O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

O‘zbekiston xalqlarining boy madaniy merosi va tarixiy an’analarini to‘liq saqlab qolish va ko‘paytirish, milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini yanada rivojlantirish, hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maqsadli va kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu asosda aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam ta’minlangan oilalar bandligini ta’minlash maqsadida:

1. Quyidagilar respublikamizda milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’atini (keyingi o‘rinlarda hunarmandchilik deb ataladi) yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

birinchidan, hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar va oilalar, ayniqsa, yangitdan o‘z faoliyatini boshlagan hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, «Usta-shogird» maktablari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, va shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish;

ikkinchidan, hunarmandchilik subyektlariga davlat ro‘yxatidan o‘tishda ko‘maklashish, ularga yer maydonlari va binolar ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, ularni asbob-uskunalar, jihozlar, xomashyo va materiallar bilan uzluksiz ta’minlash, ularga imtiyozli kreditlar berish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish;

uchinchidan
, xalq hunarmandchiligi va ijodiy an’analari keng rivojlangan shahar va tumanlarda hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari tashkil etish, hunarmandchilikning noyob turlarini qayta tiklash va yanada rivojlantirish, iste’molchilarga hunarmandchilik mahsulotlari yetkazib berish uchun bozor infratuzilmasini shakllantirish;

to‘rtinchidan, hunarmandchilik mahsulotlarini eksport qilishni rag‘batlantirish, xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalarda milliy hunarmandchilik mahsulotlarini taqdimot qilishga ko‘maklashish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va «Hunarmand» uyushmasining quyidagi takliflari qabul qilinsin:

“Hunarmand” uyushmasini O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasiga uyushgan a’zo sifatida a’zolik badali to‘lovisiz kiritish;

“Hunarmand” uyushmasi raisini mavqei bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosariga, “Hunarmand” uyushmasining hududiy boshqarma boshlig‘ini O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining hududiy boshqarma boshlig‘i o‘rinbosariga tenglashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi huzuridagi tuman va shahar Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazlari tomonidan hunarmandlarga o‘z tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishga ko‘maklashishi bo‘yicha so‘zsiz ravishda xizmatlar ko‘rsatish, jumladan o‘z biznesini tashkil etish va rivojlantirish ko‘nikmalariga o‘rgatish, hunarmandchilik subyektlari huquqlarini himoya qilish, yangitdan o‘z faoliyatini boshlayotgan hunarmandchilik subyektlariga ko‘rgazmalar tashkil etishni nazarda tutish.

3. 2017-yilning 1-dekabridan boshlab hunarmandchilik subyektlari – “Hunarmand” uyushmasining a’zolari:

hunarmandchilik faoliyati mahsulotlari (tovar, ish, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotishda qat’iy belgilangan soliqdan ozod etilishi;

yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali to‘lovidan ozod etilishi;

qishloq joylarda ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlar o‘z faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga belgilangan sug‘urta badalining 50 foizini to‘lashi belgilab qo‘yilsin.

4. Quyidagilar:

hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, hunarmandlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan buyum va tovarlar (ish, xizmatlar) turlarining yangilangan ro‘yxati 1-ilovaga muvofiq;

2018-2019-yillarda O‘zbekiston Respublikasida hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish yig‘ma dasturi (keyingi o‘rinlarda Dastur deb ataladi) 2-ilovaga muvofiq, shuningdek, 2018-2019-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishning manzilli dasturlari 2.1-2.14-ilovalarga muvofiq;

2018-2019-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hunarmandchilik obyektlarini tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar (keyingi o‘rinlarda Kompleks chora-tadbirlar deb ataladi) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.I.Ikromovga, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A.Xaitovga, “Hunarmand” uyushmasi rahbarlariga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisiga, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlariga, vazirlik, idora, tijorat banklari hamda mas’ul ijrochi tashkilotlar rahbarlariga Dastur va Kompleks chora-tadbirlarni belgilangan muddatlarda sifatli, to‘liq va o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, boshqa mas’ul vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy komissiyalar (keyingi o‘rinlarda hududiy komissiyalar deb ataladi) 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Quyidagilar hududiy komissiyalarning asosiy vazifalari etib belgilansin:

tegishli hududlarda manzilli Dastur va Kompleks chora-tadbirlarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli bajarilishini ta’minlash;

hunarmandchilikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni, jumladan, ularga yer maydoni, binolar ajratish, ularni ishlab chiqarish va kommunikatsiya obyektlariga ulanish, kredit resurslari va xomashyo bilan ta’minlash masalalarini o‘z vaqtida hal etish;

hududlarda hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini qurish va rekonstruksiya qilish, jumladan, ushbu markazlar qurilishining manzilli ro‘yxatini ishlab chiqish, ularga hunarmandchilik subyektlarini joylashtirish, qurilayotgan obyektlarning namunaviy loyihasini tasdiqlash ishlarini muvofiqlashtirish;

hunarmandlar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni sotish, shuningdek, eksport qilishga ko‘maklashish bo‘yicha hududlarda chora-tadbirlarni amalga oshirishni tashkil etish va muvofiqlashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi hisobidan aholini hunarmandchilik, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik sohalarida bandligini oshirish uchun hunarmandchilik va tadbirkorlik subyektlariga imtiyozli mikrokreditlar berish bo‘yicha, bank kredit siyosatiga aralashmagan holda, “Mikrokreditbank”ATB tavsiyalar taqdim etish.

6. Hunarmandchilik faoliyati subyektlari – “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga imtiyozli mikrokreditlar berish, shuningdek, 5-ilovadagi sxemaga muvofiq hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari qurish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy bankining O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 5 yil muddatga mo‘ljallangan jami 50 million AQSh dollari miqdorida, jumladan “Mikrokreditbank” ATB, “Xalq banki” ATB va “Agrobank” ATB (keyingi o‘rinlarda tijorat banklari deb ataladi) uchun 2 yil imtiyozli davr bilan 2,5 foizli yillik stavka bo‘yicha kredit liniyasi ochish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bir oy muddatda yuqorida qayd etilgan tijorat banklariga ular tomonidan hunarmandchilik faoliyati subyektlariga milliy valyutada imtiyozli mikrokreditlar ajratish uchun kredit liniyalari ochishni quyidagi shartlarda ta’minlasin:

imtiyozli mikrokreditlar olti oy imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda, ikki yil muddatga, eng kam oylik ish xaqining 300 barobaridan oshmasligi zarur;

o‘zlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna va ehtiyot qismlar xarid qilishda imtiyozli mikrokreditlarning foiz stavkasi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizini, aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun esa O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish foiz stavkasi darajasini tashkil etishi;

imtiyozli mikrokreditlar pul mablag‘larini qarz oluvchining ssuda hisobraqamidan uning to‘lov topshiriqnomasiga muvofiq, ushbu Farmonda nazarda tutilgan maqsadlar uchun tegishli tashkilot yoki jismoniy shaxsning talabi bo‘yicha depozit hisobraqamiga o‘tkazish yo‘li bilan keyinchalik ushbu tashkilot yoki jismoniy shaxsga xizmat ko‘rsatuvchi bank tarif siyosatiga muvofiq, naqd pul olish imkoniyati bilan taqdim etiladi.

7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari tashabbuskorlar va tijorat banklarining kredit mablag‘larini jalb etgan holda, 6-ilovadagi ro‘yxatga muvofiq, 2018-2019-yillarda hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini o‘z vaqtida qurish va foydalanishga topshirishni quyidagilarga e’tiborni qaratgan holda ta’minlasin:

hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini tarixiy-an’anaviy arxitektura uslubida qurish, ularga zarur muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini tortib borish va hududlarida karvonsaroy (mehmonxonalar), kafe, restoran va turistlarni jalb etish uchun boshqa obyektlarni joylashtirish;

hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari hududida “tarixiy sharq bozori” uslubida savdo rastalari va xalq ijodi (dorboz, polvon, masxarabozlar va boshqalar) ko‘rgazmalari uchun maxsus joylar ajratish;

mazkur markazlarda qurilayotgan turar joy binolarining birinchi qavatida ustaxona va savdo inshootlari, yuqori qavatlarida hunarmandlar uchun turar joylar tashkil etish.

8. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi:

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 12-sentabrdagi “Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3268-son qarori bilan tasdiqlangan miqdorda 2017-2018-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan hunarmandchilikda aholi bandligini oshirishga imtiyozli mikrokreditlar ajratish uchun “Mikrokreditbank” ATBga yillik 2 foizli stavka bo‘yicha 50 milliard so‘m miqdorida resurslar ajratilishini;

band bo‘lmagan aholiga, ayniqsa, yoshlarga “Usta-shogird” usulida takomillashtirilgan o‘quv dasturlari bo‘yicha hunarmandchilik sir-asrorlarini o‘qitish uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 2018-2019-yillarda 1 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar ajratishni ta’minlasin.

9. Belgilansinki, O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi, shuningdek, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan imtiyozli mikrokreditlar “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lgan va mazkur Farmonning 1-ilovasiga muvofiq hunarmandchilik faoliyatini amalga oshiruvchilarga beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy banki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda hunarmandlar tomonidan, ayniqsa, hunarmandchilik bilan shug‘ullanuvchi qizlarga mini-texnologiyalar, asbob-uskuna va zarur jihozlarni sotib olish uchun, shuningdek, aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun imtiyozli kreditlar berilishini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda, yosh hunarmandlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga to‘lanadigan majburiy sug‘urta to‘lovlari olingan kreditlar to‘lovi sifatida hisoblanishi belgilab qo‘yilsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga:

tijorat banklarining buyurtmanomalari bo‘yicha hunarmandchilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga ajratilgan mikrokreditlarni to‘lash hisobiga kelib tushgan milliy valyutadagi mablag‘larini konvertatsiya qilishni amalga oshirish;

tijorat banklari va O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda tijorat banklarining rasmiy veb-sahifalarida hunarmandchilik faoliyati subyektlari uchun imtiyozli mikrokreditlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida olish imkoniyatini beruvchi elektron xizmatlarni ishlab chiqish va joriy etish tavsiya etilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasining 2018/2019-o‘quv yilidan boshlab hunarmandchilikning talab yuqori bo‘lgan turlari bo‘yicha kasb-hunar ta’limi yo‘nalishlarini ochish, 7-ilovaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufiga o‘tkazilayotgan kasb-hunar kollejlarida o‘qituvchi va kasbiy ta’lim ustasi sifatida “Hunarmand” uyushmasiga a’zo hunarmandlarni keng jalb qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Belgilab qo‘yilsinki:

“Hunarmand” uyushmasiga a’zo hunarmandlarga kasb-hunar kollejlarining maxsus ustaxonalarida hunarmandchilik bo‘yicha ta’lim berishda yakka tartibdagi tadbirkorlar kabi shartnoma tuzish va ko‘rsatilgan xizmat uchun soliq to‘lamaslik huquqi beriladi;

“Usta-shogird” maktabi o‘quvchisi sifatidagi ish davri 25 yoshga yetgunga qadar eng kam oylik ish haqining kamida 2,5 barobari miqdorida sug‘urta to‘lovi to‘langan taqdirda mehnat stajiga qo‘shiladi.

12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

hunarmandchilik bilan shug‘ullanuvchi shaxslar uchun tashqi reklama vositasini joylashtirganlik uchun mahalliy byudjetga to‘lovning amaldagi stavkaning 50 foizidan oshmaydigan imtiyozli tartibini joriy etsin;

ikki oylik muddatda bozorlar, turistik, me’moriy-madaniy obyektlar hududlarida, shuningdek, yirik savdo markazlarida hunarmandlarga o‘z mahsulotlarini sotish uchun barcha zaruriy shart-sharoitlarga ega bo‘lgan savdo rastalari tashkil etilishini ta’minlasin.

13. Belgilansinki:

hunarmandlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, shu jumladan, bank hisobraqamidagi chet el valyutasini naqd shaklda olish huquqi beriladi;

xorijiy mamlakatlarda o‘tkazilgan ko‘rgazma, tanlov, yarmarka davomida sotilgan hunarmandchilik mahsulotlari eksport shartnomalari tuzilmasdan amalga oshirilishi mumkin, buning natijasida olingan daromad esa eksport tushumi hisoblanmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi Savdo-sanoat palatasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Markaziy bank, “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda:

ikki oy muddatda xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma, tanlov, yarmarkalarda namoyish etish uchun hunarmandchilik mahsulotlari olib chiqishning soddalashtirilgan tartibi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;

tashqi bozorlarda milliy hunarmandchilik mahsulotlarini keng tanitish funksiyasini o‘ziga oladigan O‘zbekiston Respublikasi xo‘jalik subyektlarining xorijiy mamlakatlarda ochilgan savdo uylari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining chet eldagi savdo-investitsiya uylari jalb etilishini ta’minlasin;

bir oy muddatda mahalliy tadbirkorlarning xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalarda keng ishtirok etishini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar kompleksini tasdiqlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda xalqimizning ko‘p asrlik an’analari va madaniy hayotini keng yoritish, xalq hunarmandchiligi va amaliy san’atini namoyish etishga yo‘naltirilgan “Sharq marvaridi” O‘zbekiston an’anaviy san’at xalqaro festivalining har yili sentabr oyida tashkil etilishini ta’minlasin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

8-ilovaga muvofiq, 2018-2019-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hunarmandchilikning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rgazma va festivallar, xalqaro konferensiyalar o‘tkazish chora-tadbirlari o‘z vaqtida amalga oshirilishini;

har yili hunarmandchilik mahsulotlarining “Oltinqo‘l hunarmand” xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etilishini ta’minlasin.

16. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

doimiy savdo joylariga ega bo‘lmagan va vaqtinchalik joylarda savdo qiluvchi hunarmandlar tomonidan kassa apparatlari va savdo terminallaridan foydalanish, shuningdek, savdodan tushgan naqd pul tushumini tijorat banklariga inkassatsiya qilish ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi;

hunarmandlar uchun davlat mulki obyektlari uchun ijara to‘lovi belgilangan eng kam to‘lovning 50 foizi miqdorida belgilanadi;

hunarmand xususiylashtirish dasturi doirasida (“nol” xarid qiymatida) sotiladigan davlat mulki obyektini olish xohishini bildirgan taqdirda, ushbu obyekt hunarmandga baholangan qiymatida (boshlang‘ich investitsiya majburiyatlari bilan) ochiq savdolarga (tanlovga) qo‘yilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotiladi (beriladi);

bir necha hunarmand bir obyektni (“nol” xarid qiymatida) olish istagini bildirgan taqdirda, ushbu obyekt belgilangan tartibda ochiq savdoga (tanlovga) qo‘yiladi va unda faqat ushbu hunarmandlar ishtirok etadi.

Belgilansinki, ushbu bandda ko‘rsatilgan shartlar asosida hunarmandlarga berilgan obyektlardan kamida 5 yildan kam bo‘lmagan vaqt davomida hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida foydalanilishi lozim.

17. Hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun xomashyo va materiallar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida:

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi “Hunarmand” uyushmasining buyurtmanomalari bo‘yicha hunarmandlarga ipak xomashyosi va ipak tolasini ajratilishini ta’minlasin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari ikki oy muddatda yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullanuvchi hunarmandlarga o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun xomashyo sifatida ishlatiladigan daraxt turlarini ekish va parvarish qilish uchun zarur yer maydonlari ajratish choralarini ko‘rsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 31 martdagi “Xalq badiiy hunarmandchiliklari va amaliy san’atni yanada rivojlantirishni davlat yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-1741-son Farmonining 4 va 5-bandlari o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.

19. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy banki, Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

20. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Qo‘chqorov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.I.Ikromov va O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.A.Xaitov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                            Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 17-noyabr

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga
SHARH

Qayd etish lozimki, o‘tgan yillar davomida respublikamizda milliy hunarmandchilikni rivojlantirish, xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’atining ko‘p asrlik an’analarini saqlab qolish, hunarmandchilik bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, hunarmandchilik kichik biznes va yakka tadbirkorlik rivojlanishining kuchli, mustaqil va ommaviy yo‘nalishiga aylana olmadi.

“Hunarmand” uyushmasi, berilgan imtiyozlar va qulayliklarga qaramasdan, o‘z saflariga hunarmandlarning keng ommasini qamrab ololmadi, uyushmaga a’zo bo‘lganlar soni hunarmandchilik bilan shug‘ulanuvchilarning kam qismini tashkil etmoqda. Hunarmandchilik markazlarini sayyohlik salohiyatdan keng foydalangan holda, tashkil etish ishlari holati qoniqarsizligicha qolmoqda, hunarmandlarga moliyaviy va xomashyo resurslari ajratish, ular ishlab chiqargan mahsulotlarni sotish, shu jumladan eksport qilish uchun sharoit yaratishga yordam berish ishlari samaradorligi yetarli darajada emas.

Shunga ko‘ra, hunarmandchilikni rivojlantirish yo‘lidagi mavjud muammo va to‘siqlarni tizimli bartaraf etish, O‘zbekiston xalqlarining boy madaniy merosi va tarixiy an’analarini to‘liq saqlab qolish va yanada boyitish, hunarmandchilikni keng miqyosda qo‘llab-quvvatlash hamda hunarmandchilik bilan shug‘ullanishga aholini, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam ta’minlangan oilalarni jalb qilishga rag‘batlantirish maqsadida 2017-yilning 17-noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan respublikada milliy hunarmandchilikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari etib hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga yer maydonlari va binolar ajratish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash, imtiyozli kreditlar berish, hunarmandchilik mahsulotlarini sotish va eksport qilish, shuningdek, respublikamizning tuman va shaharlarida hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini tashkil etish va «Usta-shogird» maktablari faoliyatini takomillashtirish ishlari belgilandi.

Farmonga binoan “Hunarmand” uyushmasi saflariga hunarmandlarning keng ommasini qamrab olish, shuningdek, hunarmandchilikni kichik biznes va yakka tadbirkorlik rivojlanishining kuchli mustaqil yo‘nalishga aylanishiga yo‘l bermayotgan uyushmaning cheklangan salohiyati bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilangan, jumladan:

“Hunarmand” uyushmasi Savdo-sanoat palatasiga uyushgan a’zo sifatida kirishi, “Hunarmand” uyushmasi raisini mavqei bo‘yicha Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosariga tenglashtirish;

Savdo-sanoat palatasi huzuridagi tuman va shahar Tadbirkorlarga ko‘maklashish markazlari tomonidan hunarmandlarga o‘z faoliyatini tashkil etish va rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha so‘zsiz ravishda xizmatlar ko‘rsatish, shu jumladan hunarmandlarni o‘z biznesini tashkil etish va rivojlantirish ko‘nikmalariga o‘rgatish, hunarmandchilik subyektlari huquqlarini himoya qilish, yangitdan o‘z faoliyatini boshlagan hunarmandlar uchun ko‘rgazmalar tashkil etishni nazarda tutish.

Hunarmandchilikning yuqori talabga ega va kelajakda rivojlanish istiqboli bor turlarini to‘liq qamrab olish maqsadida Farmon bilan hunarmandchilik faoliyati asosiy yo‘nalishlarining yangilangan ro‘yxati tasdiqlandi.

Shuni ta’kidlash muhimki, Farmonda hunarmandlar uchun imtiyoz va qulayliklarni kengaytirish, shuningdek, ularning manzilliligi va samaradorligini kuchaytirish ko‘zda tutilgan. Xususan, 2017-yilning 1-dekabridan hunarmandchilik subyektlari – “Hunarmand” uyushmasining a’zolari:

hunarmandchilik faoliyati mahsulotlari (tovar, ish, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotishda qat’iy belgilangan soliq to‘lovidan to‘liq ozod etiladi;

yoshga doir pensiya va nafaqa oluvchilar byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badali to‘lovidan ozod etiladi;

qishloq tumanlarida ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlar o‘z faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga belgilangan sug‘urta badalining 50 foizini to‘laydi.

Shu bilan bir qatorda, hunarmandlarga o‘z mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, shu jumladan, bank hisobraqamlaridan chet el valyutasini naqd shaklda yechib olish huquqi berilmoqda. Bunda xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan ko‘rgazma, festival, yarmarkalarda hunarmandchilik mahsulotlarini eksport shartnomalarini tuzmagan holda sotish mumkin, bunda olingan daromad eksport tushumi hisoblanmaydi. Shu bilan birga, hunarmandlarga tashqi reklama vositalarini joylashtirishda mahalliy byudjetga to‘lanishi belgilangan to‘lovlarning 50 foizi miqdorida imtiyoz berish joriy etilmoqda.

Shuningdek, doimiy savdo qilish joylariga ega bo‘lmagan va vaqtinchalik joylarda savdo qiluvchi hunarmandlar tomonidan savdo qoidalarida nazarda tutilgan kassa apparatlari va savdo terminallaridan foydalanish, shuningdek, savdodan tushgan naqd pul tushumini tijorat banklariga inkassatsiya qilish ixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi.

Hunarmandlarga o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun imtiyozli tartibda joy ajratish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Bunda ular tomonidan davlat mulkini ijaraga olishda ijara to‘lovi belgilangan eng kam to‘lovning 50 foizi miqdorida belgilanadi.

Hunarmand xususiylashtirish dasturi doirasida (“nol” xarid qiymatida) sotiladigan davlat mulki obyektini olish istagini bildirgan taqdirda, ushbu obyekt hunarmandga baholangan qiymatda (boshlang‘ich investitsiya majburiyatlari bilan) ochiq savdolarga (tanlovga) qo‘yilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotiladi (beriladi). Agarda bir nechta hunarmandchilik subyektlari bir obyektni (“nol” xarid qiymatida) olish istagini bildirsa, ushbu obyekt faqat ushbu hunarmandlar ishtirok etgan holda belgilangan tartibda savdoga (tanlovga) qo‘yiladi. Bunda ko‘rsatilgan shartlarda hunarmandlarga berilgan obyektlardan 5 yildan kam bo‘lmagan vaqt davomida hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida foydalanilishi lozim.

Farmonda yoshlarni hunarga o‘qitish va hunarmandchilik ko‘nikmalarini avloddan-avlodga o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor ajratilgan. Shu maqsadda 2018-yilda respublikamizning barcha hududlaridagi 16 ta kasb-hunar kollejida “Hunarmand” uyushmasining a’zosi bo‘lgan hunarmandlarni o‘qituvchilar sifatida jalb qilgan holda, hunarmandchilik ishi bo‘yicha yangi kasbiy ta’lim yo‘nalishlari ochilishi nazarda tutilgan.

Bunda hunarmandchilikka o‘qitishda hunarmandlar bilan yakka tartibdagi tadbirkorlar singari shartnoma tuzish huquqi beriladi hamda ular ko‘rsatgan ta’lim xizmatlari soliqqa tortilmaydi. Bundan tashqari, “Usta-shogird” maktablari o‘quvchisi sifatidagi ish davri o‘quvchilar 25 yoshga yetgunga qadar yiliga eng kam ish haqining kamida 2,5 barobari miqdorida sug‘urta to‘lovi to‘langan taqdirda ularning mehnat stajiga qo‘shiladi.

Shu bilan birga, 2018-2019-yillarda yoshlarni «Usta-shogird» usulida o‘quv dasturlari bo‘yicha tayyorlash uchun Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan 1 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar berilishi ko‘zda tutilgan.

Farmon bilan hunarmandchilikni respublika hududlari, tuman va shaharlarida rivojlantirish bo‘yicha ham aniq chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, respublika hududlarida hunarmandchilik obyektlari, jumladan muzey-ustaxonalar, “Usta-shogird” maktablari, hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha axborot-resurs markazlari va boshqa obyektlarni tashkil etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlangan.

2018-2019-yillarda respublikamizning 23 ta shahar va tumanlarida Hunarmandchilikni rivojlantirish markazlarini yaratish nazarda tutilgan. Ushbu markazlar tarixiy-an’anaviy arxitektura uslubida qurilib, ular hududida turistlarni keng jalb qilish uchun “tarixiy sharq bozori” uslubidagi savdo rastalari, xalq ijodi ustalari tomosha ko‘rsatadigan maxsus joylar, karvonsaroylar va boshqa obyektlar joylashtiriladi. Muhimi, bu markazlarda hunarmandlar, asrlar davomida ularning ajdodlari kabi bir joyda yashab mehnat qiladi, ya’ni qurilayotgan binolarning birinchi qavatida ularning ustaxona va savdo do‘konlari joylashadi, ikkinchi qavatda ular uchun zamonaviy turar joylar tashkil etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga ikki oy muddatda bozorlar, sayyohlik, me’moriy-madaniy obyektlar hududida, shuningdek, yirik savdo markazlarida hunarmandchilik savdo rastalarini hunarmandchilik mahsulotlarini sotish uchun zarur sharoitlar yaratgan holda tashkil etish topshirig‘i berilgan.

Farmonning eng muhim jihati shundan iboratki, unda hunarmandchilikni rivojlantirish sohasida mamlakatimizda qabul qilingan qonunchilik hujjatlari tajribasida ilk bor Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha manzilli dasturlar tasdiqlangan, ularga ko‘ra 2018-2019-yillarda qiymati 146,6 milliard so‘mga teng, shundan 86,8 milliard so‘m tijorat banklari kredit mablag‘lari hisobiga, aksariyati qishloq joylariga to‘g‘ri keladigan 9 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishini ko‘zda tutuvchi 3015 ta loyiha amalga oshiriladi.

Hunarmandchilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, hunarmandchilik markazlari va boshqa obyektlar qurilishini moliyalashtirish maqsadida, Farmon bilan katta hajmda imtiyozli kredit resurslarini ajratish mexanizmi joriy etilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «Mikrokreditbank», «Xalq banki» va «Agrobank» aksiyadorlik tijorat banklari uchun umumiy hajmi 50 million AQSh dollari miqdorida kredit liniyalari ochiladi. Ushbu mablag‘lar tijorat banklari filiallari orqali O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdorida loyihalarni kreditlash uchun, Markaziy bankning qayta moliyalashtirish foiz stavkasida aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun yo‘naltiriladi. Bir kredit oluvchiga beriladigan kredit hajmi eng kam ish haqining 300 barobarigacha bo‘lgan miqdorda ko‘zda tutilgan, kredit muddati olti oylik imtiyozli davrni hisobga olgan holda 2 yilni tashkil etadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat bankiga aholining hunarmandchilik, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikdagi bandligini oshirish uchun imtiyozli mikrokreditlarni ajratish maqsadlari uchun hajmi 50 milliard so‘m miqdorida yillik 2 foizlik stavkada kredit resurslari ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Bunda yosh hunarmandlar tomonidan byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga to‘lanadigan majburiy sug‘urta to‘lovlari olingan kreditlar uchun to‘lov sifatida hisoblanishi belgilangan.

Hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish uchun xomashyo va materiallar bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha zarur choralar ham ko‘zda tutilmoqda. Jumladan:

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi “Hunarmand” uyushmasining buyurtmalari bo‘yicha hunarmandlarga ipak xomashyosi va ipak tolasini ajratilishini ta’minlaydi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklariga ikki oy muddatda yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullanuvchi hunarmandlarga o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun xomashyo sifatida ishlatiladigan daraxt turlarini ekish va parvarish qilish uchun zarur yer maydonlarini ajratish choralari ko‘rish topshirig‘i berilgan.

Farmon bilan tasdiqlangan chora-tadbirlarni joylarda to‘liq va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari rahbarligida har bir hududda hunarmandchilikni rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy komissiyalar tashkil etilishi nazarda tutilgan.

Mazkur komissiyalarning aniq vazifalari qatorida hunarmandchilik rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni o‘z vaqtida hal qilish, hunarmandlarga ularning loyihalarini amalga oshirish, yer maydonlari va binolar ajratish, ishlab chiqarish va muhandislik infratuzilmasi obyektlariga ulanish, hunarmandchilik mahsulotlarini sotish va eksport qilishda ko‘mak berish belgilangan.

Mazkur Farmon ijrosini ta’minlash maqsadida “Hunarmand” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori qabul qilingan. Qarorga muvofiq “Hunarmand” uyushmasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari va vazifalari belgilandi, uyushmaning yangilangan tashkiliy tuzilmasi, ijro apparati tuzilmasi, shuningdek, uyushmaning hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlarining namunaviy tuzilmasi tasdiqlandi.

Hunarmandchilik mahsulotlarini sotish bo‘yicha bozor infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasiga ikki oy muddatda hunarmandchilik mahsulotlarini chekka tuman (shahar)lardan sotib olib, yirik shaharlarda sotish uchun “Hunarmand” uyushmasi qoshida savdo-xarid korxonalari tashkil etishni ta’minlash topshirig‘i berildi. Bundan tashqari, “Hunarmand” uyushmasiga kasanachilik mahsulotlari (ishlar va xizmatlarni) ishlab chiqarish vazifalari yuklatilgan tarkibiy bo‘linmalar tuzish, shuningdek, pudratchi korxonalar sifatida, ayniqsa, respublikamizning qishloq va olis tumanlarida uy mehnati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar bilan hunarmandchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnomalar tuzish huquqlari berildi.

Ko‘rsatib o‘tilgan choralar hunarmandchilik va kasanachilikda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, shuningdek, chekka hududlardagi hunarmandlarning mahsulotlari sotilishini ta’minlash imkonini beradi.

“Hunarmand” uyushmasining moddiy bazasini mustahkamlash uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga Davlat raqobat qo‘mitasi, Davlat kadastr qo‘mitasi, Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda uyushmaning viloyat boshqarmalari, tuman va shahar bo‘limlarini joylashtirish uchun bino va inshootlarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganib chiqish, natijasi bo‘yicha davlat mulki obyektlarining foydalanilmay turgan bino va inshootlariga “Hunarmand” uyushmasining hududlardagi boshqarma va bo‘limlarini to‘lovsiz foydalanishga bergan holda joylashtirish topshirig‘i berildi.

Qaror bilan hunarmandchilik kasblarini aholi o‘rtasida, ayniqsa, yoshlar va ayollar o‘rtasida ommalashtirish, hunarmandchilik mahsulotlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va media-resurslarini keng qo‘llagan holda ichki va tashqi bozorlarda keng tanitishga qaratilgan choralar ham qabul qilingan.

Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida, shuningdek, “Hunarmand” uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni va Qarori hunarmandchilik yangi subyektlarini tashkil etishni rag‘batlantirish, ular faoliyatini rivojlantirish va kengaytirish, hunarmandchilik va xalq amaliy san’ati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar va oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etishni rag‘batlantirish, oilalar turmush darajasi va sifatini, ayniqsa, qishloq va chekka tumanlarda oshirish ishlarini tashkillashtirishni sifat jihatidan yanada yuqori darajaga ko‘tarish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratadi.

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida