O‘zA O`zbek

26.08.2020 Chop etish versiyasi

Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 
qarori

Koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasiga salbiy taʼsirini yumshatish, aholini ijtimoiy himoya qilish va koʻmakka muhtoj oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–6038-son Farmoniga muvofiq kam taʼminlangan va himoyaga muhtoj odamlarga keng koʻlamli ijtimoiy yordam koʻrsatildi.

Xalqimizning tarixiy va maʼnaviy qadriyatlarini namoyon etgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatini davom ettirish hamda moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning bolalarini qishki kiyim-bosh toʻplamlari, maktab formasi va oʻquv qurollari bilan taʼminlash maqsadida:

1. 2020-yilning sentyabr oyida aholining quyidagi qatlamlariga bir martalik moddiy yordam koʻrsatilsin:

moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning roʻyxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan oilalarning 16 yoshga toʻlmagan bolalariga;

boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi oilalarning 16 yoshga toʻlmagan bolalariga;

nogironligi boʻlgan 16 yoshga toʻlmagan bolalarga.

2. Mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan bir martalik moddiy yordam miqdori har bir 16 yoshga toʻlmagan bola uchun 500 ming soʻm etib belgilansin.

3. Maktabgacha taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligining respublikadagi barcha boshlangʻich, umumiy oʻrta taʼlim va sogʻliqni saqlash muassasalarining xodimlarini markazlashgan tartibda 2020-yil 1-oktyabrga qadar bepul grippga qarshi emlash haqidagi taklifi maʼqullansin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi har bir taʼlim va sogʻlikni saqlash muassasasiga borgan holda xodimlarni emlash oʻtkazishni va tegishli sogʻliqni saqlash muassasalarini vaksina va tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

4. Vazirlar Mahkamasi mazkur qarorda belgilangan bir martalik moddiy yordam va xodimlarni emlash uchun zarur mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 30-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF–6038-son Farmonida nazarda tutilgan hamda boshqa qoʻshimcha manbalar hisobidan ajratsin.

5. Mazkur qarorda nazarda tutilgan mablagʻlarning yordam va koʻmakka muhtoj oilalarga maqsadli va manzilli yetkazilishi yuzasidan:

Moliya vazirligi huzuridagi Pensiya jamgʻarmasi – boquvchisini yoʻqotgan oilalarning voyaga yetmagan farzandlari hamda nogironligi boʻlgan 16 yoshga toʻlmagan bolalarga moddiy yordam pullarining pensiyalarni (nafaqalarni) toʻlash uchun belgilangan muddatda manzilli yetkazilishini tashkil etish boʻyicha;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining hududiy boʻlinmalari rahbarlari – moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalarning roʻyxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan oilalarning 16 yoshga toʻlmagan farzandlari sonidan kelib chiqib, toʻlov vedomostlari shakllantirilishi hamda tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari orqali ularga moddiy yordam pullarining oʻz vaqtida va manzilli yetkazilishini tashkil etish va nazorat qilish boʻyicha;

Moliya vazirligi – zarur mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan mahalliy byudjetlariga oʻz vaqtida ajratilishi boʻyicha;

Markaziy bank tijorat banklari bilan birgalikda – moddiy yordam mablagʻlarini tarqatish uchun naqd pul bilan taʼminlash boʻyicha masʼul etib belgilansin.

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari J.A. Qoʻchqorov, B.A. Musayev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi 
           Prezidenti                                                               Sh.Mirziyoyev

18 432
OʻzА