O‘zA O`zbek

28.08.2020 Chop etish versiyasi

Boʻstonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Boʻstonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Soʻnggi yillarda Toshkent viloyatining turizm salohiyatini yana-da rivojlantirish, turizm salohiyati yuqori boʻlgan hududlarning oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash orqali turistlar sayohati uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, viloyatning oʻziga xos tabiiy hududlarida yangi turizm yoʻnalishlarini tashkil etish, turistlar oqimini yana-da koʻpaytirish, zamonaviy turistik infratuzilmaning jadal rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan Toshkent viloyatida mavjud turizm salohiyatidan yetarli darajada foydalanilmagan, turistik infratuzilmani rivojlantirish borasidagi ishlar talab darajasida tashkil etilmagan, xizmat koʻrsatish sohasida rivojlangan mamlakatlar darajasidan kam boʻlmagan salohiyatga ega boʻlsada, bugungi kunga kelib tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar yetarli darajada emas hamda oʻz yechimini topmagan bir qator muammolar mavjud. Xususan:

birinchidan, tumanda mahalliy boshqaruv tizimidagi muammolar sababli, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash borasida manzilli ishlar yoʻlga qoʻyilmagan;

ikkinchidan, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan, yoʻl, ichimlik va oqova suv tizimi, elektr tarmogʻi infratuzilmalari eskirgan va talab darajasida emas, axborot-telekommunikatsiya tarmoqlari yetarli darajada tashkil etilmagan;

uchinchidan, tumanning bosh rejasi, batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqish yakuniga yetkazilmaganligi sababli noqonuniy qurilishlarning oldini olish borasidagi ishlar talab darajasida amalga oshirilmagan;

toʻrtinchidan, tumanning asosiy qismi dam olish rekreatsion hudud boʻlishiga qaramasdan, chiqindilarni qayta ishlash, atrof-muhit va tabiiy resurslarni muhofaza qilish holati qoniqarsiz darajaga kelib qolgan.

Boʻstonliq tumanining mahalliy boshqaruv tizimini takomillashtirish, tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, turistik salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish, hududga xorijiy va mahalliy turistlarni keng jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratish, zamonaviy infratuzilma bilan taʼminlash, koʻrsatilayotgan turistik, mehmonxona, transport va boshqa xizmatlar turlarini kengaytirish va sifatini oshirish hamda shu orqali aholi bandligini taʼminlash, daromadlarini koʻpaytirish, turmush sharoitini yana-da yaxshilash maqsadida:

1. Boʻstonliq tumanining turistik yoʻnalishdagi raqobatdosh ustunliklaridan samarali foydalanish, hududning ixtisoslashuvini aniq belgilash, turistik, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiya muhitini tubdan yaxshilash orqali aholi bandligini taʼminlash uchun 2022-yil 31-dekabrga qadar Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida alohida maʼmuriy-boshqaruv tizimi joriy qilinsin.

2. Belgilansinki, alohida maʼmuriy-boshqaruv tizimi doirasida:

a) Bosh vazir oʻrinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi bir vaqtning oʻzida “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasi (keyingi oʻrinlarda – Direksiya) direktori lavozimini egallaydi, shuningdek, Boʻstonliq tumani (keyingi oʻrinlarda –tuman) hokimligi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi. Bunda, Bosh vazir oʻrinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi:

tuman hokimi va uning oʻrinbosarlari, shuningdek, davlat boshqaruvi organlarining tuman boʻlinmalari rahbarlarini lavozimiga tayinlash va lavozimidan ozod etish boʻyicha taklif kiritadi;

tuman hokimligi boshqaruv apparati va davlat boshqaruvi organlari tuman boʻlinmalarining tuzilmalariga oʻzgartirish kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qaror va topshiriqlarini tumanda masʼul tashkilotlar tomonidan oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini nazorat qiladi, shuningdek, kamchiliklarga yoʻl qoʻygan masʼul tashkilotlar rahbarlariga nisbatan lavozimidan ozod etishgacha boʻlgan choralar koʻrish boʻyicha taklif kiritadi;

b) Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxat asosida tumanda joylashgan aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bogʻliq davlat mulki obyekti boʻlgan dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa obyektlar, shuningdek, turistik infratuzilmani yaratish imkoniyati boʻlgan yer uchastkalari Direksiyaga keyinchalik samarali foydalanish va (yoki) realizatsiya qilish uchun oʻtkaziladi;

v) “Chorvoq” erkin turistik zonasi (keyingi oʻrinlarda – erkin turistik zona) hududida joylashgan hamda ushbu bandning “b” kichik bandiga asosan Direksiyaga oʻtkazilgan davlat mulki obyektlari va yer uchastkalarini realizatsiya qilish Direksiyaning qaroriga asosan elektron onlayn-auksion orqali amalga oshiriladi;

g) erkin turistik zona hududida joylashgan yer uchastkalari yer fondini bir toifadan boshqasiga oʻzgartirish, uni turistik infratuzilmani rivojlantirish uchun ajratish erkin turistik zona Maʼmuriy kengashining qaroriga asosan amalga oshiriladi. Bunda, yer uchastkalari egalariga Toshkent viloyatining boshqa hududlaridan faoliyat turiga mos yer uchastkasi va yetkazilgan zararni qoplash nazarda tutiladi;

d) tumanda joylashgan qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini yuritish uchun elektron onlayn auksion orqali sotuvga qoʻyish Direksiya qaroriga muvofiq amalga oshiriladi;

ye) erkin turistik zona hududida investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun yer uchastkasini sotib olgan investorlarga yer uchastkasiga boʻlgan egalik huquqlari istisno tariqasida Toshkent viloyati hokimining alohida qarori qabul qilinmasdan rasmiylashtiriladi;

j) tumanda (erkin turistik zona hududida joylashgan yer uchastkalari bundan mustasno), shu jumladan, oʻrmon fondi yerlarida yer uchastkalarini ajratish, koʻchmas mulkni buzish, muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmani qurish bilan bogʻliq qarorlar Direksiya bilan majburiy tarzda kelishiladi;

z) tuman hokimi toʻgʻridan-toʻgʻri Vazirlar Mahkamasiga boʻysunadi, tuman prokuraturasi, ichki ishlar va soliq boʻlinmalarining rahbarlari esa maqomi, shu jumladan, mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha tegishlicha ushbu davlat organlarining respublika darajasidagi rahbarlari oʻrinbosarlariga tenglashtiriladi;

i) barcha davlat boshqaruvi organlarining respublika darajasidagi rahbar (oʻrinbosar)laridan biri bir vaqtning oʻzida ularning tumandagi tegishlicha hududiy boʻlinmalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish uchun biriktiriladi;

k) Direksiya direktoriga quyidagi vakolatlar beriladi:

xorijiy investorlar, xalqaro moliya institutlari bilan investitsiya, kredit, moliyaviy yordam va grantlar jalb etish boʻyicha kelishuvlar (memorandum, shartnomalar) tuzish;

tumanda joylashgan yer uchastkalari va davlat mulki obyektlarini realizatsiya qilish boʻyicha qarorlar qabul qilish;

hududda joylashgan davlat mulki obyektlarini garovga qoʻyish orqali kreditlar olish va jalb qilish;

oʻziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida nufuzli konsalting kompaniyalari, hududda barpo etilayotgan yirik obyektlarni loyihalash va qurilish ishlariga nufuzli xorijiy loyiha va pudrat kompaniyalar hamda malakali ekspertlarni jalb qilish;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish maqsadida erkin turistik zona hududida yashil zonalarni tashkil qilish, ayrim hududlarda esa tabiatga zarar keltiradigan xoʻjalik faoliyatini, shu jumladan, chorvachilik, dehqonchilik, yangi sanoat va xizmat koʻrsatish obyektlarini barpo etish taqiqlangan zonalarni belgilash;

aholiga va tadbirkorlik subyektlariga koʻrsatiladigan ayrim davlat xizmatlarini autsorsing tizimi asosida tashkil etish;

aholining dam olish va salomatligini tiklash bilan bogʻliq davlat mulki obyektlari boʻlgan dam olish uylari, pansionatlar, sanatoriylar va boshqa obyektlarni ishonchli boshqaruv shartnomasi asosida boshqaruv kompaniyalariga berish.

3. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Togʻli va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda – Jamgʻarma) tashkil etilsin.

Belgilab qoʻyilsinki:

a) Jamgʻarma mablagʻlari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

tumanning turistik infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan birinchi bosqichda ajratiladigan 20 million AQSH dollari miqdoridagi kredit. Bunda, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan ikkinchi bosqichda kredit ajratilishi mazkur Farmon bilan belgilangan vazifalar toʻliq bajarilgan va aniq natijalarga erishilgandan soʻng amalga oshiriladi;

tuman hududida joylashgan davlat mulki obyektlari hamda yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablagʻlar (savdoga chiqarish va sotish bilan bogʻliq xarajatlardan tashqari);

Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar;

xalqaro moliya institutlari va xorijiy moliya tashkilotlari mablagʻlari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar;

b) Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi krediti Direksiyaga 20 yil muddatga, shu jumladan, 5 yillik imtiyozli davrni hisobga olgan holda, yillik foiz stavkasi 6 oylik LIBOR+3 foizda ajratiladi;

v) Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining jalb qilinadigan krediti va xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash Jamgʻarma tushumlari, tumanning mahalliy byudjeti qoʻshimcha manbalari, yetmagan qismini respublika byudjeti hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

4. Belgilansinki:

a) Jamgʻarma mablagʻlaridan quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan, yoʻl, ichimlik va oqova suv tizimi, elektr tarmogʻi infratuzilmalarini yaxshilash, axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish;

energiyaning muqobil va qayta tiklanadigan manbalarini qoʻllagan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni sinov tariqasida joriy qilish asosida oʻziga xos ekologik tizimni yaratish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish;

koʻkalamzorlashtirish, yashil hududlar va parklarni yaratish, chiqindilarni qayta ishlash, obodonlashtirish, atrof muhitni va tabiiy resurslarni muhofaza qilish bilan bogʻliq zamonaviy yechimlarni joriy etish;

loyihalashtirish va konsalting kompaniyalari, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda boshqaruvchi kompaniyalar xizmatlari uchun haq toʻlash;

togʻli va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish uchun jalb qilingan kreditlarni qaytarish, ularning foiz stavkalarini qoplash;

Direksiya faoliyatini moliyalashtirish, shu jumladan, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, joylashtirish, asosiy vositalar, anjomlar, transportlar bilan taʼminlash;

erkin turistik zonaning Maʼmuriy kengashi tomonidan belgilanadigan xarajatlarni qoplash;

Direksiyaga yuklatilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplash;

b) Bosh vazir oʻrinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Jamgʻarma mablagʻlarini taqsimlovchisi hisoblanadi;

v) Jamgʻarma mablagʻlarining daromadlar va xarajatlar smetasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlanadi;

g) Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlari tijorat banklari depozitlariga joylashtiriladi.

5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq, istisno tariqasida, 2020-yil 1-sentyabrdan boshlab:

tumanda litsenziya va ruxsatnoma berishdan, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq va maʼmuriy huquqbuzarliklar uchun jarimadan respublika va viloyat mahalliy byudjetiga tushadigan mablagʻlar va bojlar toʻliqligicha tuman mahalliy byudjetiga;

tuman hududida joylashgan davlat mulki obyektlarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablagʻlar (baholash va xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish xarajatlaridan tashqari), shuningdek, yer uchastkalarini realizatsiya qilishdan tushadigan mablagʻlar toʻliq Jamgʻarmaga yoʻnaltiriladi.

6. Belgilansinki, tumanning oʻziga xos turistik qiyofasini yaratish va aholi turar joylarini zamonaviy infratuzilma asosida qayta barpo etish maqsadida mazkur hududda joylashgan aholi turar joylarini rekonstruksiya qilish (bino tashqi fasadi va tomlarini oʻzgartirish, qayta qurish, turizm xizmatlarini rivojlantirish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunlar, mebel va inventarlar bilan jihozlash) uchun kreditlar, shu jumladan, Oʻzbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablagʻlari hisobidan ajratiladi.

7. Alohida maʼmuriy-boshqaruv tizimi davrida tuman hokimligi faoliyatining samaradorligi quyidagi asosiy koʻrsatkichlarni oʻz ichiga oladi:

aholi bandligi va daromadlarini oshirish;

ilgʻor xorijiy tajribaga asoslangan zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish;

ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, koʻrsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish, shu jumladan, taʼmirtalab taʼlim, tibbiyot tashkilotlarini zarur anjomlar, buyumlar, aloqa va kommunikatsiya vositalari bilan taʼminlash;

tuman iqtisodiyotiga investitsiyalarni, xususan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ulushi hamda mahsulotlar (xizmatlar) eksportini oshirish;

tadbirkorlikni rivojlantirish orqali mahalliy byudjetning daromadini koʻpaytirish, “xufiyona iqtisodiyot” ulushini kamaytirish;

yoʻl-transport, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, jumladan, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda axborot-telekommunikatsiya xizmatlari sifatini oshirish;

ekologiya va atrof-muhitni yaxshilash, shu jumladan, chiqindilarni zamonaviy utilizatsiya qilish tizimini yoʻlga qoʻyish.

Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov) bir oy muddatda tuman hokimligi faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichlarini (KPI) tasdiqlasin.

8. Tuman hokimligiga quyidagi qoʻshimcha asosiy ustuvor vazifalar yuklansin:

koʻrsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligi va sifatini oshirish;

xususiy sektorda turizmni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, milliy turizm mahsulotini dunyo bozorida keng targʻib qilish;

zamonaviy turistik infratuzilma obyektlari (mehmonxona majmualari, madaniy-sogʻlomlashtirish, savdo-koʻngilochar, restoran va kafelar hamda turistik ahamiyatdagi boshqa obyektlar)da turistlarga xizmat koʻrsatish uchun zarur sharoitlarni taʼminlagan holda maxsus funksional va mavsumiy rekreatsion dam olish zonalarini yaratish;

tumanning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy va mahalliy investorlarni jalb etish va loyihalarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish, shu jumladan, turizmni rivojlantirish uchun moʻljallangan yer uchastkalarini zonalar va lotlarga ajratish ishlarini tashkil etish;

tumanning turistik salohiyatini rivojlantirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini faol joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish;

turistik infratuzilmani rivojlantirish hamda maqbul va qulay turizm muhitini yaratish;

transport logistikasini rivojlantirish, ichki va tashqi yoʻnalishlarni kengaytirish, transport xizmatlari sifatini oshirishni taʼminlash;

turizm bozorining turli segmentlariga yoʻnaltirilgan turizm mahsuloti va xizmatlarini tumanda diversifikatsiya qilinishini taʼminlash;

respublika ichida turizm xizmatlariga boʻlgan ehtiyojni qanoatlantirishga yoʻnaltirilgan turizm faoliyati subyektlarining faolligini ragʻbatlantirishni taʼminlovchi tumanning ichki turizmini rivojlantirishni muvofiqlashtirish;

tashrif buyurgan turistlarning xavfsizligi va salomatligini taʼminlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

energiyaning muqobil va qayta tiklanadigan manbalarini qoʻllagan holda yangi zamonaviy energiya tejovchi tizimlar va texnologiyalarni sinov tariqasida joriy qilish asosida oʻziga xos ekologik tizimni yaratish;

tumanda istiqomat qiluvchi aholini turizm sohasidagi tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish, ularning malakasini oshirish va qayta tayyorlash choralarini koʻrish;

tumanda ishlab chiqilgan turizm mahsulotlarining xalqaro va ichki turizm bozorlarida targʻib qilinishini taʼminlash, tumanning sayohat va dam olish uchun xavfsiz hudud sifatidagi imijini mustahkamlash;

xalqaro reytinglarga asosan turizmni rivojlantirishga yetakchi xorijiy mamlakatlar, jumladan, Turkiya, Fransiya, Ispaniya, Shveysariya, Yaponiya va Koreya Respublikasi kabi mamlakatlardan mutaxassislarni jalb qilish;

jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish, xorijiy investitsiyalar va grantlarni jalb etgan holda jismoniy tarbiya-sogʻlomlashtirish sport bazalarini hamda nufuzli xalqaro sport musobaqalari oʻtkazishga moʻljallangan yozgi va qishki sport obyektlari va inshootlarini barpo etish choralarini koʻrish;

tumandagi sport bazalari hamda sport obyektlari va inshootlaridan samarali foydalanilishini taʼminlash, sport turlari boʻyicha mahalliy va xalqaro oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini, shuningdek, nufuzli xalqaro sport musobaqalarini tashkil etish orqali sport turizmini rivojlantirish;

ommaviy va professional sportni, shu jumladan, yozgi va qishki sport turlarini rivojlantirishni ragʻbatlantirish va qoʻllab-quvvatlash, ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda sport tayyorgarligi jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish;

turistik va ijtimoiy infratuzilma hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish, shuningdek, ushbu yoʻnalishga xalqaro moliya institutlari grantlari va mablagʻlarini jalb etish hamda davlat-xususiy sheriklikni joriy etish.

9. Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov):

a) bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

investitsiyalarni, ayniqsa toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb etish, tumanning eksport salohiyatini oshirish, aholi bandligini taʼminlash hamda sanoat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va xizmat koʻrsatish sohalarini rivojlantirish;

tumanda yangi turistik va ijtimoiy infratuzilma obyektlari, shu jumladan, mehmonxona, umumiy ovqatlanish, madaniy koʻngilochar maskanlari, dam olish va sayil qilish uchun yashil zonalar, parklar sonini keskin koʻpaytirish, sohada yangi xizmatlar turlarini kengaytirish, transport va logistikani rivojlantirish;

yoʻl-transport, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish, jumladan, ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish;

tumanning barcha hududlarida, shu jumladan, togʻli va olis qishloqlarida axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarini qurish, axborot, aloqa, internet xizmatlari sifatini oshirish;

ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish orqali aholi turmush tarzini yaxshilash;

b) ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish yakunlari boʻyicha mazkur Farmonda belgilab berilgan vazifalarni toʻliq amalga oshirish uchun 2020-yil 1-dekabrga qadar tumanda mutlaqo yangi oʻzini oʻzi boshqarish tizimini joriy etish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritsin.

10. Quyidagilar:

tuman hokimligi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni 32 nafardan iborat boshqaruv apparatining yangilangan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

tumandagi davlat organlari va tashkilotlarining boʻlinmalari boshqaruv xodimlarining soni 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Tuman hokimiga tuman hokimligi boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni doirasida Direksiya direktori taklifiga asosan boshqaruv apparati tuzilmasiga oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin.

11. Belgilansinki, Direksiyaning boshqaruv tuzilmasi, uning xodimlari cheklangan soni, ularning mehnatiga haq toʻlash miqdorlari va tartibi erkin turistik zonaning Maʼmuriy kengashi tomonidan belgilanadi.

12. Tumanda amalga oshiriladigan islohotlarni muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining Sport va turizmni rivojlantirish masalalari kotibiyati tarkibida 3 ta shtat birligidan iborat Togʻli va olis hududlarda turistik infratuzilmani rivojlantirish shoʻbasi tashkil qilinsin.

Shoʻba shtat birliklari Toshkent viloyati Turizmni rivojlantirish departamentining 3 ta shtat birligini qisqartirish hisobiga shakllantirilishi belgilansin.

13. Toshkent viloyati tabiatini muhofaza qilish, yer va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, hududning ekologik holatini yana-da yaxshilash hamda ekoturizmni rivojlantirishga oid qonun hujjatlari ijrosi ustidan samarali nazoratni tashkil etish hamda yer maydonlarining oʻzboshimchalik bilan egallab olinishi hamda noqonuniy obyektlar qurilishining oldini olish maqsadida:

davlat organlarining shtat birliklarini maqbullashtirish hisobiga 10 ta shtat birligini ajratish orqali Bosh prokuratura tizimida Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat hamda yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish boʻyicha ixtisoslashtirilgan prokuratura tashkil etilsin;

Tabiatni muhofaza qilishga oid qonunchilik ijrosi ustidan nazorat hamda yerlardan noqonuniy foydalanishni bartaraf etish boʻyicha ixtisoslashtirilgan prokuratura tuman hududida joylashtirilsin.

14. Belgilansinki, mazkur Farmonning 2-ilovasiga muvofiq davlat boshqaruvi organlarining tuman boʻlinmalariga qoʻshimcha ajratilayotgan boshqaruv xodimlari, shuningdek, yangi tashkil qilinayotgan davlat organlari va tashkilotlari boshqaruvi xodimlari soni tegishlicha Toshkent viloyati boʻyicha hokimiyat, qurilish, adliya, yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari hududiy boʻlinmalarining tegishli shtat birligini maqbullashtirish hisobidan toʻldiriladi.

15. Adliya vazirligi tuman hokimligi bilan birgalikda uch oy muddatda konsultantlarni jalb qilgan holda davlat boshqaruvi organlari vakolatlarining funksional tahlili asosida maʼmuriy-boshqaruv jarayonlarni qayta koʻrib chiqish va davlat xizmatlarini koʻrsatish ishlarining samaradorligini oshirishni nazarda tutuvchi tumandagi boshqaruv tiziminitubdan takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

16. Tuman hududida atrof-muhitni ifloslantiradigan zararli sanoat korxonalarini barpo etish qatʼiyan man etilsin.

17. Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi:

ikki oy muddatda tuman hududidagi jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli koʻchmas mulk obyektlari va yer uchastkalarini toʻliq xatlovdan oʻtkazsin hamda ularning elektron maʼlumotlar bazasini yangilash choralarini koʻrsin;

bir oy muddatda Qurilish vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda yer maydonlarini oʻzboshimchalik bilan egallab olganlik hamda noqonuniy obyektlar qurganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

Quyidagilarga:

a) Direksiya soʻrovlariga asosan erkin turistik zona hududida investitsiya loyihalarini dastlabki joylashuvini va rejalashtirish ishlarini amalga oshirish uchun oʻz elektron geofondlaridan:

Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi – davlat oʻrmon kadastri toifasiga kiruvchi obyektlar boʻyicha;

“OʻzGASHKLITI” DUK – davlat shaharsozlik kadastri toifasiga kiruvchi obyektlarning muhandislik-geologik qidiruvlar ishlari va topografik xaritalar boʻyicha maʼlumotlarni elektron tarzda (bepul) yoki nusxa koʻchirish orqali (toʻlov sifatida faqat nusxa koʻchirish xarajatlari olinadi) Direksiyaga ochiq maʼlumotlar shaklida taqdim etishiga;

b) Direksiyaga erkin turistik zonaning infratuzilmasini rivojlantirish uchun, shuningdek, tumanning turistik salohiyati toʻgʻrisida foto va videomateriallarni tayyorlash maqsadida uchuvchisiz uchish apparatlarini (dronlarni) sotib olish va ulardan foydalanishga ruxsat berilsin.

18. Qurilish vazirligi hamda “ToshkentboshplanLITI” DUK 2021-yil 1-fevralga qadar mahalliy va xorijiy loyiha institutlarini, shuningdek, maslahatchilarni jalb qilgan holda tuman hududining batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda tasdiqlasin.

Moliya vazirligi oʻn kun muddatda erkin turistik zona hududining batafsil rejalashtirish loyihasini ishlab chiqish uchun Jamgʻarmaga 10 milliard soʻmgacha boʻlgan mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.

19. Davlat organlari va tashkilotlari ikki oy muddatda byudjetdan tashqari jamgʻarmalari hisobidan tuman boʻlinmalari bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, zaruratga koʻra, yangi bino qurish hamda ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash choralarini koʻrsin.

20. Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov):

a) oʻn kun muddatda:

“Togʻli joylarda turistik infratuzilmani rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”;

“Amirsoy” togʻ-changʻi kurorti majmuasini qurishning 2-bosqichini amalga oshirish toʻgʻrisida”;

“Boʻstonliq tumanidagi boʻsh turgan, foydalanilmayotgan hamda samarasiz foydalanilayotgan obyektlar va yer uchastkalaridan samarali foydalanish, ular negizida turizm va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarorlarini qabul qilsin;

b) ikki oy muddatda erkin turistik zonada yangi istiqbolli investitsiya loyihalari amalga oshirilishini hisobga olgan holda uning chegaralarini kengaytirish yuzasidan belgilangan tartibda tegishli qaror qabul qilsin;

v) joriy yil yakuniga qadar “Oksok ota” va “Nurek ota” daryolari atroflari boʻylab turistik obyektlarni barpo etish maqsadida muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, shu jumladan, yoʻl, ichimlik va oqova suv tizimi, elektr va aloqa tarmogʻi infratuzilmasini tashkil etish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin.

21. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmonning mazmun-mohiyatini keng yoritish choralarini koʻrsin.

22. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 5-dekabrdagi “Chorvoq” erkin turistik zonasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi PF–5273-son Farmoniga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

23. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirlikva idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

24. Bosh vazir oʻrinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi A.A.Abduhakimov 2020-yil 20-dekabrga qadar ushbu Farmon ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritsin.

25. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.


Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                        Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 27-avgust


27 460
O'zA