Jizzax viloyatini kompleks rivojlantirishni davlat tomonidan tartibga solish va boshqarishning samarali modelini ishlab chiqish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda hududlarni kompleks rivojlantirish, joylarda yuzaga keladigan muammolarni oʻz vaqtida va samarali hal etishga qodir mahalliy ijro etuvchi hokimiyat tuzilmasini takomillashtirishga qaratilgan mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini yaxshilash boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Shu bilan birga, respublika hududlaridagi ishlarning real holatini oʻrganish natijasi ularni kompleks va jadal rivojlantirishga toʻsqinlik qiladigan tizimli kamchiliklar mavjudligidan dalolat bermoqda.
Ijtimoiy-iqtisodiy va institutsional islohotlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi davlat tomonidan tartibga solish va boshqarishning yangi modelini ishlab chiqish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik) va Jizzax viloyati hokimligining 2019 yil 1 martdan boshlab Jizzax viloyatida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Ilgʻor hudud” sinov loyihasini (keyingi oʻrinlarda – sinov loyiha) amalga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin:
normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, davlat tomonidan tartibga solish va boshqarish sohasini tahlil qilish va baholash;
hududni jadal rivojlantirish uchun ilgʻor qarorlarni aniqlash, shuningdek, respublika va hududiy ijro hokimiyati organlarining javobgarlik sohasini aniqlashtirish;
hududning strategik maqsadlari, shuningdek, hududiy davlat boshqaruvi organlari uchun maqsadli koʻrsatkichlarni shakllantirish mexanizmlarini ishlab chiqish;
hudud aholisining yashash sharoitlarini yaxshilash va daromadlarini oshirish;
tarkibiy islohotlar yordamida investitsiyaviy muhitni yaxshilash;
“Bir qishloq – bitta mahsulot” tamoyili boʻyicha talab yuqori boʻlgan tovarlarni ishlab chiqarish uchun shart-sharoitlarni jadallik bilan yaratish;
iqtisodiy faoliyatni ragʻbatlantirish va sanoatning yangi tarmoqlarini rivojlantirish, Jizzax viloyatida ishlab chiqariladigan mahsulot va xizmatlarning raqobatbardoshligini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaratish.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Agentlik sinov loyihani tizimli va samarali tayyorlash hamda amalga oshirish uchun masʼul organ hisoblanadi;
Agentlikning sinov loyihani amalga oshirish doirasida qabul qilgan qarori, boshqaruv xususiyatidagi topshiriqlardan tashqari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼiy nazar, xoʻjalik subyektlari tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vazirliklar, idoralar va Jizzax viloyati hokimligining Agentlik bilan oʻzaro samarali hamkorligini taʼminlaydi hamda sinov loyihani amalga oshirish boʻyicha Agentlikka yuklangan vazifalarni bajarishda har tomonlama koʻmaklashadi;
Agentlikka Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliyaviy tashkilotlari va boshqa xorijiy tashkilotlar bilan oʻzaro toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik qilish vakolati beriladi.
3. Agentlik 2019 yil 1 martga qadar:
a) Jizzax viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “OʻzInjiniring” Respublika loyiha instituti, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda xorijiy maslahatchilar va mutaxassislarni jalb qilgan holda Jizzax viloyati hududini rejalashtirish sxemasi eskizini ishlab chiqish va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritishni taʼminlasin;
b) Qurilish vazirligi, Jizzax viloyati hokimligi bilan birgalikda Jizzax viloyati tumanlari va aholi punktlarining bosh rejalarini rejalashtirish sxemalari, shuningdek, tegishli arxitektura-rejalashtirish tadbirlari muvofiqligini nazorat qilish maqsadida ixtisoslashtirilgan Arxitektura-rejalashtirish ekspert kengashini tashkil etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;
v) Jizzax viloyati hokimligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda quyidagilarni nazarda tutuvchi Jizzax viloyatini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin:
davlat tomonidan tartibga solish va boshqarish sohasini tahlil qilish va baholash, chora-tadbirlarni amalga oshirish va maʼmuriy toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining faoliyati samaradorligini baholash mexanizmini joriy etish;
tarkibiy islohotlar, shu jumladan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, turizm va foydali qazilmalarni qazib olish sohasidagi tarkibiy islohotlar boʻyicha takliflar berish;
innovatsion loyihalar, shu jumladan, raqamli iqtisodiyot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, isteʼdodli bolalar va yoshlar imkoniyatlarini, tranzit yoʻllaridagi infratuzilmani rivojlantirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflar berish;
urbanizatsiya va kompleks uy-joy qurilishi jarayonlarini tartibga solish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
turizm tarmogʻini, shu jumladan, Zomin tumanida turizm klasterlarini tashkil etish orqali rivojlantirish imkoniyatini yaratish;
suv, gaz va elektr taʼminoti, kanalizatsiya tarmoqlari, yoʻl infratuzilmasi, Internet tarmoqlari, irrigatsiya va melioratsiya tizimlari sohasida talab qilinadigan ishlarning ustuvorligi boʻyicha infratuzilma holatini baholash va yanada rivojlantirish.
4. Agentlik ikki hafta muddatda “Ilgʻor hudud” sinov loyihasini amalga oshirish boʻyicha ekspert-tahlil kengashini shakllantirsin, shuningdek, uning nizomini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Agentlik Jizzax viloyati hokimligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda sinov loyihani amalga oshirish tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini, shuningdek, qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari D.R.Li va Jizzax viloyati hokimi E.A.Saliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2019 yil 3 yanvar