Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.08.2017 23:17 Chop etish versiyasi

Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Qisqa davr mobaynida mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish, birinchi navbatda, qishloq joylarida aholi uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish, shuningdek, islohotlarni amalga oshirishda fuqarolarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan qator muhim davlat va hududiy dasturlar, qonun hujjatlari qabul qilindi.

Senatorlar va deputatlar korpusi, fuqarolar yig‘inlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini keng jalb etgan holda, joylarda ishlarning haqiqiy ahvolini har tomonlama va chuqur o‘rganish, xalq bilan bevosita muloqotning sifat jihatdan yangi va samarali shakllarini joriy etish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarning natijalari mazkur dasturlar hamda hujjatlarning qabul qilinishiga asos bo‘ldi.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amaliy ro‘yobga chiqarish doirasida qabul qilingan 20 dan ortiq qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 180 dan ortiq farmonlari va 450 dan ortiq qarorlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlash hozirgi bosqichda ko‘zlangan maqsadlarga erishishning muhim sharti hisoblanadi.

Shu bilan birga, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini tashkil etish va faoliyatini baholashning amaldagi tizimi oldimizga qo‘yilgan vazifalarni samarali hal qilishga imkon bermayapti. Xususan,

birinchidan, ijro etuvchi va vakillik hokimiyati markaziy organlarining mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorligining darajasi hududlarda yechimini kutayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha uyg‘un faoliyatni ta’minlamaydi. Aksariyat hollarda ularning faoliyati bir martalik xususiyatga ega, alohida topshiriqlarni bajarishdan iborat bo‘lib qolgan. Buning ustiga, joylarda yig‘ilib qolgan muammolarni hal qilish bo‘yicha lozim darajada tashabbus ko‘rsatilmayapti;

ikkinchidan, ijro etuvchi va vakillik hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining hududlarga xizmat safarlarini samarali muvofiqlashtirishning mavjud emasligi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning takrorlanishiga olib kelmoqda, oqibatda mahalliy davlat hokimiyati organlarini asosiy funksional majburiyatlarini bajarishdan chalg‘itmoqda;

uchinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonini baholash amaliyoti joylarda ishlarning haqiqiy ahvolini tanqidiy tahlil qilishga asoslanmagan, eng asosiysi, erishilgan iqtisodiy ko‘rsatkichlar aholining hayot sifatiga qay darajada ijobiy ta’sir etayotganligiga qat’iy baho berilmayapti. Respublika davlat organlarining hududlardan ajralib qolganligi hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari, rivojlanish darajasi va talab-ehtiyojini inobatga olgan holda, asoslantirilgan va har tomonlama puxta o‘ylangan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish imkonini bermayapti;

to‘rtinchidan, respublika va mahalliy byudjet mablag‘larini shakllantirish va taqsimlash, investitsiya dasturlarini ishlab chiqish hamda bajarishning amaldagi mexanizmlari, birinchi navbatda, eng ustuvor loyihalarni manzilli, o‘z vaqtida va mutanosib moliyalashtirishni ta’minlamayapti;

beshinchidan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlarni tashkil etish o‘rniga aksariyat hollarda ko‘plab yig‘ilishlar o‘tkazilmoqda va ularning yakuni bo‘yicha chuqur o‘ylanmagan qarorlar qabul qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan, aholini arzon uy-joy va ish bilan ta’minlash, sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalardagi hayotiy muhim masalalar ko‘tarilgan bir milliondan ortiq murojaatlar yuqoridagilardan dalolat bermoqda.

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni so‘zsiz amalga oshirish, ishni tashkil etish, birinchi navbatda, jamoatchilik oldida hisobot berish shakllari va uslublarini tubdan takomillashtirish, aholining hayot sifati va darajasini yuksaltirish, davlat organlari rahbarlarining mas’uliyatsizligi holatlarining yuzaga kelishiga qat’iy ravishda barham berish hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida:

1. Vazirlar Mahkamasi, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimlarining e’tibori O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida nazarda tutilgan tadbirlar va topshiriqlarning ijrosini tashkil etishdagi jiddiy kamchiliklarga, shuningdek, ko‘rilayotgan choralarning kutilayotgan natijalarni bermayotganligiga qaratilsin.

Ko‘rsatilgan rahbarlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlarida belgilangan vazifalarning so‘zsiz va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsan javobgarligi haqida ogohlantirilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining joylarda ishlarni tashkil etishning quyidagilarni nazarda tutuvchi mutlaqo yangi tizimini joriy qilish haqidagi takliflari qabul qilinsin:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hududlarini tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladigan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarga (keyingi o‘rinlarda sektorlar deb yuritiladi) bo‘lish;

sektorlar rahbarlariga hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini tashkil etish va hal qilish, shu jumladan, aholining eng muhim muammolarini yechish yuzasidan javobgarlik yuklash hamda vakolatlar berish;

hududlarni O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlariga 1-ilovaga muvofiq biriktirish;

sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarning amalga oshirilishi ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan parlament nazoratining samarali shakllarini joriy etish;

huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularning barvaqt oldini olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan parlament nazoratining samarali shakllarini joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlariga:

islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni tizimli va har tomonlama o‘rganish, umumlashtirish hamda ishlab chiqishga mas’ul bo‘lgan deputat va senatorlarni hududlarga biriktirish;

tegishli mansabdor shaxslarning, birinchi navbatda, aholi oldida davriy hisobot berish tizimini, ularning faoliyatini baholash mezonlarini, shuningdek, yuklatilgan vazifalarni lozim darajada bajarmaganlik uchun javobgarlik choralarini nazarda tutgan holda, sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar, huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularning barvaqt oldini olish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratining samarali shakllarini joriy etish bo‘yicha ishlarni tashkil etishning namunaviy tartibini tasdiqlash tavsiya etilsin.

3. Quyidagilar sektorlar rahbarlarining asosiy vazifalari etib belgilansin:

birinchidan, uy-joy kommunal va yo‘l xo‘jaligi, energiya, suv va issiqlik ta’minoti, transport qatnovi, arxitektura, arzon uy-joylar qurish, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, namunaviy mahalla va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarini shakllantirish sohasidagi muammolarni aniqlash hamda hal etish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan tadbirlarni o‘tkazish;

ikkinchidan, ijtimoiy muhofazaning manzilliligi, iste’mol bozorida narxlarning barqarorligi, ijtimoiy soha obyektlari, eng avvalo, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa muassasalarning samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

uchinchidan, hududlarni jadal iqtisodiy rivojlantirish, shu jumladan, ularning tabiiy, iqtisodiy va inson salohiyatidan samarali foydalanish, qurilishi tugallanmagan obyektlardan, foydalanilmayotgan ishlab chiqarish va yer maydonlaridan oqilona foydalanish, mahalliy byudjetlarning daromad qismi va hududning eksport imkoniyatlarini kengaytirish, joylarda zamonaviy bozor infratuzilmasini tashkil etish, xizmat ko‘rsatish, turizm sohalarini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlariga amaliy yordam ko‘rsatish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

to‘rtinchidan, dehqon xo‘jaliklari, tomorqa uchun ajratilgan yerlardan maqsadli foydalanish, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik va boshqa faoliyat turlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etishda fermer xo‘jaliklariga ko‘maklashish bo‘yicha choralar ko‘rish;

beshinchidan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlikda huquqbuzarliklarni, ayniqsa voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida profilaktika qilish hamda ularning barvaqt oldini olish bo‘yicha ta’sirchan ishlarni tashkil etish.

4. Belgilansinki, sektorlar ishini tashkil etish 2-ilovada keltirilgan, quyidagilarni nazarda tutadigan Hududlar va tumanlar (shaharlar)ni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar ishini tashkil etish sxemasiga muvofiq “mahalla – tuman(shahar) – viloyat – respublika” tamoyiliga ko‘ra amalga oshiriladi:

uyma-uy yurish va aholi bilan uchrashuvlar asosida eng quyi bo‘g‘inda – mahallada dolzarb muammolarni aniqlash, ularni bevosita joyida bartaraf etish yuzasidan aniq choralar ko‘rish, tuman (shahar)ni rivojlantirish bo‘yicha dasturlarga kiritish uchun takliflar tayyorlash va kiritish;

mahallalarda aniqlangan muammolarni har tomonlama chuqur tahlil qilish va umumlashtirish asosida tumanlar (shaharlar)ni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish, tumanlar (shaharlar) xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida hisobot berish tizimini joriy etish, qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarga kiritish, shuningdek, mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish uchun takliflar tayyorlash va kiritish;

tumanlar (shaharlar)da aniqlangan muammolarni har tomonlama chuqur tahlil qilish va umumlashtirish asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida hisobot berish tizimini joriy etish, qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilish, davlat, hududiy, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturlariga takliflar tayyorlash va kiritish, shuningdek, mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish uchun takliflar tayyorlash va kiritish;

hududlar “yo‘l xaritalari” amalga oshirilishining samaradorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan har tomonlama tanqidiy tahlil va umumlashtirish o‘tkazish, shuningdek, davlat, hududiy, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash hamda amalga oshirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida har choraklik hisobot berish tizimini joriy etish, qabul qilingan qarorlar ijrosini nazorat qilish, joylardagi tizimli kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha Hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqishni tashkil etish, mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish to‘g‘risida takliflar kiritish.

5. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) Kengashlari majlislarida har chorakda sektorlar rahbarlarining hisobotlari har bir hududga biriktirilgan mas’ul mansabdor shaxslar, deputatlar va senatorlar ishtirokida eshitiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) Kengashlariga sektorlar rahbarlarining hisobotlarini eshitishda quyidagi masalalarga e’tibor qaratish tavsiya etilsin:

tegishli davrda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tanqidiy baholash;

aholi, tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklari, yoshlarni tashvishga solayotgan dolzarb muammolarni, shuningdek, hududning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan tizimli kamchiliklarni aniqlash;

hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini va davlat, hududiy, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturlariga kiritish uchun takliflarni muhokama qilish.

Hisobotlarni eshitishga hududlarni rivojlantirish jarayoniga ta’sir ko‘rsatishning, shuningdek, sektorlar rahbarlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslari mas’uliyatini oshirishning muhim vositalaridan biri sifatida qaralsin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashiga sektorlar rahbarlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslari hisobotlarini eshitishning aniq tartibini nazarda tutgan holda, Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamentini qayta ko‘rib chiqish tavsiya etilsin.

6. Sektorlar ishining shakllari va uslublarini, davlat organlari va tashkilotlari bilan hamkorligini, ularning vakolatlarini, shuningdek, hisobot berishi va faoliyatini baholash tartibini nazarda tutadigan Tumanlar (shaharlar) va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarining ishlarini tashkil etish to‘g‘risidagi nizom 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

7. Quyidagilar hududlarga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlarining asosiy vazifalari va funksiyalari etib belgilansin:

hududlarni komleks rivojlantirish bo‘yicha sektorlarning ishini, eng avvalo, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda orqada qolgan tumanlar va shaharlarda samarali tashkil etish;

tumanlar, shaharlar, mahallalardagi yechimini kutayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha ishlarning samaradorligi va uyg‘unligini ta’minlash maqsadida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan uzviy hamkorligini tashkil etish;

hududning ishchanlik muhiti va ishchanlik faolligini tahlil qilish, tadbirkorlikni jadal rivojlantirishga to‘siq bo‘layotgan dolzarb muammolarni hal etishga ko‘maklashish, shakllangan tadbirkorlik madaniyati va mahalliy an’analar, hududning o‘ziga xos xususiyatlari va rivojlanish darajasini inobatga olgan holda, hududni rivojlantirish bo‘yicha manzilli amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ahvolini tahlil qilish, amalga oshirilayotgan tadbirlarning aholi hayotining sifatiga ta’sir etish darajasini oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

Hukumat, respublika davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari darajasida qaror qabul qilishni talab etadigan aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

tegishli rahbarlarning faoliyatini tanqidiy tahlil qilish yakunlari asosida ularni amaldagi rahbar kadrlar zaxirasiga qo‘shish yoki egallab turgan lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy javobgarlikka tortish haqida takliflar kiritish.

8. Belgilab qo‘yilsinki:

hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini, qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bajarilishini o‘rganish hududlarga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari tomonidan, qoida tariqasida, bir yo‘la kompleks o‘rganish (3-4 kun davomida) o‘tkazish orqali muvofiqlashtiriladi;

hududlarga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari ish vaqtining uchdan ikki qismidan kam bo‘lmagan davrini joylarda ishlarning haqiqiy ahvolini, shu jumladan, aholi bilan muloqot qilish orqali o‘rganishga ajratadi.

9. Kalendar yilning chorak yakuni bo‘yicha majlislarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishning hozirgi amaliyoti samarasiz hamda eskirgan deb topilsin.

Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini sarhisob qilishning yangilangan konsepsiyasi 4-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq joriy qilinsin va quyidagilar uning asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

tuman (shahar) va viloyat darajasida, birinchi navbatda, fuqarolar, tadbirkorlik subyektlari, deputatlar va senatorlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari tomonidan ko‘tarilgan eng dolzarb muammolarni aniqlash, shuningdek, ularning yechimi bo‘yicha aniq choralar ko‘rish;

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ishbilarmon doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillarini jalb qilish orqali hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bajarilishi monitoringining ochiqligi va xolisligini oshirish;

amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va erishilgan ko‘rsatkichlarning, ayniqsa, qishloq joylarida aholining hayot darajasi va sifatiga real ta’sirini hisobga olgan holda maqroiqtisodiy tahlil o‘tkazish;

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ahvoli, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat idoralari takliflari, aholi ehtiyojlarining har tomonlama va chuqur tahlili asosida O‘zbekiston Respublikasining investitsiya (davlat) dasturlari va hududlarni rivojlantirish dasturlarini shakllantirish;

hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalarini, shu jumladan, joylarda yechimini kutayotgan muammolarni hal qilishda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari hamda xodimlarining mas’uliyati va tashabbuskorligini oshirish;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bajarilishini nazorat va monitoring qilishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini sarhisob qilishning yangi konsepsiyasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

10. Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ahvolini o‘rganishning yangi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha komissiya 5-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

bir oy muddatda sektorlar rahbarlari, davlat organlari mansabdor shaxslari va xodimlari o‘rtasida mazkur qaror talablarini tushuntirish bo‘yicha ishlarni tashkil etsin;

2017-yil 20-avgustga qadar muddatda joylarda aniqlangan muammo va kamchiliklarni har tomonlama tahlil etish va umumlashtirish asosida namunaviy “Yo‘l xaritasi”ni hamda sektorlar rahbarlarining namunaviy ish tartibini ishlab chiqsin;

bir oy muddatda sektorlar rahbarlari faoliyatining moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

2018-yil 1-yanvarga qadar muddatda mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini va bajaradigan ishlar hajmini tanqidiy o‘rganish asosida ularning tuzilmasi, vazifalari, funksiya va vakolatlarini optimallashtirish bo‘yicha takliflar kiritsin.

12. Asossiz, samarasi kam, amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga keraksiz ma’muriy ish hajmini oshiradigan va yuklatilgan vazifalarni bajarishdan chalg‘itadigan idoralararo yig‘ilishlarni o‘tkazish qat’iy taqiqlansin.

Davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlariga o‘tkaziladigan yig‘ilishlarga ko‘rib chiqiladigan masalalarga bevosita aloqador bo‘lmagan davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining mansabdor shaxslari taklif qilinishi va ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘rsatib o‘tilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ko‘rsatilgan talablarning qat’iy bajarilishi ustidan lozim darajada monitoring olib borilishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda kollegial yig‘ilishlar o‘tkazish zaruratini asoslovchi aniq mezonlarni, ularda ishtirok etuvchi shaxslar doirasini belgilashni, shuningdek, yig‘ilishlar yakunlarining natijadorligiga talablarni nazarda tutgan holda, barcha darajalarda yig‘ilishlarni tashabbus qilish, unga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish tartibini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati (T.Xudaybergenov) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Hisob palatasi bilan birgalikda:

sektorlar rahbarlarining faoliyatini ularga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring qilishni, hududlarning rivojlanish ahvolidagi real o‘zgarishlardan va boshqa haqqoniy mezonlardan kelib chiqib, ularning faoliyatini xolisona baholashni ta’minlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorakda alohida o‘rnak ko‘rsatgan sektorlar rahbarlari, davlat organlarining mansabdor shaxslari va xodimlarini rag‘batlantirish yoki yo‘l qo‘yilgan jiddiy kamchiliklar uchun ularni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Hisob palatasi bilan birgalikda uch oy muddatda tanqidiy tahlil asosida Respublika va mahalliy byudjet mablag‘larini shakllantirish va taqsimlash, investitsiya dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishning samarali hamda shaffof mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchilari U.S.Ismailov, V.A.Golishev, T.A.Xudaybergenov, O.B.Murodov, O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti                                         Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 8 avgust


***

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
“Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini 
ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga

SHARH

Davlat va jamiyatni jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib hayot sharoitlarini yaratish maqsadida joylarda ishlarning haqiqiy ahvolini har tomonlama va chuqur o‘rganish, xalq bilan bevosita muloqot o‘rnatishning sifat jihatdan yangi va samarali shakllarini joriy etish, ayniqsa, mamlakatimizning barcha tuman va shaharlarini qamrab olgan holda joylarga chiqib fuqarolarni qabul qilish bo‘yicha keng qamrovli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Joylarda olib  borilayotgan bunday ishlar natijasida aholini bezovta qilayotgan ijtimoiy soha, uy-joy kommunal, yo‘l xo‘jaligi, elektr energiya, ichimlik suvi va issiqlik ta’minoti, arzon uy-joylar qurish sohalaridagi, shuningdek, tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, hududlarda investitsiyaviy va ishchanlik muhitini yaxshilashga to‘siq bo‘layotgan o‘tkir muammolar aniqlanmoqda.

Joylarda aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida, shuningdek, fuqarolarimizning talab va takliflariga binoan qisqa vaqt ichida shaharlarda – ko‘p qavatli, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida arzon uylar qurish, ichimlik suvi, issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish hamda modernizatsiya qilish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirishni ta’minlash, xususiy mulkni har tomonlama muhofaza qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir dasturlar qabul qilindi va amalga oshirilmoqda.

Ushbu qabul qilingan hujjatlarning har biri mamlakatimizda aholining tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘zlarining bunyodkorlik imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, turmush farovonligini oshirishga qaratilgan.

Shu bilan birga, davlat organlari ishini tashkil etishning amaldagi mexanizmlari, ijro etuvchi va vakillik hokimiyati organlarining bugungi kundagi o‘zaro hamkorligi holati mazkur vazifalarni samarali amalga oshirish, aholining kundalik muammolarga o‘z vaqtida yechim topish imkonini bermayapti.

Respublika organlarining tuman va shaharlardan uzilib qolganligi har bir ma’muriy-hududiy birlik bo‘yicha ularning o‘ziga xos xususiyatlari va rivojlanish darajasini inobatga olgan holda manzilli amaliy choralarni ishlab chiqish imkonini bermayapti.

Respublika va mahalliy byudjet mablag‘larini shakllantirish va taqsimlash, investitsiya dasturlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishning joriy tartibi, birinchi navbatda, eng ustuvor loyihalarning manzilli, o‘z vaqtida va mutanosib ravishda moliyalashtirilishini ta’minlay olmayapti.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari asosan kam ahamiyatli vazifalarni, kundalik topshiriqlarni bajarish bilan band bo‘lib qolgan. Faoliyat ko‘rsatayotgan komissiya va guruhlarning, senator hamda deputatlarning hududlarga xizmat safarlari yetarli darajada o‘zaro muvofiqlashtirilmagan tarzda amalga oshirilmoqda. Vazirlar Mahkamasi hamda boshqa yuqori turuvchi ijro hokimiyati organlari esa ijtimoiy-iqtisodiy sohaning real holati bilan bog‘liq bo‘lmagan makroiqtisodiy masalalar bilan band.

Natijada faoliyatdagi takrorlanishlar  joylardagi davlat hokimiyati organlarida samarasiz ortiqcha yuklamalarni yuzaga keltirmoqda, mahalliy darajadagi jiddiy kamchiliklar esa deyarli aniqlanmayapti va bartaraf etilmayapti.

Davlat organlarining faoliyati natijalarini baholashda amalga oshirilayotgan islohotlar har bir odamning hayoti sifatini qanchalik yaxshilayotgani, alohida olganda har bir aholi punktini qanchalik darajada ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirayotgani e’tiborga olinmayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalariga kelib tushgan bir milliondan ortiq murojaatlar yuqoridagilardan dalolat bermoqda. Ularda, eng avvalo, aholini arzon uy-joy va ish bilan ta’minlash, sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda mavjud bo‘lgan hal etilishi zarur hayotiy muhim masalalar ko‘tarilgan.

Bugungi kunning bunday dolzarb vazifalarini muvaffaqiyatli va samarali bajarish ijroiya va vakillik hokimiyati organlarining yaqindan hamkorligini, Vazirlar Mahkamasining, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, barcha darajadagi hokimliklarning amaldagi ish uslubini tubdan qayta ko‘rib chiqish va bu borada yangi, takomillashgan mexanizmlarni joriy etishni talab etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir qabul qilinayotgan hujjatlar va dasturlarning, ayniqsa, quyi pog‘onada so‘zsiz amalga oshirilishini ta’minlashga yo‘naltirilgan.

Mazkur hujjat ijroiya va vakillik hokimiyati organlarining aholi duch kelayotgan mavjud muammolarni aniqlash va ularga o‘z vaqtida barham berish hamda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini doimiy va manzilli o‘rganish borasida hamkorlikda olib boriladigan tizimli faoliyatini tashkil etishni nazarda tutadi.

Qaror bilan Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, hokimliklarning qator takliflari ma’qullandi. Jumladan, joylarda ishni tashkil etishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, tumanlar, shaharlar hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarga bo‘lishni nazarda tutadigan mutlaqo yangi tizim joriy etiladi.

Mamlakatimizdagi 14 ta hududning har biriga Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari biriktiriladi. Bunda ular tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan orqada qolayotgan 69 ta tuman va shaharlarning jadal rivojlanishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimlari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmati hududiy organlari rahbarlari boshchilik qiladilar. Ular joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal etish bo‘yicha aniq maqsadga qaratilgan tizimli ishlarni bajaradilar.

Sektorlar ishi “mahalla – tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyiliga asosan amalga oshiriladi. Bunda asosiy ishlar eng quyi bo‘g‘in – mahallada bajarilishi zarur, ya’ni har chorakda istisnosiz barcha uy xo‘jaliklari va obyektlarga birma-bir kirilib, aholi bilan bevosita muloqot qilinadi.

Mahallada aniqlangan muammolar bevosita joyida bartaraf etiladi. Joyida hal etishning iloji bo‘lmagan kamchilik va muammolar esa sektor, tuman (shahar) va hudud kesimida “yo‘l xaritalari”ga kiritiladi.

Hukumat miqyosida davlat, hududiy, shu jumladan, investitsiya dasturlarini tasdiqlash va amalga oshirish, joylardagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha Hukumat qarorlari loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Bu bilan mahallalardagi muammolar va ularni hal etish mexanizmlari o‘rtasida respublika darajasigacha uzluksiz aloqa o‘rnatiladi.

Joylardagi muammolarni hal etishda o‘zida muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yo‘llarini batafsil va mukammal qamrab oladigan “yo‘l xaritalari” muhim o‘rin tutadi. “Yo‘l xaritalari” sektorlar tomonidan boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda har chorakda tegishli hududning o‘ziga xos xususiyatini inobatga olgan holda shakllantiriladi va amalga oshiriladi.

Shuningdek, mavjud kamchilik va muammolarni aniqlash va bartaraf etishda, hududlarning rivojlanish jarayoniga ta’sir etish va sektor rahbarlarining mas’uliyatini oshirishda joriy etilayotgan xalq deputatlari Kengashlari sessiyalaridagi hisobotlar tizimi markaziy o‘rinni egallaydi. Har chorakda bo‘lib o‘tadigan sektor rahbarlarining hisobotlari eshituvida hududlarga biriktirilgan Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, parlament a’zolari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etadilar.

Davlat rahbari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) Kengashlariga sektorlar rahbarlarining hisobotlarini eshitishda quyidagi masalalarga e’tibor qaratish tavsiya etilmoqda:

– tegishli davrda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tanqidiy baholash;

– aholi, tadbirkorlik subyektlari, fermer xo‘jaliklari, yoshlarni tashvishga solayotgan dolzarb muammolarni, shuningdek, hududning rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan mavjud kamchiliklarni aniqlash;

– hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini va davlat, hududiy, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining investitsiya dasturlariga kiritish uchun takliflarni muhokama qilish.

Hisobotlarni eshitishga hududlarni rivojlantirish jarayoniga ta’sir ko‘rsatishning, shuningdek, sektor rahbarlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslari mas’uliyatini oshirishning muhim vositalaridan biri sifatida qaraladi.

Bundan tashqari, qaror bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha choralarning amalga oshirilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti oldida har choraklik hisobot berish tizimini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Yangi tizimni joriy etish bo‘yicha ishlarning asosiy yo‘nalishlari mazkur hujjat bilan tasdiqlanayotgan Nizom bilan tartibga solinadi. Unda yangi tizimda ishlashning samarali shakl va uslublari, davlat idoralari va tashkilotlari bilan hamkorlik qilish, sektor rahbarlarining vakolatlari, javobgarlik choralari, hisobdorligi va ularning faoliyatini baholash tartibi, shuningdek, hisobot hujjati sifatida markazlashtirilgan tartibda tarqatiladigan sektor rahbarlarining uyma-uy yurish daftarini yuritishi ko‘zda tutilgan.

Mahalliy darajadagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga bo‘lgan yondashuvning butunlay o‘zgarayotganligini inobatga olib, Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlarini sarhisob qilishning yangilangan konsepsiyasi joriy etilmoqda.

Yakunlarni sarhisob qilishda, birinchi navbatda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari manfaatlari inobatga olinadi, eng muhimi, hisobot davrida erishilgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar har bir inson hayotining sifat darajasida amalda namoyon bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar bilan uzviy bog‘lanadi.

Davlat rahbari tomonidan asossiz, samarasi past, amaliy ahamiyatga ega bo‘lmagan, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mansabdor shaxslariga keraksiz ma’muriy ish hajmini oshiradigan va ularga yuklatilgan vazifalarni bajarishdan chalg‘itadigan idoralararo yig‘ilishlarni o‘tkazish qat’iy taqiqlandi. Bosh prokuraturaga belgilangan talablarning qat’iy bajarilishi ustidan monitoring olib borish vazifasi yuklatildi.

Davlat boshqaruv organlari faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini, qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlari bajarilishini o‘rganish hududlarga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari tomonidan, qoida tariqasida, bir yo‘la kompleks o‘rganish (3-4 kun davomida) orqali muvofiqlashtirilishi belgilab qo‘yildi. Bunda hududlarga biriktirilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o‘rinbosarlari ish vaqtining uchdan ikki qismidan kam bo‘lmagan muddatini joylarda ishlarning haqiqiy ahvolini, shu jumladan, aholi bilan muloqot qilish orqali o‘rganishga ajratadi.

Sektor rahbarlari va davlat boshqaruv organlari mansabdor shaxslarining mas’uliyatini oshirish choralariga hamda ularning faoliyatiga tizimli baho berib borishga alohida ahamiyat qaratildi. Ushbu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorakda alohida o‘rnak ko‘rsatgan sektor rahbarlari, davlat organlarining mansabdor shaxslari va xodimlarini rag‘batlantirish yoki yo‘l qo‘ygan jiddiy kamchiliklar uchun ularni javobgarlikka tortishdan to lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan choralarni ko‘rish bo‘yicha takliflar kiritib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorida ushbu sohani tartibga soluvchi asosiy normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, jumladan, mazkur qarorni hayotga tatbiq etish natijalari tahliliga ko‘ra mahalliy davlat hokimiyati organlarining tuzilmasi, vazifalari, funksiya va vakolatlarini optimallashtirish bo‘yicha qator topshiriqlar mavjud.

Qarorda, shuningdek, tanqidiy tahlil asosida Respublika va mahalliy byudjet mablag‘larini shakllantirish va taqsimlash, investitsiya dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishning samarali hamda shaffof mexanizmlarini joriy etish zaruriyati ta’kidlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori davlat organlari ishini tashkil etishning, eng avvalo, hududlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan qarorlar, shuningdek, muhim davlat va hududiy dasturlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishiga imkon beruvchi zamonaviy yangi tizimning joriy etilishini ta’minlaydi. Eng asosiysi, qabul qilingan qaror mamlakatimizning har bir fuqarosi hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan.

2 630






Все о погоде - Pogoda.uz