Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.08.2017 22:27 Chop etish versiyasi

Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimiz kino san’ati bir asrdan ziyod tarixga ega bo‘lib, o‘ziga xos taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Bu davr mobaynida o‘zbek kinosining poydevori yaratilib, u xalqimizning madaniy-ma’naviy hayotida muhim o‘rin egalladi.

Mustaqillik yillarida milliy kinematografiya rivojiga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan katta e’tibor natijasida sohada muayyan yutuqlarga erishildi. Mazmun va shakl jihatidan rang-barang kino asarlar yaratilib, ular tomoshabinlar e’tiborini qozondi.

Ayni vaqtda bugun jahonda kechayotgan globallashuv jarayonlari, mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashning ustuvor vazifalari barcha soha va tarmoqlar qatorida kino san’ati faoliyatini ham takomillashtirish, soha rivoji uchun yangi imkoniyatlar yaratishni talab etmoqda.

Qayd etish kerakki, kinematografiya sohasida normativ-huquqiy bazaning mukammal emasligi, kino ishlab chiqaradigan yetakchi korxonalar, jumladan “O‘zbekfilm”, “Qoraqalpoqfilm” hamda “Ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar” kinostudiyalarining moddiy-texnika bazasi jismoniy va ma’naviy jihatdan eskirgani, kinofilmlarni moliyalashtirish tizimining bugungi kun talablariga javob bermasligi, kinoteatrlar va malakali kadrlar yetishmasligi soha rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga asoslanib, xalqimiz, avvalo, yoshlar ongiga milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini singdirishda katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan kino san’atining rolini oshirish, “O‘zbekkino” Milliy agentligining faoliyatini takomillashtirish maqsadida:

1. Quyidagilar:

Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi 1-ilovaga muvofiq;

Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi 2-ilovaga muvofiq;

“O‘zbekkino” Milliy agentligi markaziy apparatining tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

“O‘zbekkino” Milliy agentligining “Qoraqalpoqkino” agentligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlarining namunaviy tuzilmalari 4- va 5-ilovalarga muvofiq;

“Respublika kinofondi” davlat unitar korxonasining tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

“O‘zbekkino” Milliy agentligi qoshida O‘zbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi yuridik shaxs sifatida tashkil etilsin va uning tuzilmasi 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

“O‘zbekkino” Milliy agentligi Bosh direktoriga, zarur hollarda, “O‘zbekkino” Milliy agentligining markaziy apparati, tizim tashkilotlari hamda “Qoraqalpoqkino” agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlari tuzilmasiga xodimlarning tasdiqlangan cheklangan umumiy soni doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

2. "O‘zbekkino" Milliy agentligi uchun davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratish yillik ishlab chiqarish hajmlarining quyidagi prognoz ko‘rsatkichlari belgilansin:

2018-yilda – 20 ta, 2020-yildan boshlab – 30 tadan to‘liq metrajli badiiy filmlar ishlab chiqarish;

2018-yilda – 40 qismdan iborat 20 ta, 2019-yilda – 50 qismdan iborat 25 ta va 2020-yildan boshlab – 60 qismdan iborat 30 ta hujjatli, ilmiy-ommabop, o‘quv-uslubiy filmlar, kinosolnomalar, kinojurnallar ishlab chiqarish;

multiplikatsion filmlarni 2018-yilda 15 ta, 2022-yildan boshlab har yili 50 tadan ishlab chiqarish;

yosh kino ijodkorlarning 10 soatdan iborat qisqa metrajli filmlari, bolalar uchun yumoristik kinojurnallar suratga olish;

davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan filmlarni jahon bozoriga chiqarish va festivallarda namoyish etish uchun chet tillarga subtitrlashtirish va dublyaj qilish;

milliy kinematografiyaning eng sara asarlarini tiklash, restavratsiya qilish va zamonaviy formatga o‘tkazish.

3. Milliy kinematografiya san’atini zamon talablari asosida rivojlantirish, yosh kino ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekkino” Milliy agentligi huzurida Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb ataladi) tashkil etilsin va uning mablag‘larini shakllantirishning manbalari etib quyidagilar belgilansin:

davlat buyurtmasi va Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ishlab chiqarilgan filmlarning kinoprokatidan tushadigan mablag‘lar;

davlat buyurtmasi va Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ishlab chiqarilgan filmlarni namoyish etish mobaynida joylashtiriladigan tijorat e’lonlaridan tushadigan mablag‘larning 10 (o‘n) foiziga teng miqdordagi majburiy ajratmalar;

Jamg‘armaning vaqtincha bo‘sh mablag‘larini qonun hujjatlariga muvofiq bank depozitlari shaklida va boshqa shakllarda joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

“O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan kino va boshqa madaniy-ijtimoiy tadbirlarni tashkil etish hamda o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyatidan olinadigan daromadlar;

yuridik va jismoniy shaxslarning, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning homiylik xayriyalari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4. “O‘zbekkino” Milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqining kinofilmlar namoyishini samarali tashkil etish, aholi, ayniqsa yoshlarga madaniy xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratish maqsadida mamlakatimizdagi mavjud yoshlar markazlari, madaniyat va aholi dam olish markazlari, litsey va kollejlarning binolaridan foydalangan holda, “O‘zbekkino” Milliy agentligi huzurida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tarkibida kichik kinostudiyalari va zamonaviy formatdagi kinozallari bo‘lgan mintaqaviy madaniy-ko‘ngilochar komplekslar (keyingi o‘rinlarda komplekslar deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi va “O‘zshaharsozlik LITI” davlat unitar korxonasi 2018-yil 1-yanvargacha “O‘zbekkino” Milliy agentligining texnik topshirig‘i va xorijiy mamlakatlarning ilg‘or tajribasini har tomonlama o‘rganish asosida komplekslarning namunaviy loyihasini ishlab chiqsin, uning maydonlarida zamonaviy kinozallarni (2-qavat), shuningdek, savdo-ko‘ngilochar obyektlarni (1-qavat) joylashtirishni nazarda tutsin.

6. “O‘zbekkino” Milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda:

Kinematografiya sohasida kadrlarni qayta tayyorlash maqsadida “O‘zbekkino” Milliy agentligi qoshida atoqli kino ijodkorlar dars beradigan malaka oshirish kurslarini va “Mahorat maktablari”ni tashkil etish;

Mamlakatimizning yosh, iste’dodli va istiqbolli kino ijodkorlari malakasini oshirish maqsadida ularning tegishli yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida muntazam ravishda tahsil olishiga zarur shart-sharoitlar yaratish yuzasidan 2018-yilning 1-yanvariga qadar Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

Belgilab quyilsinki, mazkur bandda ko‘rsatilgan chora-tadbirlar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

7. “O‘zbekkino” Milliy agentligining faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida:

“Qoraqalpoqkino” agentligi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy bo‘limlarini 1 tadan “Damas” rusumli avtomashina bilan ta’minlash;

“Qoraqalpoqkino” agentligi va viloyatlar hududiy bo‘limlariga byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan saqlanadigan 4 tadan qo‘shimcha shtat birligi ajratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

8. Belgilab qo‘yilsinki:

“O‘zbekkino” Milliy agentligining markaziy apparati, “Qoraqalpoqkino” agentligi va hududiy bo‘limlarini saqlash, shuningdek, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

O‘zbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasini saqlash xarajatlari Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

milliy kino mahsulotlarini yaratishning belgilangan yillik ishlab chiqarish hajmlarining prognoz ko‘rsatkichlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.

9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

“O‘zbekkino” Milliy agentligi markaziy apparatiga 3 ta shaxsan biriktirilgan va 1 ta navbatchi xizmat avtotransportini saqlash uchun limit ajratsin;

“Respublika kinofondi” davlat unitar korxonasining faoliyatini, 2020-yil 1-yanvardan boshlab o‘zini o‘zi moliyalashtirishga o‘tish sharti bilan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining parametrlarida ijtimoiy sohaga nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtirilishini ta’minlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2017-yilgi parametrlari doirasida “Qoraqalpoqkino” agentligi, viloyatlar Toshkent shahar hududiy bo‘limlarini 1 tadan “Damas” rusumli avtomashina bilan ta’minlash uchun zarur mablag‘larni “O‘zbekkino” Milliy agentligiga ajratsin.

10. “O‘zbekkino” Milliy agentligi:

Adliya vazirligi bilan birgalikda davlat unitar korxonalari shaklida tashkil etiladigan mintaqaviy madaniy-ko‘ngilochar komplekslar to‘g‘risidagi Nizomni uch oy muddatda ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqariladigan kinofilmlarning g‘oyaviy-badiiy saviyasi, mazmun-mohiyati hamda professional darajasini oshirish maqsadida soha namoyandalari, tajribali yetuk mutaxassislardan iborat Badiiy kengash tarkibini shakllantirib, uning Nizomini ishlab chiqsin hamda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda ikki oy muddatda tasdiqlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:

mazkur qaror ijrosini ta’minlashga qaratilgan, shu jumladan, O‘zbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi va Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi hukumat qarorini qabul qilsin;

12. “O‘zbekkino” Milliy agentligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.M.Sultonov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                    Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 7-avgust


* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 
“Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish 
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga

SHARH

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yaqinda O‘zbekiston ijodkor ziyolilari bilan bo‘lgan uchrashuvda madaniyat, adabiyot va san’at sohasini rivojlantirish borasida davlatimiz tomonidan muhim chora-tadbirlar belgilanayotgani, jumladan, qator farmon va qarorlar loyihasi tayyorlanayotgani haqida alohida to‘xtalib o‘tgan edi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ana shu muhim hujjatlardan birinchisi – “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror imzolandi.

Qarorda 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga asoslanib, xalqimiz, avvalo, yoshlar ongiga milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini singdirishda katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan kino san’atining rolini oshirish, “O‘zbekkino” Milliy agentligining faoliyatini takomillashtirish borasida muhim vazifalar belgilab berilgan.

Qarorga muvofiq milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari, “O‘zbekkino” Milliy agentligi markaziy apparatining tuzilmasi, “Qoraqalpoqkino” agentligi hamda viloyatlar va Toshkent shahar bo‘limlarining namunaviy tuzilmalari, “Respublika kinofondi” davlat unitar korxonasining tuzilmasi tasdiqlandi.

Shuningdek, “O‘zbekkino” Milliy agentligi qoshida O‘zbekiston kino arboblari ijodiy uyushmasi yuridik shaxs sifatida tashkil etildi va uning tuzilmasi tasdiqlandi.

Qarorda “O‘zbekkino” Milliy agentligi uchun milliy kino mahsulotlarini yaratish bo‘yicha yillik ishlab chiqarish hajmining prognoz ko‘rsatkichlari belgilab berilgan bo‘lib, unga ko‘ra, Davlat buyurtmasiga asosan, 2018-yilda – 20 ta, 2020-yildan boshlab – 30 tadan to‘liq metrajli badiiy filmlar tayyorlanadi.

Shu bilan birga, 2018-yilda – 40 qismdan iborat 20 ta, 2019-yilda 50 qismdan iborat 25 ta va 2020-yildan boshlab – 60 qismdan iborat 30 ta hujjatli, ilmiy-ommabop, o‘quv-uslubiy filmlar, kinosolnomalar, kinojurnallar ishlab chiqarish belgilangan.

Yosh avlod tarbiyasida muhim o‘rin tutadigan multiplikatsion filmlar 2018-yilda 15 ta, 2022-yildan boshlab esa 50 tadan ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Qarorga binoan yana bir tuzilma – milliy kinematografiya san’atini zamon talablari asosida rivojlantirish, yosh kino ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekkino” Milliy agentligi huzurida Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda.

Qarorda “O‘zbekkino” Milliy agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan bildirilgan takliflar asosida kinofilmlar namoyishini samarali tashkil etish, aholi, ayniqsa, yoshlarga madaniy xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratish maqsadida mamlakatimizdagi mavjud yoshlar markazlari, madaniyat va aholi dam olish markazlari, litsey va kollejlar binolaridan foydalangan holda, “O‘zbekkino” Milliy agentligi huzurida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda tarkibida kichik kinostudiyalari va zamonaviy formatdagi kinozallari bo‘lgan mintaqaviy madaniy-ko‘ngilochar komplekslar bunyod etish vazifasi belgilangan.

Ayni vaqtda kinematografiya sohasida kadrlarni qayta tayyorlash maqsadida “O‘zbekkino” Milliy agentligi qoshida malaka oshirish kurslari tashkil etiladi, atoqli kino ijodkorlar dars beradigan “Mahorat maktablari” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Mamlakatimizdagi yosh, iste’dodli va istiqbolli kino ijodkorlarning malakasini oshirish maqsadida ularning xorijdagi tegishli yetakchi ta’lim muassasalarida muntazam ravishda tahsil olishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratib beriladi.

Davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqariladigan kinofilmlarning g‘oyaviy-badiiy saviyasi, mazmun-mohiyati hamda professional darajasini oshirish masalasiga ham qarorda alohida e’tibor qaratilib, shu maqsadda kino sohasining yetuk namoyandalari va tajribali mutaxassislardan iborat Badiiy kengash tuzilishi belgilangan.

939






Все о погоде - Pogoda.uz