O‘zA O`zbek

29.08.2020 Chop etish versiyasi

Baliqchilik tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Baliqchilik tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Respublikada baliqchilik tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash, baliqchilik va baliq ovlash xoʻjaliklari faoliyati samaradorligini oshirish, ushbu sohada yer va suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish hamda intensiv texnologiyalarning keng joriy etilishini taʼminlash maqsadida:

1. Belgilansinki:

2020-yildan boshlab sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtiradigan baliqchilik xoʻjaliklariga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq suv obyektidan olingan va qaytarib chiqarilgan suv hajmi oʻrtasidagi farqidan kelib chiqib, qishloq xoʻjaligi yerlarini sugʻorish uchun belgilangan stavkalarda hisoblanadi;

kollektor-drenaj suvlaridan olib foydalanilgan suv resurslari soliq solish obyekti hisoblanmaydi;

baliqchilik xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalariga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblash uchun foydalanilgan suvning hajmi haqiqatda isteʼmol qilingan hajmdan kelib chiqqan holda Suv xoʻjaligi vazirligi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar tomonidan aniqlanadi;

baliqchilik xoʻjaliklari va qishloq xoʻjaligi korxonalari tomonidan foydalanilgan suvning haqiqatda isteʼmol qilingan hajmini aniqlash imkoni boʻlmaganda, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bazasi belgilangan suvni isteʼmol qilish normativlarining 50 foizi miqdorida belgilanadi;

Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan har yili suv limitlari belgilanayotganda baliqchilik xoʻjaliklari foydalanishi mumkin boʻlgan kollektor-drenaj tarmoqlarining roʻyxati shakllantiriladi hamda Suv xoʻjaligi vazirligining veb-saytida joylashtirib boriladi;

baliqchilik xoʻjaliklari foydalanishi mumkin boʻlgan kollektor-drenaj tarmoqlaridagi suvlardan kollektor-drenaj tarmoqlarining loyihaviy parametrlariga rioya qilgan holda foydalanadi.

2. Suv xoʻjaligi vazirligi:

foydalanish mumkin boʻlgan kollektor-drenaj tarmoqlari, undagi suvlarning shoʻrlanish darajasi va sifati doimiy nazorat qilinishi hamda bu toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzining rasmiy veb-saytida koʻrsatib borilishini;

sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtiradigan baliqchilik xoʻjaliklari uchun suv olish limitlari manbalarning taxmin qilingan va haqiqiy suvliligi, shuningdek, baliqchilik xoʻjaliklarining suv isteʼmoli rejalarini hisobga olgan holda belgilanishini;

sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtiradigan baliqchilik xoʻjaliklari, suv yetkazib beruvchi tegishli tashkilotlar va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda har yili 15-yanvardan kechikmagan muddatda belgilangan tartibda uch tomonlama shartnoma tuzilishini taʼminlasin.

3. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Oʻ.I. Barnoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi
va viloyatlar hokimlari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Suv xoʻjaligi vazirligi hamda “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda kollektor-drenaj tarmoqlari atrofida sanitariya-muhofaza zonalariga rioya etgan holda 2021-yilga moʻljallangan baliqchilik loyihalarini shakllantirsin va ularning amalga oshirilishini taʼminlasin.

4. Suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari oʻz hududida joylashgan qishloq xoʻjaligi korxonalarining suv isteʼmoli rejalarini ishlab chiqishda sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtiradigan baliqchilik xoʻjaliklarining suvga boʻlgan talabini manbalar kesimida (daryo, kanal, kollektor-drenaj tarmoqlari, soy, buloq va boshqalar) hisobga olinishini taʼminlasin.

5. Suv xoʻjaligi vazirligi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda:

uch oy muddatda sunʼiy suv havzalarida baliq yetishtirish uchun talab etiladigan suv hajmi meʼyorlarini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2021-2022-yillarda suv tanqisligi sharoitida daryo va kanallardan suv oladigan baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan sunʼiy suv havzalarida bosqichma-bosqich yangi resurs tejamkor intensiv texnologiyalardan va ikkilamchi suv manbalaridan keng foydalanish amaliyotini joriy etsin.

6. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi ikki oy muddatda Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining Toshkent viloyatida tabiiy va sunʼiy suv havzalarining gidrobiologik va gidrokimyoviy tarkibini, omuxta yem sifatini tahlil qilish hamda baliq kasalliklariga tashxis qoʻyish laboratoriyasini tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar dasturini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

Bunda:

kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ularda zamonaviy laboratoriya uskunalaridan foydalanish boʻyicha bilim va koʻnikmalarni shakllantirish uchun xorijiy stajirovkalarni tashkil etish;

laboratoriyalarni butlash uchun uskunalar, butlovchi qismlar, reagent va reaktivlarning roʻyxatga muvofiq xaridlarini amalga oshirish;

baliqchilik sohasida oʻtkazilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini xatlovdan oʻtkazish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish;

laboratoriyalarni tashkil etish, saqlash va xodimlarga ish haqini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish boʻyicha zarur chora-tadbirlar nazarda tutilsin.

7. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi tabiiy suv zaxiralari ixtiofaunasi va suv bioresurslarining yagona maʼlumotlar bankini (keyingi oʻrinlarda – maʼlumotlar banki) tashkil etsin.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasining maʼlumotlar bankidan foydalanish boʻyicha ehtiyojlariga muvofiq moliyalashtiriladigan ilmiy loyihalar tanlovining oʻtkazilishini taʼminlasin.

8. Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Baliqchilik ilmiy-tadqiqot institutining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, innovatsion axborot-resurs xonalari, baliqchilikda seleksiya va naslchilik, baliqlarning tabiiy va sunʼiy ozuqa sifatini tahlil qilishga ixtisoslashgan laboratoriyalarni barpo etish loyihalarini Oʻzbekiston Respublikasining 2021-2023-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini taʼminlasin.

9. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi va “Ipoteka bank” ATIBning quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflariga rozilik berilsin:

yirik baliqchilik klasterlarida baliqlarni inkubatsiya qilish, yopiq suv aylanma tizimida, qafaslar, beton basseynlar va tuproq havzalarida intensiv usulda baliq chavoqlari va tovar baliq yetishtirish boʻyicha baliqchilik xoʻjaliklari rahbarlari va mutaxassislarini oʻqitish maqsadida pullik asosda oʻquv kurslari tashkil etish;

baliqchilikka oʻqitish boʻyicha tayanch auditoriyalar, koʻrgazmali baliqxonalar tashkil etish, shartnoma asosida ushbu yoʻnalishdagi klasterlar, fermer xoʻjaliklari xodimlari, shuningdek, intensiv usulda baliq yetishtirayotgan aholini oʻqitishni yoʻlga qoʻyish.

Belgilansinki, aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish loyihalarini amalga oshirish uchun dasturlar doirasida ajratiladigan kreditlar ustuvor ravishda baliqchilikka oʻqitish boʻyicha kurslarning tegishli sertifikatiga ega boʻlgan fuqarolarga ajratiladi.

10. “Ipoteka-bank” ATIBning “Ipoteka Sarmoyasi” MCHJ ustav fondidagi ulushi “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasiga oʻtkazilganligi hamda ushbu jamiyat tomonidan quyidagi vazifalar amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

baliqchilik sohasida loyihaviy moliyalashtirishni amalga oshirish, shuningdek, yangi loyihalarni ishlab chiqish, mavjud loyihalar (xoʻjaliklar)ning samaradorligini oshirish, ularni moliyalashtirish, lizing xizmatlarini koʻrsatish, zarur hollarda, loyiha-smeta hujjatlarini, texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishda xorijiy ekspertlarni jalb qilish;

intensiv va yarim intensiv usulda baliq yetishtirish, baliq mahsulotlarini qayta ishlash, tayyor va yarim tayyor baliq mahsulotlarini va jahon andozalari asosida oqsilga boy ozuqa ishlab chiqarish boʻyicha yangi loyihalarni ishga tushirish;

baliq chavoqlarini yetishtirish va koʻpaytirish boʻyicha zamonaviy naslchilik korxonalarini tashkil etish.

11. Toshkent viloyati hokimligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Toshkent viloyati Chinoz tumanidagi “Chinoz dehqon bozori” MCHJning “Yangi Chinoz baliq bozori” filiali bino-inshootlarini tegishli hududi bilan birga (keyingi oʻrinlarda – obyekt), keyinchalik uning negizida baliq va baliq mahsulotlari savdosini tashkillashtirishga moʻljallangan zamonaviy savdo kompleksini tashkil etish uchun “Chinoz dehqon bozori” MCHJning ustav kapitalidagi davlat ulushini (unga mos keladigan sof aktivlari qiymatini obyektning balans (qoldiq) qiymati miqdorida) kamaytirish hisobiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi:

yigirma kun muddatda Toshkent viloyati hokimligi bilan birgalikda obyektning topshirish-qabul qilinishini;

bir oy muddatda obyekt negizida sanitariya-epidemiologiya talablariga javob beradigan baliq va baliq mahsulotlari savdosini tashkil etish, tayyor va yarim tayyor mahsulotlarni saqlash uchun muzlatkich uskunalarini qurish boʻyicha minimal investitsiya majburiyatlarini, shu jumladan, yaratiladigan ish oʻrinlari soni yuzasidan takliflar ishlab chiqilishini va tasdiqlash uchun hududiy tanlov komissiyasiga kiritilishini;

ikki oy muddatda obyektning investitsiya va ijtimoiy majburiyatlari bilan ommaviy savdolarga bozor qiymati boʻyicha sotishga joylashtirilishini taʼminlasin. Bunda, obyekt ommaviy savdolarda qoʻyilgan kundan boshlab uch oy mobaynida sotilmagan taqdirda toʻlovlarni 5 yilgacha muddatga teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati bilan bozor qiymati boʻyicha sotilishi nazarda tutilsin.

12. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi baliqchilikka ixtisoslashgan tumanlarda 10 tadan aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish loyihalarini amalga oshirish choralarini koʻrsin.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda bir oy muddatda xorijiy tajriba va resurs tejovchi innovatsion texnologiyalar joriy etilishini nazarda tutgan holda aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish uchun qoʻllanma (baliq turi, sifati, yetishtirish sxemasi, resurs tejovchi texnologiyalar) ishlab chiqsin.

13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari, hududiy “Chorvanasl” markazlari va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi:

bir oy muddatda sektor rahbarlari bilan birgalikda hududlardagi aholi oʻrtasida intensiv usulda baliq yetishtirishning afzalliklari hamda samaradorliklari xususida targʻibot va tashviqot ishlarini hamda oʻquv seminarlarini tashkil qilish yuzasidan “Ish reja” ishlab chiqsin;

aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish istagini bildirgan talabgorlar roʻyxatini shakllantirib, ularga tijorat banklari orqali kredit mablagʻlari olishda amaliy yordam koʻrsatsin;

baliq yetishtirishni taʼminlash borasida zarur tadbirlarni oʻz muddatida amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlarni belgilasin.

Suv xoʻjaligi vazirligi va Energetika vazirligi aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtiruvchi tashabbuskorlarga suv va elektr energiyasining uzluksiz yetib borishini taʼminlasin.

14. Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish natijalari yuzasidan asoslantirilgan takliflarni 2021-yil 1-sentyabrga qadar Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritilsin.

16. Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida:

a) suv xoʻjaligi vaziri Sh.Xamroyev:

baliqchilik xoʻjaliklari bilan suvdan foydalanish boʻyicha shartnoma tuzilishi va ularga belgilangan suv miqdori kafolatli yetkazib berilishini, shuningdek, ular tomonidan haqiqatda isteʼmol qilingan suvning hajmlari aniqlanishini;

baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan foydalanish mumkin boʻlgan kollektor-drenaj tarmoqlari roʻyxatining har yili shakllantirilishini, shuningdek, ular haqidagi maʼlumotlar vazirlikning veb-saytida joylashtirib borilishini;

Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzbekbaliqsanoat” uyushmasi bilan birgalikda baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan sunʼiy suv havzalarida resurs tejamkor texnologiyalar va ikkilamchi suv manbalaridan keng foydalanish amaliyoti joriy etilishini taʼminlasin;

b) Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi B.Norqobilov – aholi xonadonlarida intensiv usulda baliq yetishtirish loyihalarini amalga oshirish hamda ularning koʻnikmalarini yana-da rivojlantirish maqsadida qoʻllanmalar ishlab chiqilishini taʼminlasin;

v) Toshkent viloyati hokimi R.Xolmatov va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.Bekenov – “Chinoz dehqon bozori” MCHJ negizida salohiyatli investorlarni jalb qilgan holda baliq mahsulotlari savdosini tashkillashtirishga moʻljallangan zamonaviy savdo kompleksini tashkil etsin;

g) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari – kollektor-drenaj suv tarmoqlari atrofida sanitariya-muhofaza zonalariga rioya etgan holda baliqchilik loyihalarini amalga oshirish choralarini koʻrsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Ushbu qaror natijadorligi toʻgʻrisida 2020-yil 1-dekabrga qadar va 2021-yilning har choragi yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 29-avgust


25 832
O'zA