O‘zA O`zbek

13.11.2018 Chop etish versiyasi

8 dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun

8 dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun


Tinchlik va totuvlik mezoni

Bu yil Konstitutsiyamiz qabul qilinganiga yigirma olti yil toʻladi. Oʻtgan davr mobaynida Asosiy qonunimizning mustaqil, demokratik davlatimiz yuksalishi yoʻlida ahamiyati beqiyos, islohotlarimiz tub zamirida esa oʻz oʻrniga ega.

Oʻzbekiston Konstitutsiyasining eʼtiborga molik jihati shundaki, u nafaqat demokratik va liberal normalarni, milliy va umuminsoniy qadriyatlarimizni oʻzida mujassam etgan, balki milliy konstitutsiyalar tarixida noyob xususiyati bilan, aniqrogʻi, demokratik jarayonda, loyihasi ikki marotaba umumxalq muhokamasiga qoʻyilib qabul qilingani bilan ahamiyatlidir.

Konstitutsiya asosiy qonun sifatida bir qator funksiyalarni bajarishi bilan jamiyat hayotida muhim siyosiy-huquqiy ahamiyatga ham egadir. Birinchisi, bu yuridik vazifasidir. Barcha qonunlar Konstitutsiyamiz asosida qabul qilinadi. Demak, u oliy yuridik kuchga egadir. Ikkinchisi, bu – siyosiy vazifasi. Barcha siyosiy partiyalar va siyosiy kuchlar Konstitutsiyada belgilangan meʼyorlar asosida faoliyat koʻrsatadi. Siyosiy tizimni va siyosiy institutlar faoliyatini belgilab beradi. Konstitutsiya oʻzgarsa, siyosiy tizim ham oʻzgaradi. Uchinchisi, bu – mafkuraviy vazifasi. Konstitutsiya jamiyatda mafkuraviy vosita sifatida taʼsir kuchiga ega. Yaʼni, yuksak tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlib, shaxs va jamiyat, shaxs va davlat oʻrtasidagi munosabatlarni belgilab beradi.

OʻzA muxbirining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Erkin Xolboʻtayev bilan suhbati amaldagi qonunchiligimiz va konstitutsiyaviy jamiyat tamoyillari xususida kechdi.

– Oʻtgan davr mobaynida Konstitutsiyamiz qabul qilinishi bilan biz Oʻzbekiston kelajagini, yangitdan barpo etilayotgan davlatimizning chuqur mazmuni, maʼno-mohiyatini, siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va maʼnaviy taraqqiyotning, yurtimiz qiyofasini, uning xalqaro hamjamiyatdagi oʻrni va nufuzini tubdan oʻzgartirib yuborgan mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilishning pirovard maqsadlarini aniq-ravshan belgilab olganimizni haqli ravishda yuksak baholaymiz, – dedi Erkin Xolboʻtayev. – Gʻurur va iftixor bilan aytish mumkinki, Bosh qomusimizning yaratilishi xalqimizning uzoq yillik orzu-istaklari, ozodlik sogʻinchi tantanasi boʻldi. Asosiy qonunimiz uch ming yillik milliy davlatchilik tajribamizga tayanilgan holda, xalqimizning tarixiy anʼanalari, koʻp asrlik qadriyatlarimiz, milliy mentalitetimiz mujassami oʻlaroq maydonga chiqdi. Qolaversa, milliy manfaatlarimiz, kelajagi buyuk davlat barpo etish yoʻlidagi intilishlarimizdan kelib chiqib, turli demokratik mamlakatlar toʻplagan insonparvar konstitutsiyaviy tajribani hisobga olgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi.

– Yoshlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash eng katta qadriyatlardan biri. Bu Bosh qomusimizda ham oʻz aksini topgan, albatta. Demoqchi boʻlganim, suhbatimizni yoshlar va Konstitutsiya haqida davom ettirsak.

– Bosh qomusimiz buyuk kelajagimizning huquqiy kafolati sifatida fuqarolarning huquq va erkinliklari bilan birga, milliy taraqqiyotimizning asosiy yoʻnalishlarini ham belgilab berdi. Konstitutsiya oʻzbek xalqining mustaqillikka, milliy davlatchilikka, ajdodlarimizning urf-odatlari va boy maʼnaviy merosini qayta tiklashga boʻlgan orzu-umidlarining qonuniy mexanizmlarini yaratishga, ijtimoiy taraqqiyotning inson manfaatlari, uning huquq va erkinliklariga mos ravishda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼnaviy, siyosiy-huquqiy jihatlarini mustahkamlashga qaratilgandir. Shu bilan birga, Konstitutsiyamizda yoshlar masalalari, ularning huquq va manfaatlarining kafolatlari oʻz yechimini topgan, bu qadriyatlarimizdan biri sifatida mustahkamlab qoʻyilgan. Jumladan, Konstitutsiyamizning 41moddasida har kimning bilim olish huquqi kafolatlangan. Shuningdek, 18-moddaga muvofiq, Oʻzbekistonda barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida teng ekani belgilangan. Yoshlar kasb-hunar tanlashda, mehnat qilishda, bilim olishda, dam olishda, ish faoliyatini yuritishda, ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotda konstitutsiyaviy huquq va kafolatlardan teng foydalanadi.

– Bosh qomusimiz mamlakatni tadrijiy, bosqichma-bosqich rivojlantirishning oʻziga xos tizimini yaratish hamda uni hayotga izchil tatbiq etish uchun ham huquqiy asos vazifasini oʻtaydi, toʻgʻrimi?

– Albatta, Bosh qomusimizning amal qilishi barqaror konstitutsiyaviy tartib oʻrnatishga xizmat qildi. Davlat tuzilishi sohasida huquqiy davlatchilikning muhim belgisi – hokimiyat vakolatlari boʻlinishi prinsipi asosida davlat organlari tizimi shakllantirildi. Ushbu konstitutsiyaviy tamoyilni hayotga izchil tatbiq qilish hokimiyatlar oʻrtasida oʻzaro munosabatlar mexanizmining samarali amal qilishi va manfaatlar muvozanatini taʼminladi. Joylarda qonun chiqaruvchi va vakillik hokimiyatining vakolatlari hamda nazorat vazifalarining roli kuchaytirildi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat tubdan isloh qilindi.. Mamlakatda ikki palatali parlamentning tashkil etilishi qonun ijodkorligi sifatini jiddiy ravishda oshirish, umumdavlat va hududiy manfaatlarning mutanosibligiga erishishga xizmat qildi. Tarkib jihatidan asosan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari vakillaridan tashkil topgan yuqori palata – Senat hududlar manfaatlarini ifoda etmoqda, quyi – Qonunchilik palatasi esa, oʻz faoliyatini doimiy professional asosda amalga oshirayapti.

Konstitutsiyaga asoslangan qonunlarda davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarning faqat koʻppartiyaviylik asosida oʻtkazilishi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Siyosiy partiyalarning mamlakatimiz oliy qonunchilik organi, joylardagi hokimiyat vakillik organlari faoliyatidagi roli va taʼsiri sezilarli darajada ortdi. Bugungi kunda jahon hamjamiyatining hayrati va havasini uygʻotadigan natijalar ham Asosiy qonunimiz prinsipi bilan qadrlanadi.

– Islohot – islohot uchun emas, avvalo, inson uchun tamoyili hayotga izchil joriy etilmoqda. Siz deputat sifatida ushbu tamoyilning amaldagi ifodasini qanday tasavvur qilasiz?

– Mazkur konsepsiya asosida davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirishga qaratilgan konstitutsiyaviy islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Konstitutsiyaga davlat hokimiyati subyektlari oʻrtasida vakolatlarni taqsimlashning aniq va tizimli huquqiy mexanizmini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritdi. Konstitutsiyamizda muhrlab qoʻyilgan davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinishi prinsipiga rioya qilingan holda, parlamentning amaliy roli kuchaytirilmoqda. Bu, eng avvalo, qonun ijodkorligida oʻz ifodasini topmoqda. Qabul qilinayotgan qonun hujjatlarining sifati va asoslanishi tubdan yaxshilandi. Ularda umumdavlat va mintaqaviy manfaatlar oʻrtasidagi mutanosiblik hamda uygʻunlik samarali taʼminlanmoqda.

Qabul qilinayotgan qonun hujjatlari puxta va chuqur asoslangan boʻlishi uchun soʻnggi vaqtlarda ularni tayyorlashda xalqaro huquq, chet el qonun hujjatlari normalari hamda huquqni qoʻllash amaliyotining qiyosiy tahlili hisobga olinmoqda. Parlament Qonunchilik palatasi qoʻmitalarida qonun loyihalarini muhokama qilishda ekspertlar, olimlar, mutaxassislar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, saylovchilar vakillari faol ishtirok etmoqda. Qonun ijodkorligi faoliyatiga bevosita saylovchilarni kengroq jalb etish maqsadida qonun loyihalari korxona, tashkilot, muassasalar, mahallalar, oʻquv yurtlarida ham mahalliy Kengashlar deputatlari ishtirokida muhokama qilinmoqda. Qonun loyihalarini tayyorlashda siyosiy partiyalarning roli va taʼsiri sezilarli darajada ortdi. Parlament faoliyatida gʻoya va dasturlar raqobati kuchaymoqda, har bir siyosiy partiya oʻz oldiga qoʻygan maqsadlarga ana shunday raqobat orqali erishishga intilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida turli siyosiy fraksiyalar oʻrtasidagi raqobatning kuchayishi jamiyatning muayyan siyosiy kuchlari va ijtimoiy qatlamlari manfaatlarini ifoda etadigan gʻoyalar, dasturiy vazifalarning hayotga tatbiq etilishi kafolati boʻlmoqda.

Darhaqiqat, huquqiy davlatchilik sari intilgan har qanday demokratik konstitutsiya jamiyat taraqqiyotida ustuvor ahamiyat kasb etadi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan islohotlar va demokratik taraqqiyot yoʻlini tanladi hamda sobit qadamlar bilan odimlamoqda. Bu toʻgʻri yoʻl ekanini oʻtgan yillar mobaynida qoʻlga kiritilgan zalvorli yutuqlarimiz koʻrsatib turibdi.


19 721
OʻzA muxbiri Gʻayrat Shirinov suhbatlashdi.