O‘zA O`zbek

06.09.2018 19:44 Chop etish versiyasi

Korporativ, loyiha boshqaruvi va davlat xaridlari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Korporativ, loyiha boshqaruvi va davlat xaridlari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Oliy taʼlim muassasalari va oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim muassasalarida taʼlimning ilgʻor usullarini joriy etish, shuningdek, korporativ, loyiha boshqaruvi va davlat xaridlari sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi huzuridagi Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazining nomi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi deb oʻzgartirilsin (keyingi oʻrinlarda Biznes va boshqaruv oliy maktabi deb yuritiladi).

2. Biznes va boshqaruv oliy maktabiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda – Milliy agentlik) bilan kelishilgan holda:

shu sohadagi yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari bilan ushbu muassasalarning oʻquv rejalari va dasturlari asosida Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan davlat namunasidagi diplomlar bergan holda magistratura dasturlari yuzasidan “ikki diplom” (double degree) modeli boʻyicha oʻqishni tashkil etish borasida kelishuvlar tuzish;

jahondagi taʼlim faoliyatiga doir eng namunali amaliyot va mehnat bozorining real talablarini hisobga olgan holda normativ va qisqartirilgan muddatlarda (anʼanaviy va masofaviy texnologiyalar), ishlab chiqarishdan ajralmagan holda magistraturada oʻqishni tashkil etish, shuningdek, Biznes va boshqaruv oliy maktabi dasturlari boʻyicha oʻqish uchun nomzodlarni tanlab olish mezonlarini belgilash;

Biznes va boshqaruv oliy maktabi professor-oʻqituvchilari faoliyatining turlari boʻyicha vaqt meʼyorlarini, shuningdek, ular uchun cheklangan oʻquv yuklamasini belgilash;

Biznes va boshqaruv oliy maktabining tuzilmasi, shtatlar jadvali, xodimlari va jalb etiladigan konsultantlar (ekspertlar) mehnatiga,

shu jumladan, soatbay haq toʻlash miqdori va tizimini belgilash huquqi berilsin.

3. Quyidagilar Biznes va boshqaruv oliy maktabi faoliyatini moliyalashtirishning manbalari etib belgilansin:

toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;

xoʻjalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar;

boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriya mablagʻlari;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

4. Oliy taʼlim muassasalariga, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muassasalariga, ularning mulkchilik shakli va boʻysunuvidan qatʼi nazar, masofaviy oʻqitishni tashkil etish huquqi berilsin.

5. Milliy agentlik:

a) 2018 yil 1 oktyabrga qadar muddatda:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda oliy taʼlim muassasalarida, oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish muassasalarida masofaviy oʻqitishni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;

Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida, mahalliy davlat hokimiyati organlarida, davlat korxonalari va ustav jamgʻarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan koʻproq miqdorda boʻlgan yuridik shaxslar, ustav jamgʻarmasi (kapitali)ning 50 foizi va undan koʻproq miqdori davlat ulushi 50 foiz va undan koʻproq boʻlgan yuridik shaxsga tegishli yuridik shaxslarda faoliyat yurituvchi davlat xaridlari sohasidagi mutaxassislarni majburiy sertifikatlashtirish toʻgʻrisidagi nizomni, ushbu mutaxassislarni majburiy sertifikatlashtirishni 2019 yil 1 martdan amalga oshirishni nazarda tutgan holda;

b) 2018 yil 1 noyabrga qadar muddatda:

Biznes va boshqaruv oliy maktabi ustavini, shu jumladan, uning Vasiylik kengashi tarkibini;

Biznes va boshqaruv oliy maktabiga oʻqishga qabul qilish va oʻqitishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni;

Biznes va boshqaruv oliy maktabi professor-oʻqituvchilari tarkibini tanlab olish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

6. Milliy agentlikka:

loyiha va korporativ boshqaruv, baholash va xarid faoliyatida, loyihaviy moliyalashtirish, strategik va moliyaviy menejment sohasidagi davlat taʼlim standartlari, shu jumladan, oʻquv yuklamasi hajmlari, malaka talablari, oʻquv rejalari va dasturlarini tasdiqlash;

Biznes va boshqaruv oliy maktabining magistraturasiga oʻqishga qabul qilish kvotalarini belgilash;

Biznes va boshqaruv oliy maktabining magistraturasiga kirish imtihonlarini oʻtkazish shakllari, fanlar, dasturlar, natijalarni baholash mezonlari roʻyxatini tasdiqlash huquqi berilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 30 sentyabrdagi “Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2414-son qarorining 8-bandida nazarda tutilgan imtiyozlarning amal qilish muddati 2022 yil 1 iyulga qadar uzaytirilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 30 sentyabrdagi “Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2414-son qarorining rus tilidagi matnida 4-bandning toʻrtinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

“Predostavit direktoru Vыsshey shkolы biznesa i upravleniya pravo vnosit, pri neobxodimosti, po soglasovaniyu s Natsionalnыm agentstvom proyektnogo upravleniya pri Prezidente Respubliki Uzbekistan izmeneniya v organizatsionnuyu strukturu Vыsshey shkolы biznesa i upravleniya”.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 27 oktyabrdagi “Korporativ boshqaruv ilmiy-taʼlim markazining samarali faoliyatini taʼminlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi

305-son qarori 1-bandining ikkinchi-toʻrtinchi xatboshilari, shuningdek, qarorning 1-3-ilovalari 2018 yil 1 noyabrdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.

10. Milliy agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari D.R.Li va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi PrezidentiSh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2018 yil 5 sentyabr

2 755