O‘zA O`zbek

20.04.2020 Chop etish versiyasi

Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida

Muborak Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Xalqimiz asrlar davomida ezgulik, saxovat, sabr-qanoat, mehr-shafqat oyi sifatida nishonlab kelgan muborak Ramazon oyi bu yil butun dunyoda koronavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan murakkab epidemiologik vaziyat davom etayotgan ogʻir bir davrga toʻgʻri kelmoqda. Ana shunday qiyin sharoitda ham muqaddas dinimiz buyurgan ibodat amallarini uyda, oila davrasida ado etib kelayotgan yurtimiz moʻmin-musulmonlari ushbu fazilatli oyni Yaratganning cheksiz rahmati va magʻfiratining belgisi sifatida, ertangi kunga katta ishonch va xursandchilik bilan kutib olmoqda.

Muborak Ramazon oyining jamiyatimizdagi maʼnaviy-ruhiy barqarorlikni mustahkamlash, hozirgi murakkab sinov va mashaqqatlarni xalqimiz, butun jahon ahli bilan oʻzaro birlik va hamjihatlikda yengib oʻtishdagi ahamiyatini inobatga olgan holda hamda muqaddas islom dinining insonparvarlik mohiyatini, uning tinchlik, bagʻrikenglik, shukronalik kabi olijanob gʻoyalarini keng targʻib etish, diniy-maʼrifiy, madaniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulugʻlash maqsadida:

1. 2020-yil muborak Ramazon oyining boshlanishi 24-aprel kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda boshqa jamoat tashkilotlari oʻzaro hamkorlikda Ramazon oyining karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda, uy sharoitida, oila davrasida oʻtkazilishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga yoʻnaltirilgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Ayniqsa, yordamga muhtoj va ehtiyojmand shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, oilalar va mahallalarda mehr-oqibat va oʻzaro hurmat muhitini mustahkamlash bilan bogʻliq tashkiliy chora-tadbirlarni yana-da kuchaytirishga alohida ahamiyat berilsin.

3. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mavjud epidemiologik sharoitdan kelib chiqib, diniy-maʼrifiy ruhdagi onlayn suhbat va maʼruzalar tashkil etish, bu yilgi Ramazon oyini uy sharoitida oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlarni yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

           Prezidenti                              Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 20-aprel


13 153
O'zA