Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2017 21:25 Chop etish versiyasi

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash tizimini tubdan takomillashtirish, pensionerlar, talabalar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini so‘zsiz ta’minlash, ularning O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida xarid qiladigan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘siqlarsiz amalga oshirishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi rahbarlarining e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar o‘z vaqtida to‘lanmayotgani, to‘lov terminallari va bank apparatlari tizimi yetarli darajada rivojlanmagan holda to‘lovlar plastik kartochkalarga asossiz ravishda o‘tkazilayotgani to‘g‘risida ko‘plab murojaatlar kelib tushayotganiga qaratilsin.

2. Belgilab qo‘yilsinki, 2017-yilning fevral oyidan boshlab:

barcha turdagi pensiyalar butun mamlakat hududida hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda beriladi;

ilovada keltirilgan tog‘li va olis tumanlardagi byudjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi to‘lash, ijtimoiy to‘lovlar hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda amalga oshiriladi;

oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiyalarning kamida 50 foizi naqd shaklda beriladi.

3. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati pensiyalar mazkur qarorning 2-bandiga muvofiq, qonunchilikda belgilangan muddatda, tegishli oyning 27 sanasidan kechiktirmay to‘lanishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki:

tijorat banklari bilan birgalikda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hamda ularga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lashda yo‘l qo‘yilayotgan doimiy suiiste’molliklarni so‘zsiz bartaraf etishga doir choralarni ko‘rsin, to‘lovlarning birinchi talabga binoan xo‘jalik yurituvchi subyektlar hisob raqamlaridan hech qanday moneliksiz berilishini ta’minlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda mavjud to‘lov terminallari infratuzilmasini hisobga olgan holda ish haqini naqd shaklda va plastik kartalarga o‘tkazish yo‘li bilan to‘lashni tanqidiy qayta ko‘rib chiqsin va bu borada maqbul nisbatlarni belgilasin. Qabul qilingan chora-tadbirlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga axborot berilsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 5-avgustdagi 147-sonli “Banklardagi depozit hisobvaraqlardan naqd pul to‘lovlarini uzluksiz ta’minlash kafolatlari to‘g‘risida”gi qarorining 3- va 4-bandlarida ko‘zda tutilgan naqd pul mablag‘lari o‘z vaqtida berilishini ta’minlamayotgan tijorat banklari rahbarlari va mansabdor shaxslarini javobgarlikka tortish bo‘yicha normalar amalda qanday qo‘llanilayotganini o‘rgansin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari bilan birgalikda naqd pul mablag‘larining bankdan tashqari aylanmaga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda uning savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidan tijorat banklari kassalariga o‘z vaqtida qaytarilishini ta’minlashga qaratilgan aniq tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlasin.

7. Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarning o‘z vaqtida va uzluksiz to‘lanishini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori I.B.Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari R.S.Azimov va Markaziy bank raisi F.M.Mullajonov zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                              Sh.Mirziyoyev


Toshkent shahri, 2017-yil 2-fevral


* * *


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ish haqi, 
pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash 
mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha 
chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga

ShARH

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni to‘lash mexanizmini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida pensionerlar, talabalar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli va samarali himoya qilish, ular O‘zbekiston Respublikasining barcha hududida xarid qiladigan tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni to‘siqlarsiz amalga oshirishi uchun qulay sharoitlar yaratishga doir qat’iy choralar belgilangan.

Mazkur qaror mamlakatimiz hududlarida ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar to‘lashdagi mavjud ahvolni tanqidiy tahlil qilish natijasida qabul qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasiga kelayotgan murojaatlar tahlili ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarni o‘z vaqtida to‘lamaslik, to‘lovlarni plastik kartochkalarga naqdsiz shaklda asossiz ravishda o‘tkazish holatlari ko‘paygani hamda to‘lov terminallari va bank apparatlari tizimi yetarli darajada rivojlanmaganini ko‘rsatmoqda.

2016-yil 27-sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi ishga tushganidan buyon 7 mingdan ortiq shunday mazmundagi murojaatlar kelib tushgan.

Ushbu salbiy holatlarga barham berish maqsadida qarorda 2017-yil fevral oyidan boshlab:

birinchidan, barcha turdagi pensiyalarni to‘lash hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda amalga oshirilishi;

ikkinchidan, 58 tog‘li va olis tumanlarda joylashgan byudjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi to‘lash, shuningdek, ushbu tumanlar aholisiga ijtimoiy to‘lovlar ham hech qanday cheklovlarsiz to‘liq hajmda naqd shaklda amalga oshirilishi;

uchinchidan, oliy o‘quv yurtlari talabalariga stipendiya to‘lash 50 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda naqd shaklda amalga oshirilishi belgilangan.

Shu bilan birga, Moliya vazirligi, Pensiya jamg‘armasi va pochta xizmati tashkilotlariga pensiyalarning uzluksiz, tegishli oyning 27 sanasidan kechiktirmay to‘lanishini ta’minlashga doir qat’iy topshiriq berilgan.

Bundan tashqari, hududlarda shakllangan ish haqini naqd shaklda hamda plastik kartalarga o‘tkazish yo‘li bilan to‘lashdagi nisbatlar tanqidiy qayta ko‘rib chiqiladi. Bu jarayonda odamlar o‘z ish haqidan foydalanishda muammolarga duch kelmasligi va o‘zlariga kerakli tovar va xizmatlarni erkin xarid qilishlari uchun mavjud to‘lov terminallari infratuzilmasi hisobga olinadi.

Markaziy bank tijorat banklarining ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hamda ularga tenglashtirilgan to‘lovlarni to‘lashda yo‘l qo‘yilayotgan qoidabuzarliklar va kamchiliklarni qisqa muddatda bartaraf etishga doir ishlarini tashkil etishi lozim. Birinchi talabga binoan pul mablag‘lari xo‘jalik yurituvchi subyektlar hisobvaraqlaridan hech qanday moneliksiz berilishini ta’minlashi zarur.

Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarning o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi Bosh prokuratura tomonidan qat’iy nazoratga olinadi. Shuningdek, Bosh prokuratura tijorat banklari mansabdor shaxslarining belgilangan tartibni buzganlik uchun javobgarlikka tortilishi to‘g‘risidagi qonunchilik normalarining amalda qo‘llanilishini o‘rganadi.

Shu bilan bir qatorda, qarorda tijorat banklarini ish haqi, pensiyalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni to‘lash uchun kerakli naqd pul mablag‘lari bilan ta’minlash maqsadida pul mablag‘larining savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidan to‘liq va o‘z vaqtida tijorat banklari kassalariga topshirilishini ta’minlashga qaratilgan hamda bozor iqtisodiyoti tamoyillariga mos keladigan tizimli kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Prezidentimiz qarori ijrosini ta’minlash ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar hamda ularga tenglashtirilgan to‘lovlarni amalga oshirish bilan bog‘liq vaziyatni tubdan yaxshilash va fuqarolarning o‘z pul mablag‘larini o‘zlariga qulay shaklda olish bo‘yicha qonuniy huquqlarini to‘la ta’minlashga xizmat qiladi.

5 901






Все о погоде - Pogoda.uz