Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Aholi va tibbiyot muassasalarining arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanganlik darajasini yanada oshirish, ularning narxini belgilash bo‘yicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish, mamlakatimizda arzon va sifatli preparatlar bo‘lishiga qaramasdan tashxis qo‘yish va davolash standartlarida ko‘zda tutilmagan hamda asosan qimmat import dori-darmon vositalarini tavsiya etish kabi nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida:
1. 2017-yilning 1-yanvaridan:
chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi;
1-ilovada qayd etilgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini belgilangan narxlarda sotish;
1-ilovaga muvofiq ro‘yxatda qayd etilgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini chetdan xarid qilish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan har bir nomdagi dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun belgilanadigan kvotalar doirasida mamlakatimizda tegishli faoliyat bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega bo‘lgan ulgurji va ulgurji-chakana kompaniyalar o‘rtasida tender o‘tkazish asosida amalga oshirilishi belgilansin.
2. Davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni tizimli asosda nazorat qilish uchun Respublika komissiyasi 2-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Quyidagilar Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
mamlakatimiz farmatsevtika bozorining, jumladan, respublikamizda ishlab chiqarilgan asosiy dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanganlik darajasini tizimli tahlil etish va shu asosda dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari turlarini diversifikatsiya qilish hamda ichki bozorimizni yanada boyitishga doir takliflar ishlab chiqish, aholini dori-darmonlar bilan ta’minlashga mas’ul davlat organlari faoliyatini takomillashtirish;
ro‘yxatga kiritilgan ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun qayd etilgan narxlarni belgilash hamda ularni dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sotadigan tashkilotlarga yetkazishni tashkil etish;
ro‘yxatga kiritilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari narxlariga rioya etilishini nazorat qilish tadbirlarining amalga oshirilishini monitoring qilish;
qayd etilgan narxlar belgilanadigan ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ro‘yxatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, tashxis qo‘yish va davolash standartlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan taqdirda qarorlar qabul qilish;
mamlakatimiz farmatsevtika sanoatiga yetakchi xorijiy kompaniyalar va investorlarni yanada keng jalb etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
vazirlik va idoralar, ulgurji savdo tashkilotlari rahbarlarining dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash masalasi, shuningdek, aholi va tibbiyot muassasalarining, jumladan, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga oid amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi hisobotlarini muntazam eshitish.
3. Tibbiyot muassasalari va aholini dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni nazorat qilish bo‘yicha Respublika komissiyasi to‘g‘risidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq;
dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari narxini tartibga solish to‘g‘risidagi Nizom 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi zimmasiga ro‘yxatga kiritilgan import dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilish uchun tender savdolari o‘tkazish vazifasi yuklansin.
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi:
dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining jahon narxlari kon’yunkturasini tahlil qilish asosida Respublika komissiyasiga har chorakda ro‘yxatda ko‘zda tutilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan cheklangan shartnoma qiymatini belgilashga doir takliflar kiritsin, qiymati ushbu ko‘rsatkichdan yuqori bo‘lgan tender takliflari ko‘rib chiqilmaydi;
Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda 2016-yil 1-dekabrgacha ro‘yxatga kiritilgan import dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilish uchun tender savdolari o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomni belgilangan tartibda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, davlat sog‘liqni saqlash tizimidagi barcha tibbiyot muassasalari ro‘yxatda ko‘zda tutilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini o‘rnatilgan tartibda Respublika komissiyasi tomonidan belgilangan ulgurji narxlardan oshmaydigan narxda sotib oladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi:
eng ilg‘or xalqaro amaliyotni hisobga olgan holda asosiy kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va klinik protokollar standartlarini qayta ko‘rib chiqish jadvalini ikki hafta muddatda tasdiqlasin, bunda uch oy muddatda tashxis qo‘yish, davolash va klinik protokollarning yangilangan standartlari tasdiqlanishini, shuningdek, zarur hollarda amaldagi tashxis qo‘yish, davolash hamda klinik protokollarni qayta ko‘rib chiqishni nazarda tutsin;
tasdiqlangan tashxis qo‘yish, davolash standartlari va klinik protokollarga muvofiq har yili Respublika komissiyasiga ro‘yxatni o‘zgartirish bo‘yicha, birinchi navbatda, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turlarining ko‘payishiga qarab ulardan foydalanishni ko‘zda tutadigan takliflar kiritsin;
tashxis qo‘yish, davolash va klinik protokollarning yangilangan standartlarini barcha tibbiyot muassasalariga, jumladan, foydalanish uchun ochiq bo‘lgan axborot tizimlari orqali o‘z vaqtida yetkazishni ta’minlasin hamda ularga rioya etilishini qat’iy nazorat qilsin;
bir oy muddatda eng muhim dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining barcha dorixonalar uchun majburiy yangilangan minimal ro‘yxati, shuningdek, shifokor retseptisiz beriladigan dori-darmon vositalari ro‘yxatini tasdiqlasin, unga zarurat tug‘ilganda belgilangan tartibda har yili o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritsin;
yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi qo‘pol buzilganligi uchun litsenziyani bekor qilish shartlari, shuningdek, minimal ro‘yxat bo‘yicha majburiy talablarni nazarda tutgan holda, bir oy muddatda Farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi litsenziya shartnomasiga qo‘shimchalar kiritsin;
shifokorlarning dori-darmon vositalarini tavsiya etish va dorixonalarda dori-darmon vositalarini berish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasini ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin va unda belgilangan tartib buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan qat’iy javobgarlik choralarini nazarda tutsin;
o‘z rasmiy veb-sayti, shuningdek, dorixonalar rasmiy veb-saytlarida ro‘yxatga kiritilgan barcha dori-darmon vositalari bo‘yicha belgilangan narxlar to‘g‘risida muntazam yangilanadigan axborot e’lon qilinishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘limlari zimmasiga dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar ularning narxini davlat tomonidan belgilangan tartibga rioya etishini tizimli asosda nazorat qilish vazifasi yuklansin.
8. “O‘zfarmsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 16-sentabrdagi “2016-2020-yillarda respublika farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi PQ-2595-sonli qaroriga muvofiq ro‘yxatda ko‘zda tutilgan import o‘rnini bosadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish bilan respublika ehtiyojini maksimal darajada qoplash bo‘yicha muhim choralarni ko‘rsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Markaziy bank, Iqtisodiyot vazirligi yillik, choraklik moddiy va qiymat balansini shakllantirishda Sog‘liqni saqlash vazirligi va “O‘zfarmsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan asoslangan tayyor dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini, shuningdek, ularni mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarish uchun xomashyoni chetdan olib kelishga bo‘lgan ehtiyojni hisobga olsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 14-yanvardagi “Dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari sotishni tartibga solish to‘g‘risida”gi 19- va 2000-yil 5-avgustdagi “Ichki bozorni dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 307-sonli qarorlari 2017-yilning 1-yanvaridan o‘z kuchini yo‘qotgan, deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga qonunchilikka mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov va Bosh vazir o‘rinbosari A.Ikromov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2016-yil 31-oktabr
* * *
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga
Sh A R H
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.
Mamlakatimiz rahbariyati farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, aholi va davolash muassasalarini sifatli, samarasi yuqori va xavfsiz dori-darmon vositalari bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
O‘zbekistonda tashkil etilgan farmatsevtika sanoati muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda va jadal rivojlanmoqda. Xususan, mamlakatimizdagi 132 farmatsevtika korxonasi tomonidan 2 ming turdan ortiq dori-darmon vositalari ishlab chiqarilmoqda.
Dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlaridan foydalanish bo‘yicha xalqaro normalar va rivojlangan davlatlar qonunchiligiga moslashtirilgan qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda.
Xalqaro sifat standartlarining joriy etilishi samarasida mamlakatimiz farmatsevtika korxonalarining eksport salohiyati oshdi. Shuni ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan ayrim dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari dunyoning 20 dan ortiq davlati, jumladan, MDH, Yevropa ittifoqi mamlakatlari va AQShga eksport qilinmoqda.
2016-2020-yillarda respublika farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturiga muvofiq yangi farmatsevtika korxonalarini tashkil etish va faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalarni modernizatsiya qilishga doir umumiy qiymati 223,9 million AQSh dollariga teng 67 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Bu aholi va tibbiyot muassasalarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan import o‘rnini bosadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarishni 2,5 barobar oshirish imkonini beradi.
O‘zbekistonda dorixona muassasalari tarmog‘i keng rivojlangan. Ayni paytda mamlakatimiz hududida 8472 xususiy dorixona va ularning filiallari, shuningdek, “Dori-darmon” aksiyadorlik kompaniyasi tizimiga kiruvchi 1437 dorixona faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 70 va 114 tasi olis qishloqlar aholisini dori-darmonlar bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan ijtimoiy va sayyor dorixonalardir.
Shu bilan birga, sohaning bugungi holati tahlil qilinishi natijasida zudlik bilan hal etishni talab qiladigan ayrim muammolar mavjudligi aniqlandi.
Avvalambor, ichki bozorni mamlakatimizda ishlab chiqarilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan to‘liq ta’minlash uchun respublika farmatsevtika sanoatini yanada samarali rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish zarur.
Mahalliy xomashyo, jumladan, dorivor o‘tlar asosida dori-darmon vositalari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobidan farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirishni kengaytirish va chuqurlashtirish, shuningdek, ularni tibbiyot amaliyotiga joriy qilish dolzarb masala hisoblanadi.
Farmatsevtika korxonalarining dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ishlab chiqarish uchun xorijiy xomashyo hamda materiallarga bog‘liqlik darajasi yuqoriligicha qolayotgani bu boradagi jiddiy muammodir. Mamlakatimiz korxonalarida ayrim farmakoterapevtik guruhlardagi dori-darmon vositalari, ya’ni onkologik, endokrinologik, maxsus preparatlar va psixotrop vositalar ishlab chiqarilmaydi.
Dorixona muassasalari tarmog‘ini yanada optimallashtirish masalasini hal etish zarur. Dori-darmon vositalari narxlarining asossiz oshirilayotgani, shuningdek, bir xil dori vositalarining narxlarida katta farq borligi kuzatilmoqda. Bu dorixonalarda dori-darmon vositalariga narx belgilash tizimini takomillashtirish va ular faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishga doir shoshilinch choralar ko‘rish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida 2017-yilning 1-yanvaridan chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, tibbiyotda keng qo‘llaniladigan 167 nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va 22 turdagi tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar belgilanmoqda. Bu narxlar davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni tizimli asosda nazorat qilish bo‘yicha tashkil etiladigan Respublika komissiyasi tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun jahon narxlari kon’yunkturasini tahlil qilish asosida o‘rnatilgan tartibda har chorakda belgilanadi.
Mazkur komissiya zimmasiga, shuningdek:
mamlakatimiz farmatsevtika bozorining, jumladan, respublikamizda ishlab chiqarilayotgan asosiy dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlanganlik darajasini tizimli ravishda tahlil etish va o‘tkazilgan tahlil asosida dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari turlarini diversifikatsiya qilish, mamlakatimiz bozorini yetarli darajada to‘ldirishga doir takliflar ishlab chiqish, aholini dori-darmonlar bilan ta’minlashga mas’ul davlat organlari faoliyatini takomillashtirish;
narxlarini belgilash bo‘yicha alohida tartib o‘rnatiladigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ro‘yxatiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, tashxis qo‘yish va davolash standartlariga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritilgan taqdirda qarorlar qabul qilish;
ro‘yxatga kiritilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari narxlariga rioya etilishini nazorat qilish tadbirlarining amalga oshirilishini monitoring qilish va boshqa muhim vazifalar yuklatilgan.
Yuqorida ko‘rsatilgan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadigan kvotalar bo‘yicha mamlakatimizda tegishli faoliyat bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega ulgurji va ulgurji-chakana kompaniyalar o‘rtasida tender o‘tkazish asosida chetdan xarid qilinadi. Bunday tenderlarni o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi zimmasiga yuklangan.
O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlar tomonidan narxlarni davlat tomonidan belgilangan tartibga rioya etilishini bevosita nazorat qiladi.
Mazkur qarorda dori-darmon vositalarini to‘g‘ri tavsiya etish, tashxis qo‘yish, davolash hamda klinik protokollar standartlarini barcha tibbiyot muassasalariga, jumladan, foydalanish uchun ochiq bo‘lgan axborot tizimlari orqali yetkazish, ularga rioya etilishini qat’iy nazorat qilish maqsadida xalqaro amaliyotga muvofiq asosiy kasalliklarga tashxis qo‘yish, ularni davolash va klinik protokollar standartlarini takomillashtirishga doir vazifalar belgilangan.
Qarorda eng muhim dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarining barcha dorixonalar uchun majburiy yangilangan minimal ro‘yxati, shifokor retseptisiz beriladigan dori-darmon vositalari ro‘yxatini tasdiqlash;
yuridik shaxslar tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlariga narx belgilash tartibi qo‘pol buzilganligi uchun litsenziyani bekor qilish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilingan ushbu qarorining hayotga tatbiq etilishi ichki bozorni arzon va sifatli dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan yanada to‘liq ta’minlash, narx belgilash bo‘yicha ochiq-oshkora mexanizmni joriy etish, mamlakatimizda arzon va sifatli preparatlar bo‘lishiga qaramasdan, tashxis qo‘yish va davolash standartlarida ko‘zda tutilmagan hamda asosan qimmat import dori vositalarini tavsiya etish bo‘yicha nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday hollarga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.
Mazkur barcha chora-tadbirlar, birinchi navbatda, aholini sifatli va arzon dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashga, aholining salomatligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.