O‘zA O`zbek

25.06.2020 Chop etish versiyasi

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Soʻnggi yillarda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda.

Hozirgi vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi inson huquqlari boʻyicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining (keyingi oʻrinlarda – BMT) 6 ta asosiy shartnomaci va 4 ta fakultativ protokoliga qoʻshilgan boʻlib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi va shartnomaviy qoʻmitalariga muntazam ravishda milliy maʼruzalarni taqdim etib kelmoqda.

Bundan tashqari, milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uygʻunlashtirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

Shu bilan birga, inson huquqlari sohasida uzoq muddatli strategiyaning qabul qilinishi ushbu sohada davlat siyosatining samarali amalga oshirilishiga, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat munosabati shakllanishiga, mamlakatning xalqaro maydondagi obroʻsi yana-da mustahkamlanishiga, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining iqtisodiy va siyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi mavqei yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmini yana-da takomillashtirish, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi ijrosini taʼminlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni samarali va oʻz vaqtida amalga oshirish maqsadida:

1. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari boʻyicha xalqaro shartnomalari normalarini bajarish yuzasidan masʼul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:

xalqaro tashkilotlarning inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha tavsiyalarini amalga oshirishga qaratilgan milliy harakat rejalari (“yoʻl xaritalari”)ning soʻzsiz bajarilishini taʼminlash;

qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali BMTning inson huquqlari boʻyicha ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalarining tavsiyalarini bajarishga toʻsqinlik qilayotgan sabab va sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish hamda bartaraf etish;

Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarini bajarish sohasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi va fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikni amalga oshirish.

2. Xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalarining tavsiyalarini inobatga olgan holda, shuningdek, inson huquqlarini taʼminlash va himoya qilish boʻyicha dolzarb masalalarni har tomonlama oʻrganish, amaldagi qonunchilik, huquqni qoʻllash amaliyoti va ilgʻor xorijiy tajribani tahlil qilish hamda keng jamoatchilik muhokamasi, xalqaro va milliy maslahatlashuvlar natijasida ishlab chiqilgan:

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi (keyingi oʻrinlarda – Milliy strategiya) 1-ilovaga muvofiq;

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda – “Yoʻl xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq;

Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari boʻyicha ustav organlari va shartnomaviy qoʻmitalari xabarnomalari va qarorlarini koʻrib chiqish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining oʻzaro hamkorlik qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:

a) Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) Milliy strategiya va “Yoʻl xaritasi”ning amalga oshirilishi yuzasidan:

muntazam monitoring olib borib, chora-tadbirlar sifatli va oʻz vaqtida ijro etilishi boʻyicha taklif va tavsiyalarni tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boradi;

doimiy ravishda aniq koʻrsatkichlar va erishilgan natijalar aks ettirilgan batafsil axborotni oʻz veb-saytida joylashtirib boradi;

har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga umumlashtirilgan maʼlumot kiritadi;

axborot-tahliliy sharhlar tayyorlanishi, xorijiy tillarga tarjima qilinishi va eʼlon qilinishini taʼminlaydi;

b) “Yoʻl xaritasi”da belgilangan masʼul ijrochilar oʻzlariga yuklatilgan vazifalar ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har oyning 5-sanasiga qadar Markazga taqdim etadi. Bunda, vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarning toʻliq, sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgardir;

v) Milliy strategiya va “Yoʻl xaritasi”ning ijro holati yuzasidan har olti oyda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Rayosati majlislarida vazirlik va idoralarning axboroti tinglanadi.

4. Quyidagilarga:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga:

Inson huquqlari sohasida xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi boʻyicha parlament komissiyasini tuzish;

vazirlik va idoralar rahbarlarining Milliy strategiya va “Yoʻl xaritasi”ning ijro holati yuzasidan axborotini har chorakda eshitish va tanqidiy muhokama qilish;

b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga vazirlik va idoralar hududiy boʻlinmalari rahbarlarining Milliy strategiya va “Yoʻl xaritasi”ning hududlar kesimida ijro etilishi yuzasidan axborotini har chorakda eshitish va tanqidiy muhokama qilish tavsiya etilsin.

5. Markazning:

inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda koʻrsatgan xizmatlari uchun har yili Xalqaro inson huquqlari kunida topshiriladigan “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishonini taʼsis etish;

har ikki yilda yuqori saviyada hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlar mutaxassislari va faxriy mehmonlar ishtirokida Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumini oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda:

“Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida Hukumat qarorini qabul qilsin;

Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumini 2020-yilda Samarqand shahrida oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

7. Markaz:

bir oy muddatda Inson huquqlari boʻyicha Samarqand forumi konsepsiyasi va uni oʻtkazish reglamentini ishlab chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda davlat oliy taʼlim muassasalari, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashga ixtisoslashtirilgan muassasalar (universitet, institut, markaz, fakultet, kurslar), shuningdek, umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari” va “Bola huquqlari” boʻyicha oʻquv kurslari (darsliklari)ni joriy etish boʻyicha takliflarni kiritsin.

8. Belgilansinki, Markaz xodimlarining lavozim maoshiga fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun – lavozim maoshining 30 foizigacha, fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga ega shaxslar uchun – lavozim maoshining 60 foizigacha qoʻshimcha haq toʻlanadi.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur Farmonda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun 2020-yilgi Davlat byudjeti parametrlari doirasida belgilangan tartibda moliyaviy mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Xalqaro press-klub va Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda:

ushbu Farmonning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalari
va Internet jahon axborot tarmogʻida tushuntirilishini;

Milliy strategiyaning amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi xolis va toʻliq maʼlumotlarning keng jamoatchilikka tezkor yetkazilishini taʼminlasin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 10-dekabrdagi PQ–4056-son qarori bilan tasdiqlangan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi toʻgʻrisidagi nizomga 4-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

12. Markaz manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

         Prezidenti                     Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 22-iyun


29 626
OʻzА