormoqda.

Shuni unutmaylikki, osuda va farovon turmush tarzini chetdan kelib bizga hech kim yaratib bermaydi. Uni oʻzimiz, oʻz mehnatimiz natijasida bunyod etsak, aniqroq aytganda, har birimiz oʻz mahallamiz, koʻcha va xonadonlarimizning saranjom va fayzli boʻlishi uchun hissamizni qoʻshsak, bu goʻshalar chinakam obod maskanlarga aylanadi.

Erta saharda turib, koʻcha-hovlilarimizni supurib-sidirish, yon-atrofga suv sepish, turli gullar ekish qaysi xonadonga chiroy bagʻishlamaydi, deysiz.

Bu borada xonadon sohiblariga maslahatlar berish, yoʻl-yoʻriq koʻrsatish, yaratuvchanlik gʻoyalariga undash biz – mahalla faollari, koʻpni koʻrgan, nuroniy oqsoqollarning eng muhim vazifamizdir.

Unutmasligimiz lozimki, obodlik bor joyda qut-baraka, doimiy rivojlanish va kelajakka ishonch boʻladi.

Qadrli yurtdoshlar!

Hozirgi sinovli davr barchamizdan qiyinchiliklarni mardona va jasorat bilan yengib oʻtishni talab qilmoqda. Bu koʻp jihatdan xalqimizning yana-da jipslashib, ahil va birdam boʻlib harakat qilishga undamoqda.

Shu maʼnoda, karantin qoidalariga qatʼiy rioya etgan holda mahallalardagi har bir koʻchani obodonlashtirish, xonadon va tomorqa madaniyatini rivojlantirish, oilalarni mustahkamlash, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash tadbirlarida barcha yurtdoshlarimizning faol ishtirok etishi har qachongidan dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Xalqimizda «bir kun koʻngilsizlik boʻlgan xonadondan qirq kun xayru baraka ariydi» degan purmaʼno hikmat bor.

Binobarin, ota-bobolarimizdan bizga meros boʻlib kelayotgan azaliy urf-odatlar, oʻlmas qadriyat va anʼanalar, oilaning har bir aʼzosi bajarishi lozim boʻlgan muqaddas burch, ayniqsa, katta hayot ostonasida turgan yoshlarimizga ibratli tushuntirish ishlari, oʻylaymizki, oilalarni, butun jamiyatimizni yana-da mustahkamlaydi.

Aziz otaxon va onaxonlar!

Oʻz mahalladoshlarimizga namunaviy xonadon, namunaviy koʻcha qanday boʻlishi kerakligi haqida imkon qadar koʻproq va kengroq maʼlumot beraylik! Bu yoʻlda avvalo, oʻz xonadonlarimizni obod qilish borasida olib borayotgan amaliy ishlarimiz, ibratli tashabbuslarimiz, chinakam jonkuyarligimiz bilan namuna boʻlaylik!

Oʻz hududimizdagi har bir oilada maishiy madaniyatni, xonadonlarimizni obod hamda koʻrkam qilish boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlarni, shu jumladan, yordamchi xoʻjalik binolarini qurish, taʼmirlash, saqlash qoidalarini, tomorqa madaniyatini rivojlantirish kabi ezgu ishlarni keng targʻib etaylik!

Eng muhimi, mavjud imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalangan holda, turmush darajamizni yangi bosqichga koʻtaraylik!

Aziz hamyurtlar!

Jonajon Oʻzbekistonimizga faqat va faqat obod maskanlar – koʻrkam va goʻzal koʻchalar, fayzli xonadonlar, dilga quvonch bagʻishlovchi obod mahallalar yarashadi.

Oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan mazkur ishlarga, ayniqsa mahallamizdagi ehtiyojmand va kambagʻal oilalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga bor kuch-gʻayratimizni safarbar qilaylik, ulugʻ tashabbusga munosib hissa qoʻshaylik!

Ushbu uch oylik harakatimiz xayrli va savobli ishlarimizning bardavomligiga, yoshlarimizning maʼnaviyati va tarbiyasi yana-da yuksak boʻlishiga, milliy qadriyatlarimiz rivojiga, xalqimiz orasida hamjihatlik tuygʻulari mustahkamlanishiga poydevor boʻlib xizmat qilsin!

22 043
OʻzA