O‘zA O`zbek

03.04.2020 Chop etish versiyasi

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

Farmoni

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat koʻrsatishining barqarorligini taʼminlash, shuningdek, ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

1. 2020-yil 31-dekabrga qadar 1-ilovaga muvofiq tovarlarni olib kirishda bojxona boji va aksiz soligʻining nol stavkalari belgilansin.

Tarif va notarif tartibga solish kengashi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan mahsulot ishlab chiqarishda foydalanish uchun olib kiriladigan xomashyo, materiallar, aksessuarlar va butlovchi qismlarning narxini pasaytirishga alohida eʼtibor qaratgan holda, tashqi iqtisodiy faoliyatni yana-da takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritsin.

2. Joriy yilning mart–iyun oylarida toʻlash muddati tugaydigan bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordamlar toʻlash ularni toʻlashni yangi muddatda davom ettirish toʻgʻrisidagi ariza hamda boshqa hujjatlarni talab qilmagan holda 6 oy muddatga (biroq bola tegishlicha 2 yoshga va 14 yoshga toʻlgunidan koʻp boʻlmagan muddatda) tanaffussiz davom ettirilsin.

Belgilansinki, ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam toʻlashni uzaytirish bilan bogʻliq xarajatlar Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi.

3. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan yolgʻiz keksalar va nogironlarni bepul taʼminlash uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari va gigiyena tovarlarining roʻyxati karantin tadbirlari amal qilishi davrida bir martalik niqoblar, antiseptik vositalar va bakteriyaga qarshi sovunlar jamlanmasi bilan toʻldirilsin.

4. Belgilansinki, 2020-yil 1-apreldan 31-dekabrga qadar quyidagilar:

a) turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) koʻrsatuvchi subyektlar, “Uzbekistan Airways” AJ va uning tarkibiy boʻlinmalari, “Uzbekistan Airports” AJ va “Oʻzaeronavigatsiya markazi” DUK:

yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni toʻlashdan ozod qilinadi;

ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida toʻlaydi;

b) tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish aylanmasi oyiga 1 milliard soʻmdan oshmaydigan va elektron hisob-fakturalarni qoʻllaydigan qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlovchilar ushbu soliqni har choraklik asosda hisoblash va toʻlash huquqiga ega;

v) foydalanilmayotgan ishlab chiqarish maydonlari, yashash uchun moʻljallanmagan inshootlarga, shu jumladan, 2020-yil 1-aprelga qadar aniqlanganlarga nisbatan mol-mulk soligʻi va yer soligʻining oshirilgan stavkalarini qoʻllash, shuningdek, koʻrsatilgan soliqlar boʻyicha oshirilgan stavkalarni qoʻllash natijasida yuzaga kelgan qarzdorlikka nisbatan penya hisoblash va majburiy undirish choralarini koʻrish tartibi toʻxtatiladi.

5. Karantin tadbirlari davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi qatʼiy belgilangan summasini va ijtimoiy soliqni hisoblash toʻxtatilsin, bunda faoliyatni toʻxtatganlik toʻgʻrisida soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali davlat soliq xizmati organlari xabardor qilinadi va davlat roʻyxatidan oʻtkazilganlik toʻgʻrisida guvohnomani topshirish talab etilmaydi.

6. Oʻz faoliyatini toʻxtatgan va (yoki) tovarlar (xizmatlar) realizatsiyasidan tushumi joriy yilning birinchi choragidagi oʻrtacha oylik miqdoriga nisbatan 50 foizdan koʻproqqa kamaygan mikrofirma, kichik korxona va yakka tartibdagi tadbirkorlarga soliq organlarini xabardor qilgan holda 2020-yil 1-oktyabrga qadar quyidagi soliqlarni foizsiz kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) huquqi taqdim etilsin:

mahalliy davlat hokimiyati organlariga ariza bermasdan turib aylanmadan olinadigan soliq, mol-mulk soligʻi, yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq boʻyicha – ularni keyinchalik 12 oy davomida teng ulushlarda toʻlash sharti bilan;

ijtimoiy soliq boʻyicha – uni keyinchalik 6 oy davomida teng ulushlarda toʻlash sharti bilan.

7. Joriy yilning oxiriga qadar spirt, alkogol mahsulotlari,
shu jumladan, vino va pivo uchun aksiz soligʻi, shuningdek, benzin, dizel yoqilgʻisi va gazni yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilishdagi aksiz soligʻining amaldagi stavkalari saqlanib qolinsin.

8. 2020-yil 1-apreldan boshlab yuridik shaxslar tomonidan gaz va elektr energiyasi boʻyicha oldindan haq toʻlash toʻgʻrisidagi majburiy talab 30 foizgacha pasaytirilsin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan:

majburiy zaxiralar boʻyicha talablarni yengillashtirish hisobiga
tijorat banklarini 2,6 trillion soʻm hajmidagi qoʻshimcha likvidlik resurslari bilan taʼminlash;

tijorat banklariga 3 yil muddatgacha 2 trillion soʻmgacha miqdorda likvidlik taqdim etishning maxsus mexanizmini joriy etish boʻyicha koʻrilayotgan choralar maʼqullansin.

10. Markaziy bankning quyidagilar toʻgʻrisidagi axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi
PF–5969-son Farmoni ijrosi doirasida yuridik shaxslarning kreditlari boʻyicha 7,9 trillion soʻm hajmdagi qarzdorligi kechiktirilgan;

Oʻzbekistonda va boshqa mamlakatlarda koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan choralar va iqtisodiy faollikning keskin pasayishi sababli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tashkilotlarning kreditlari boʻyicha qoʻshimcha restrukturizatsiya qilinadigan toʻlovlar hajmi qoʻshimcha ravishda 7 trillion soʻmni tashkil etmoqda;

jismoniy shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan 2020-yilning navbatdagi 6 oyi mobaynida soʻndirilishi lozim boʻlgan kreditlar boʻyicha muddati uzaytiriladigan toʻlovlar hajmi 4,7 trillion soʻmni tashkil etmoqda.

11. Markaziy bank quyidagilar uchun shart-sharoitlar yaratish va tartib-taomillarni soddalashtirish choralarini koʻrsin:

tijorat banklari tomonidan moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari boʻyicha toʻlovlarga 2020-yil 1-oktyabrga qadar kechiktirish taqdim etish;

amalga kiritilgan karantin rejimi faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatgan qarzdorlarning muddati oʻtib ketgan kreditlariga garov taʼminoti boʻyicha jarima sanksiyalari va undiruv choralari qoʻllamaslik.

Belgilab qoʻyilsinki, tijorat banklari tomonidan kreditlar boʻyicha hisoblangan va kechiktirilgan foizlar summasi kechiktirish taqdim etilgan davrda foyda soligʻini hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmaydi.

12. Belgilansinki, 2020-yil 1-oktyabrga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan:

loyihalar sonidan qatʼi nazar, ijobiy kredit tarixiga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun beriladigan kreditlar boʻyicha kredit summasining 75 foizidan oshmagan, biroq 10 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan hajmda kafillik;

tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablagʻlarini toʻldirish
uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan milliy valyutada berilgan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya, uning belgilangan miqdorlarini saqlab qolgan holda, taqdim etiladi.

Bitta qarz oluvchiga davlat jamgʻarmasi tomonidan bir vaqtda ham kafillik, ham kompensatsiya berishga qoʻyilgan cheklov bekor qilinsin.

13. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mazkur Farmon doirasida toʻlov muddati kechiktirilgan kreditlarni qayta moliyalashtirish uchun tijorat banklariga ajratilgan resurslarni soʻndirish muddatlarini uzaytirsin.

14. Moliya vazirligi manfaatdor tijorat banklari bilan birgalikda mazkur Farmon doirasida muddati uzaytirilgan kreditlar boʻyicha berilgan davlat kafolatlarini qayta rasmiylashtirsin.

15. Belgilansinki:

koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun kiritilgan cheklov choralari tufayli moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan korxonalarga nisbatan bankrotlik tartib-taomillarini qoʻllash va ularni bankrot deb eʼlon qilishga 2020-yil 1-oktyabrgacha boʻlgan muddatda moratoriy joriy etiladi;

majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtkazilishi lozim boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarni 2019-yil yakunlari boʻyicha auditorlik tekshiruvidan oʻtkazish muddati 2020-yil 1-oktyabrgacha uzaytiriladi;

aksionerlarning 2019-yil yakunlari boʻyicha yillik umumiy yigʻilishlarini 2020-yil 1-oktyabrgacha muddatda, shuningdek, videokonferensaloqa rejimida oʻtkazishga ruxsat beriladi;

aktivlarining balans qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz ming baravaridan ortiq boʻlgan masʼuliyati cheklangan hamda qoʻshimcha masʼuliyatli jamiyatlarni har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan oʻtkazish boʻyicha talab 2020-yil yakunlari boʻyicha kiritiladi;

karantinga olingan shaxslarga nisbatan qoʻllanilgan maʼmuriy jarimalarni (karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik bundan mustasno) toʻlash muddatlari karantin muddati tugagunga qadar uzaytiriladi;

2020-yil 1-oktyabrgacha dorixonalarda tayyorlanadigan dori vositalari, tibbiy buyumlar va boshqa mahsulotlarni ulgurji sotishga ruxsat beriladi;

yil yakuniga qadar qarz beruvchiga foiz shaklida daromad toʻlash majburiyatisiz qarz (qaytarib beriladigan moliyaviy koʻmak) taqdim etilganda soliq solish maqsadida qayta moliyalash stavkasi (asosiy stavka) asosida aniqlanadigan daromad aylanmadan olinadigan soliq hamda foyda soligʻini hisoblashda jami daromad tarkibiga kiritilmaydi va oʻz navbatida soliqqa tortilmaydi;

karantin tadbirlari davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara toʻlovlarini hisoblash va undirish toʻxtatiladi;

foyda soligʻini avvalgi chorak yakunlari asosida hisoblash boʻyicha oʻrnatilgan talablarni bekor qilgan holda, ushbu soliqni toʻlovchilar
2020-yilning ikkinchi choragidan boshlab,
kutilayotgan hajmlardan kelib chiqib foyda soligʻi boʻyicha avans toʻlovlar summasi toʻgʻrisida maʼlumotnoma taqdim etish huquqiga ega. Soliq toʻlovchilar tomonidan mazkur huquqni suiisteʼmol qilish holatlari aniqlanganda davlat soliq xizmati organlariga foyda soligʻi boʻyicha avans toʻlovlar toʻgʻrisida taqdim etilayotgan maʼlumotnomalarga oʻzgartirishlar kiritish vakolati beriladi;

2020-yil 1-apreldan boshlab soliq toʻlovchilar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan qoʻshilgan qiymat soligʻi boʻyicha imtiyozlarni soliq solishdan boʻshagan mablagʻlarni muayyan maqsadlarga yoʻnaltirish shartlarisiz qoʻllaydi.

Inqirozga qarshi kurashish boʻyicha respublika komissiyasi (A.N.Aripov) ishlab chiqarish faoliyatini davom ettirayotgan shaxslar oʻz ishchilariga shart-sharoitlar tashkil etishi ustidan doimiy monitoring olib borish uchun ularga sanitariya-epidemiologiya xizmatlari va sogʻliqni saqlash muassasalarining biriktirilishini taʼminlagan holda, ushbu shaxslar faoliyat koʻrsatishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish uchun kiritilgan cheklov tadbirlari sababli bajarilmagan investitsiya majburiyatlari muddatlarini uzaytirish choralarini koʻrsin.

16. Belgilab qoʻyilsinki:

koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish boʻyicha tibbiyot va karantin muassasalari qurilishi uchun zarur boʻlgan qurilish materiallari, shuningdek, ular faoliyat koʻrsatishi uchun zarur tovarlar 2020-yil 31-dekabrgacha muddatga bojxona toʻlovlaridan, shu jumladan, qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod etiladi;

koronavirus infeksiyasini aniqlash boʻyicha ekspress-testlarni olib kirishda ular uchun bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimi undirilmaydi.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF–5938-son Farmoniga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

18. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarga mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlashni kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyatini berish ishlari lozim darajada tashkil etilmaganligi mahalliy davlat hokimiyati organlariga koʻrsatib oʻtilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq toʻlashni kechiktirish (boʻlib-boʻlib toʻlash) imkoniyati berilishi munosabati bilan mahalliy byudjetlarining olinmay qolinadigan daromadlari oʻrni Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasidan har oyda qoplanishini taʼminlasin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash va toʻlashning amaldagi tartibiga oilalarning ijtimoiy nafaqa olishga muhtojligini baholash tartib-taomillarini soddalashtirishga, shu jumladan, quyidagilarga qaratilgan oʻzgartirishlarni kiritsin:

ijtimoiy nafaqa olish uchun ariza bilan birga taqdim etiladigan hujjatlarni kamaytirish;

davlatning ijtimoiy yordam choralari hisoblanuvchi alohida transfertlarni oilaning jami daromadlaridan chiqarib tashlash va boshqalar.

Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi hamda uning hududiy boʻlinmalari ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamlarning manzilliligini taʼminlash maqsadida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan yaqin hamkorlikda ishlasin, shuningdek, ijtimoiy yordamga oʻta muhtoj boʻlgan oilalarga yordam koʻrsatish uchun tegishli koʻmaklarni jalb qilish boʻyicha tezkorlik bilan choralar koʻrsin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki hafta muddatda “2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda boshqa qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflarni kiritsin.

21. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari J.A.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B.Nurmuratov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

          Prezidenti                             Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 3-aprel


18 486
O'zA