O‘zA O`zbek

01.05.2020 Chop etish versiyasi

Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yana-da kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yana-da kengaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, ipoteka krediti bozorini yana-da rivojlantirish, xususiy pudrat tashkilotlarini uy-joylar qurilishiga keng jalb qilish hamda ularga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–5886-son Farmoniga (keyingi oʻrinlarda – Farmon) muvofiq:

bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi (keyingi oʻrinlarda – yangi tartib) joriy qilinganligi;

xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan oʻz mablagʻlari va tijorat banklarining kreditlari hisobiga qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat etilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. 2020-yil 1-maydan boshlab 2022-yil 1-yanvarga qadar jismoniy shaxslarga xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishga ruxsat berilsin.

3. Xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan qurib bitkazilgan kvartiralarni, shuningdek, tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni birlamchi uy-joy bozorida sotib olish uchun bir qarz oluvchiga ajratiladigan ipoteka kreditlarining eng koʻp miqdorlari:

qishloq joylarida 2 xonali kvartiralar uchun 174 million soʻmdan 240 million soʻmgacha, 3 va undan koʻp xonali kvartiralar uchun 224 million soʻmdan 320 million soʻmgacha;

shaharlarda 2 xonali kvartiralar uchun 180 million soʻmdan 240 million soʻmgacha, 3 va undan koʻp xonali kvartiralar uchun 232 million soʻmdan 320 million soʻmgacha;

Toshkent shahrida 2 xonali kvartiralar uchun 198 million soʻmdan 264 million soʻmgacha, 3 va undan koʻp xonali kvartiralar uchun 255 million soʻmdan 352 million soʻmgacha oshirilsin.

4. Yangi tartib doirasida aholiga ajratiladigan ipoteka kreditlari (shu jumladan, bugungi kunga qadar ajratilgan ipoteka kreditlari) muddati 15 yildan 20 yilgacha uzaytirilsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir hafta muddatda yangi tartib doirasida tijorat banklarida joylashtirgan kredit resurslari muddatini 15 yildan 20 yilgacha uzaytirsin.

Tijorat banklari bir oy muddatda yangi tartib doirasida jismoniy shaxslarga berilgan ipoteka kreditlari muddatini 15 yildan 20 yilgacha uzaytirsin hamda tuzilgan shartnomalarga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.

6. Belgilab qoʻyilsinki, mazkur qarorning:

2–4-bandlarida nazarda tutilgan tartib va shartlar 2022-yil 1-yanvarga qadar amal qiladi va yangi tartibga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining mablagʻlari hisobidan ajratiladigan ipoteka kreditlariga nisbatan tatbiq etiladi;

3-bandining uchinchi va toʻrtinchi xatboshlarida nazarda tutilgan kvartiralarni sotib olishga ajratilgan ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badalning bir qismini toʻlash bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash uchun subsidiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Qurilish vazirligi tomonidan belgilangan uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida toʻlanadi.

7. Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida tajriba tariqasida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining tijorat banklariga ajratgan kredit resurslari hisobidan mazkur qaror qabul qilingunga qadar jismoniy shaxslarga qonunda belgilangan tartibda uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va qayta qurish uchun kreditlar ajratishga ruxsat berilsin.

Bunda, kreditlar jismoniy shaxslarga:

qurilayotgan (qayta qurilayotgan) yakka tartibdagi uy-joy joylashgan joyi boʻyicha mazkur qarorning 3-bandida nazarda tutilgan kreditning eng koʻp miqdorlaridan oshmaydigan va dastlabki badali yakka tartibdagi uy-joyni qurish (qayta qurish) ishlari qiymatining 10 foizidan kam boʻlmagan miqdorida 20 yil muddatga ajratiladi;

belgilangan tartibda kelishilgan va tasdiqlangan loyiha asosida xususiy pudrat tashkilotlari tomonidan bajarilgan yakka tartibdagi uy-joyni qurish (qayta qurish) ishlari boʻyicha toʻlovlarni ularning depozit hisob raqamlariga naqd pulsiz shaklda amalga oshirish orqali beriladi.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Markaziy bank bilan birgalikda 2020-yil 1-dekabrga qadar Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida amalga oshiriladigan tajriba natijalaridan kelib chiqib, yakka tartibdagi uy-joylar qurilishini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga 2020-2021 yillar davomida uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarni manzilli qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahalliy byudjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan Farmon bilan tegishli hudud uchun belgilangan subsidiyalar sonini 1,3 baravarga va summasini 40 foizgacha oshirishga ruxsat berilsin.

10. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2020-yil 1-maydan 31-dekabrga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan xususiy pudrat tashkilotlariga yangi tartib doirasida shahar va qishloq joylarida 4 va undan yuqori qavatli hamda Toshkent shahrida 7 va undan yuqori qavatli koʻp kvartirali uy-joylar qurish uchun ajratilgan tijorat banklarining milliy valyutadagi kreditlari boʻyicha:

kredit summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard soʻmdan oshmagan miqdorda kafillik beriladi;

foiz stavkasi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki asosiy stavkasining 1,75 baravaridan oshmaydigan va summasi 20 milliard soʻmdan ortiq boʻlmagan kreditlar boʻyicha foiz stavkasining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya toʻlanadi.

Bunda, kafillik va kompensatsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi hamda Qurilish vazirligi tomonidan kvartira bir kvadrat metrining tegishli hududdagi oʻrtacha bozor qiymati hamda 2 xonali, 3 va undan koʻp xonali kvartiralar maydonining belgilangan meʼyorlarini inobatga olgan holda koʻp kvartirali uy-joylar qurilganda beriladi.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.N.Aripov) ikki hafta muddatda yangi tartib doirasida shaharlarda koʻp kvartirali uy-joylarni qurish uchun yer uchastkalarini “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasidagi elektron auksioniga chiqarish choralarini koʻrsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

         Prezidenti                  Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2020-yil 1-may


14 558
O'zA