O‘zA O`zbek

07.05.2020 Chop etish versiyasi

Eksport faoliyatini yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Eksport faoliyatini yana-da qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Soʻnggi yillarda tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tashkil etilib, eksport hajmini oshirish uchun eksport qiluvchi korxonalarga moliyaviy koʻmak berish mexanizmlari yaratildi.

Jahon bozorlarida raqobat keskinlashib borayotgan sharoit mahsulotlar eksporti hajmini oshirish orqali yangi bozorlarga kirib borish va anʼanaviy bozorlarda oʻz oʻrnini mustahkamlash uchun eksport qiluvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni yana-da kengaytirish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.

Eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-maydagi PQ–4337-son “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sugʻurta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq joriy etilgan mahsulotlarni eksport qilishda tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish mexanizmi mahsulotlarni avtomobil va havo transportida eksportga tashishga ham tatbiq etilsin.

Eksport qilishda avtomobil, temir yoʻl va havo transportida tashish xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadigan mahsulotlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Respublika hududlari va tarmoqlari eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi respublika komissiyasiga (S.U.Umurzakov) (keyingi oʻrinlarda – Respublika eksport komissiyasi) eksport qilishda transport xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan subsidiyalar taqdim etiladigan mahsulotlar roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, subsidiyalar taqdim etish shartlari va miqdorlarini belgilash hamda tartibini tasdiqlash, shuningdek, mahsulot turi, hajmi va eksport yoʻnalishiga qarab subsidiyaning qatʼiy miqdorlarini belgilash vakolati berilsin.

Respublika eksport komissiyasi bir hafta muddatda mahalliy eksport qiluvchi korxonalar (ularning vakolatli vakillari)ga mahsulotlarni eksport qilishda, shu jumladan, 2020-yil 1-apreldan buyon amalga oshirilgan eksport boʻyicha avtomobil, havo va temir yoʻl transportida tashish xarajatlarini qisman kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etish tartibini tasdiqlasin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan eksport operatsiyalari boʻyicha olib oʻtilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan joriy qilingan barcha turdagi majburiy toʻlovlar va ijro hujjatlari boʻyicha qarzdorligi mavjudligini tekshirish amaliyoti 2021-yil 1-yanvarga qadar bekor qilinsin.

4. Belgilansinki, eksport qiluvchilar garov sifatida sugʻurta xizmatlaridan foydalanganda sugʻurta mukofotini qoplashga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan kompensatsiyalar taqdim etiladi.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Eksportni ragʻbatlantirish agentligining xarajatlari uchun asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha 2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan zarur mablagʻlar ajratsin va 2021-yildan har yili zarur byudjet mablagʻlarini nazarda tutsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bir oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

         Prezidenti              Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 7-may


11 032
O'zA