O‘zA O`zbek

18.06.2019 20:00 Chop etish versiyasi

2019-2023 yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida talab yuqori boʻlgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

2019-2023 yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida talab yuqori boʻlgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻz faoliyati davrida taʼlim va ilm-fanni rivojlantirishga, shuningdek, respublika iqtisodiyotining turli tarmoqlari, ijtimoiy va maʼnaviy sohalari uchun kadrlar tayyorlashga salmoqli hissa qoʻshdi. Oʻtgan davrda 100 nafardan ortiq akademik va 2,5 ming nafar fan doktorlari va nomzodlari tayyorlandi. T.Sarimsoqov, S.Sirojiddinov, M.Salohiddinovning matematiklar, J.Musayevning biokimyogarlar, H.Abdullayev, T.Dolimovning geologlar maktablari keng eʼtirof etildi. Oʻzbekiston Qahramonlari A.Oripov, E.Vohidov, O.Sharafiddinov va S.Gʻaniyeva universitetda taʼlim-tarbiya oldilar.

Oʻquv jarayoni zamonaviy talablar hisobga olingan holda mutaxassislar tayyorlashning, shuningdek, pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning davlat taʼlim standartlari va oʻquv dasturlari bilan yangilandi. Oliy malakali ilmiy kadrlar tayyorlashning yangi ikki bosqichli tizimi joriy etildi. Soʻnggi 10 yilda turli yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha 26 mingdan ortiq malakali bitiruvchilar universitet diplomini oldilar.

Hozirgi vaqtda 114 ta, shu jumladan, 18 ta xalqaro ilmiy va ilmiy-taʼlim loyihalari amalga oshirilmoqda, ularda universitetning 50,0 foizdan ortiq oʻqituvchilari ishtirok etmoqda. 2018/2019 oʻquv yilidan boshlab “geodeziya va geoinformatika” yoʻnalishi boʻyicha Qozon federal universiteti (Rossiya Federatsiyasi) va “kompyuter fanlari”, “muhandislik matematikasi”, “texnologik menejment” yoʻnalishlari boʻyicha Xolon texnologiyalar instituti (Isroil) bilan qoʻshma taʼlim dasturlari amalga oshirilmoqda. Jahonning yetakchi universitetlarida 226 nafar oʻqituvchi va doktorantlarning tajriba orttirishi, malaka oshirishi va ilmiy tadqiqotlar olib borishi taʼminlanmoqda.

Universitetning moddiy-texnika bazasini modernizatsiyalash va mustahkamlash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. 2 ta yangi fakultet ochildi, yangi laboratoriya uskunalari bilan jihozlangan oʻquv-laboratoriya korpuslari rekonstruksiya qilindi. Professor-oʻqituvchilar tarkibi mehnatiga haq toʻlash 2,5 baravar oshirildi.

Davlat tomonidan koʻrilayotgan har tomonlama yordam va qoʻllab-quvvatlash universitet faoliyatida faqat “... ijodiy va tizimli fikrlaydigan, nostandart qarorlar qabul qilishga qodir boʻlgan, mamlakat manfaatini hamma narsadan ustun qoʻyadigan yuqori malakali mutaxassislar...” tayyorlashgagina emas, balki qobiliyatli va isteʼdodli talaba-yoshlarning tarbiyasiga ham soʻzsiz koʻmaklashmoqda.

Bugungi kunda universitet talabalarining 73,0 foizini Qoraqalpogʻiston Respublikasi va respublikaning barcha 12 viloyatlaridan kelgan talabalar tashkil etadi. Ular orasida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibalari, nomli stipendiatlar, fanlar boʻyicha xalqaro va respublika olimpiadalari sovrindorlari, sport turlari boʻyicha jahon va Osiyo chempionatlari gʻoliblari bor. S.Sirojiddinov nomidagi akademik litsey bitiruvchilarining 87,0 foizidan ortigʻi respublika oliy taʼlim muassasalariga muvaffaqiyatli kirdilar va oʻqishni davom ettirmoqdalar.

Shu bilan birga tanqidiy va har tomonlama tahlillardayuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy va koʻp qirrali inson kapitalini rivojlantirish sohasida jiddiy toʻgʻanoq va toʻsiq boʻlayotgan kompleks kamchiliklar va muammolar aniqlandi. Keyingi yillarda universitetning Milliy universitet maqomiga munosib boʻlishi uchun amaliy va samarali chora-tadbirlar taʼminlanmadi. Shu jumladan:

birinchidan – har bir fakultet va kafedra boʻyichataʼlimning yoʻnalishlari va mutaxassisliklari tarkibi, shuningdek, qabul kvotalari real ehtiyojdan ancha orqada qolmoqda, koʻpincha hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlariga, mehnat bozori va kadrlarning buyurtmachilari ehtiyojlariga mos kelmaydi. Bitiruvchilarning ishga joylashtirilishi hamma vaqt ham egallangan mutaxassislikka muvofiq emas;

ikkinchidan taʼlim jarayoniga, shu jumladan, sinovdan oʻtgan va xalqaro standartlarga muvofiq boʻlgan zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish darajasi past. Taʼlim jarayonini oʻquv-metodik taʼminlash va uning mazmuni iqtisodiyot tarmoqlarining innovatsion va texnologik rivojlanishidan orqada qolmoqda, talabalarning nazariy va ishlab chiqarish amaliyotini tashkil etish samarali emas;

uchinchidan universitetni, shu jumladan, oʻquv-tarbiyaviy va ilmiy jarayonni samarali boshqarishni taʼminlash uchun kadrlar zaxirasini tayyorlashning aniq ifodalangan tizimi mavjud emas. Ayrim pedagog kadrlarning kasbiy mahorati darajasi yetarli emasligi,malaka oshirish kurslarining, pedagog va ilmiy xodimlar stajirovkasining samarasizligi, magistrantlar va dissertantlarning rahbarlari va maslahatchilarini tayinlashda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari salohiyatini sust jalb etish, turli dasturlar, shu jumladan, chet elda magistratura boʻyicha kadrlar tayyorlashning tizimsizligi saqlanib qolmoqda;

toʻrtinchidan – universitet oʻqituvchilarining atigi 59,0 foizi ilmiy darajaga ega, fan doktorlarining oʻrtacha yoshi 61 yoshni, fan nomzodlarining oʻrtacha yoshi – 54 yoshni tashkil etmoqda. Universitet nufuzli xalqaro agentliklar reytingiga kirmaydi, olimlarning ilmiy maqolalaridan xalqaro iqtibos keltirish darajasi pastligicha qolmoqda, talabalar maʼlum bir qismining ilm-fanga intilishi va qiziqishi juda sust ekanligi kuzatilmoqda;

beshinchidan universitet axborot tizimining mazmuni, unumdorligi va sifati, shuningdek, IT mutaxassislarining oʻz ishini bilishi past darajada qolmoqda. Yuqori tezlikdagi Internet tarmogʻidan foydalanish imkoniyati yoʻq, universitet hududining atigi 7,0 foizida Internetga, shu jumladan, xorijiy axborot taʼlim resurslariga simsiz ulanish mumkin;

oltinchidan yetakchi xorijiy ixtisoslashgan ilmiy markazlar bilan, ayniqsa ilmiy stajirovkalar asosidayaqin sheriklik munosabatlarini oʻrnatish ishlari zarur tarzda amalga oshirilmayapti, universitetning oʻquv va ilmiy faoliyatiga jalb etilgan xorijiy professorlar va oʻqituvchilar soni yetarli emas;

yettinchidan oʻtkazilgan sotsiologik tadqiqotlar yigitlar va qizlar, shuningdek, yosh pedagoglar bilan olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni aniq mazmun bilan toʻldirish, ularda bilimga intilishnigina emas, balki insonparvarlikning milliy anʼanalariga sodiqlik va yuksak maʼnaviyatni tarbiyalash, yot gʻoyalar va mafkuralarga nisbatan tanqidiy tafakkur va immunitetni mustahkamlash zarurligini koʻrsatmoqda. Rektorat, fakultetlar va kafedralarning koʻpchilik rahbarlari ushbu muhim ishdan oʻzlarini chetga olishgan, ularning talabalar turar joylarida yoshlar bilan uchrashuvlari soni juda kam. Dam olish, koʻplab tadbirlarning, shu jumladan, madaniy-ommaviy va sport tadbirlarining darajasi pastligicha qolmoqda;

sakkizinchidan ayrim fakultetlar, akademik litsey, sport inshootlari va talabalarning dala amaliyotlari oʻtadigan joylarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun amaliy chora-tadbirlar koʻrilmayapti.Ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida zamonaviy asbob-uskunalar yetishmaydi. Talabalar yashash joylarida oʻrinlar taqchilligi mavjud, shuningdek, universitet xodimlari va chet eldan taklif qilinadigan mutaxassislar uchun turar joy yetarli emas;

toʻqqizinchidan universitetni rivojlantirishda oliy taʼlim muassasalari menejmentining zamonaviy usullar va ilgʻor amaliyotga asoslangan aniq ifodalangan strategiyasi mavjud emas. Moliyalashtirish tizimini qayta koʻrib chiqish va optimallashtirish, shuningdek, mablagʻlardan, eng avvalo byudjet mablagʻlaridan oqilona va samarali foydalanishning shaffof mexanizmlarini joriy etish talab qilinadi;

oʻninchidandekanatlar va kafedralar rahbarlari, shuningdek, professor-oʻqituvchilar tarkibi mehnati samaradorligini baholashning va keyinchalik ularni moddiy ragʻbatlantirishning reyting tizimi joriy etilmagan.

Koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklar va muammolar Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti (A.R.Marahimov) va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (I.U.Madjidov) rahbariyatida talabchanlik, maqsadga yoʻnaltirilganlik va yuqori malakali, yangicha fikrlaydigan kadrlar tayyorlashning xalqaro standartlariga javob beradigan zamonaviy shakllari va usullarini izlash, yaratish va faol joriy etish, oliy taʼlim ilm-fanining ulkan salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining jadal rivojlanishiga faol ulush qoʻshishga tayyor va qodir boʻlgan munosib talaba-yoshlarni har tomonlama tayyorlash boʻyicha shaxsiy tashabbus mavjud emasligining toʻgʻridan-toʻgʻri oqibati hisoblanadi.

Fundamental va gumanitar fanlar sohasida xalqaro standartlarga muvofiq talab yuqori boʻlgan malakali kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, oliy taʼlim ilm-fanini jadal rivojlantirish, istiqbolli va yuqori texnologik yoʻnalishlar boʻyicha ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish, kadrlarning kasbiy darajasi va pedagogik mahoratini uzluksiz oshirib borish, talaba-yoshlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyalashni kuchaytirish, shuningdek, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetini kompleks rivojlantirishni taʼminlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida:

1. Rektor A.R.Marahimov va uning oʻrinbosarlari D.X.Jumabayev, A.S.Toʻrayev, V.A. Ibodullayev, N.N. Qodirovuniversitetning tarkibiy boʻlinmalari tomonidan samarali menejmentni taʼminlash boʻyicha jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, joriy, oʻrta muddatli va istiqbolli vazifalar tizimli tahlil qilinmaganligi, eʼtirof etilgan xalqaro talablar va standartlar darajasida zamonaviy taʼlim, shu jumladan, innovatsion dasturlar va samarali ilmiy-tadqiqot ishlari joriy etilishini taʼminlash yuzasidan boshqaruv boʻgʻinining rahbar kadrlari va professor-oʻqituvchilar tarkibiga nisbatan talabchanlikning sustligi, shuningdek,universitetning mamlakatimiz universitetlari va yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalari orasida reytingi oshishi uchun shaxsan javobgar ekanligi toʻgʻrisida qatʼiy ogohlantirilsinlar.

2. Oʻzbekiston Respublikasi oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U.Madjidov, uning oʻrinbosarlari – K.A.Sharipov, U.Sh.Begimqulov, S.M.Buzrukxonov, vazirlik hayʼati va markaziy apparat tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining eʼtibori Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 20-apreldagi “Oliy taʼlim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–2909-son qarorida belgilab berilganasosiy yoʻnalishlarni, ustuvor vazifalarni amalga oshirish va maqsadli koʻrsatkichlarga erishish hamda mamlakatda oliy taʼlimning matematika, tabiiy-ilmiy va gumanitar yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlash boʻyicha bazaviy universitet sifatida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetini kompleks rivojlantirish boʻyicha bir qator normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosi yuzasidan ular tomonidan nazorat, taʼsirchan muvofiqlashtirish mavjud emasligiga hamda koʻrilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligi pastligiga qaratilsin.

3. Bosh vazirning oʻrinbosari A.A.Abduhakimov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi A.A.Abduvaxitov bilan birgalikda:

2019-yil 1-iyulga qadar2015-2019 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Hukumatning hujjatlari bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillar davrida respublikada oliy taʼlimni rivojlantirish tizimi boʻyicha ustuvor vazifalar, talablar va chora-tadbirlar amalga oshirilishi samaradorligini puxta va har tomonlama tahlil qilsin;

2019-yil 1-avgustga qadar – tanqidiy tahlil qilish asosida: birinchi – oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnika bazasini va moliyalashtirish holatini mustahkamlashning muhim yoʻnalishlari boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlarning natijadorligi; ikkinchi – tasdiqlangan kompleks dasturlarga (chora-tadbirlarga) optimal tuzatishlar kiritish; uchinchitegishli vazirliklar, idoralar va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining ularga yuklangan maqsadli vazifalarni amalga oshirishda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan rahbarlarining shaxsiy javobgarligi choralari boʻyicha aniq takliflar kiritsin.

4. Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan mansabdor shaxslar hamda vazirliklar, idoralar va hokimliklar rahbarlarining alohida eʼtibori Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida 2019-yil 24-mayda oliy taʼlim muassasalari rektorlari va respublika ilmiy jamoatchiligi bilan uchrashuvda belgilangan talablar va ustuvor vazifalar oʻz vaqtida, soʻzsiz va toʻliq hajmda bajarilishi zarurligiga qaratilsin. Ushbu maqsadlarda berilgan topshiriqlar bajarilishini va oldinga qoʻyilgan maqsadlarga erishilishini taʼminlaydigan amaliy chora-tadbirlar ishlab chiqilsin, tasdiqlansin va amalga oshirilsin.

5. Koʻp qirrali va ustuvor vazifalarni“... inson kapitalini har tomonlama rivojlantirish, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasining intellektual, ilmiy va iqtisodiy qudratini, shuningdek, ravnaqi va mustaqilligini taʼminlashga qodir boʻlgan xalqaro standartlar darajasida mutaxassislarni tayyorlash uchun zarur va qulay shart-sharoitlar yaratish...” boʻyicha kompleks aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, uning fakultetlari, ixtisoslashtirilgan kafedralari va boshqa kafedralari, ilmiy-tadqiqot institutlari, akademik litsey rahbariyatining, butun professor-oʻqituvchilar tarkibi va talaba-yoshlarining asosiy maqsadi etib belgilansin.

6. 2019-2023 yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetini kompleks rivojlantirish dasturi ishlab chiqilishini taʼminlash maqsadida universitet rektorati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha rahbarlarining –kadrlar buyurtmachilarining, Toshkent shahar hokimligining talab yuqori boʻlgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va universitetning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, shuningdek, uning Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlimi bayroqdori sifatidagi maqomini tiklashning mustahkam asosi, amaliy mexanizmi va kafolati boʻlishga qaratilgan 9 ta maqsadli dasturni birgalikda ishlab chiqish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin. Quyidagi maqsadli dasturlarni ishlab chiqishning asosiy yoʻnalishlari 1–9-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin:

1-komponent – “Hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari, ilm-fan va ijtimoiy sohani rivojlantirish ehtiyojlarini hisobga olgan holda taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarini optimallashtirish, kadrlar tayyorlashning maqsadli parametrlarini shakllantirish, talabalarning ishlab chiqarish korxonalarida amaliyotini tashkil qilish”;

2-komponent – “Eng yangi pedagogik texnologiyalar va oʻqitish usullarini joriy qilishning xalqaro amaliyotiga muvofiq taʼlim jarayonini rejalashtirish, chuqurlashtirish va sifatini yaxshilashni tashkil etishni takomillashtirish”;

3-komponent – “Rektorat, fakultetlar, kafedralar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va akademik litsey rahbar kadrlari va professor-oʻqituvchilarini tanlash va tayinlash, ularning kasb darajasi va pedagogik mahoratini oshirish tizimini takomillashtirish”;

4-komponent – “Ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatni rivojlantirish, universitetda olib boriladigan tadqiqotlarni ishlab chiqarish, akademik ilm-fan ehtiyojlari bilan integratsiyalash, oʻqituvchilar ilmiy ishining natijadorligini taʼminlash, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish”;

5-komponent – “Taʼlim, ilmiy va maʼmuriy faoliyatning yagona axborot makonini yaratish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini jihozlash, kontent bilan toʻldirish”;

6-komponent – “Yetakchi xorijiy universitetlar bilanxalqaro hamkorlikni, sheriklik munosabatlarinirivojlantirish, taʼlim faoliyatiga xorijiy mutaxassislar va oʻqituvchilarni jalb qilish”;

7-komponent – “Tarbiyaviy ishlar tizimini takomillashtirish, talabalarga yuksak axloqiy va maʼnaviy-maʼrifiy fazilatlarni singdirish, yot gʻoya va mafkuralarga nisbatan immunitetni mustahkamlash, talabalarning sogʻlom turmush tarzi va dam olishini tashkil qilish uchun shart-sharoitlar yaratish;

8-komponent – “Moddiy-texnik bazani modernizatsiya qilish va mustahkamlash, laboratoriyalarni zamonaviy oʻquv-ilmiy uskunalar bilan jihozlash, ijtimoiy-sport infratuzilmasini rivojlantirish;

9-komponent“Universitet faoliyatini samarali moliyalashtirish, xarajatlarni optimallashtirish va bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirishga oʻtish.

7. Universitet, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralarning tegishli normativ hujjatlar va amaliy chora-tadbirlarni oʻz vaqtida tayyorlash, ularni puxta iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish ishlari muvofiqlashtirilishini taʼminlash, shuningdek, belgilangan muddatlarda maqsadli dasturlarni shakllantirish uchun 10-ilovaga muvofiq tarkibda Muvofiqlashtiruvchi guruh tashkil etilsin. Muvofiqlashtiruvchi guruh rahbari – Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov bir hafta muddatda ushbu qarorga 1–9-ilovalar boʻyicha ishchi guruhlar tarkiblarini va maqsadli dasturlarni amalga oshirishning bosqichma-bosqich jadvalini tasdiqlasin.

8. MDH mamlakatlari va xorijiy davlatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida, shu jumladan, M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida sinovdan oʻtgan tajribani oʻrganishni hisobga olgan holda 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab fakultetlar va kafedralar, ilmiy-tadqiqot institutlarining laboratoriyalari boʻyicha, akademik litseyda va umuman, universitetda rahbarlar hamda professor-oʻqituvchilar tarkibi faoliyatining samaradorligini tasdiqlangan maqsadli dasturlar boʻyicha reyting baholash tizimi joriy etilsin.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda:

2019-yil 1-avgustga qadarOʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 5 ta tashabbusini barcha kurslarda va universitetning tarkibiy boʻlinmalarida amalga oshirish tartibini va chora-tadbirlar kompleksiniishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Talabalar, ayniqsa, talabalar turar joylarida yashaydigan va yashamaydigan talabalar bilan muntazam asosda faol muloqot olib borish amaliyotini joriy etish, ularning talab va ehtiyojlarini tizimli ravishda oʻrganish, talaba-yoshlarning oʻquv, ilmiy va maʼnaviy hayotidagi muammoli masalalarni bartaraf etish boʻyicha aniq choralar koʻrish universitet rektori va prorektorlarining, dekanatlar hamda kafedralar rahbarlarining, barcha professor-oʻqituvchilar tarkibining ustuvor vazifasi etib belgilansin;

2019-yil 1-sentyabrga qadarreyting baholash tizimini joriy qilishda asos boʻladigan indikatorlarni (koʻrsatkichlarni);

2019-yil 1-oktyabrga qadaryuqorida qayd etilgan indikatorlar (koʻrsatkichlar) asosida tarkibiy boʻlinmalar va umuman universitet faoliyatining samaradorligi hamda natijadorligini reyting baholash tizimini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

9. Tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari va professor-oʻqituvchilari tarkibining bilimi va malakasi, kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish tizimini tubdan yaxshilash, ularning ayrimlari orasidagi salbiy illatlar namoyon boʻlishining oldini olish va ularga barham berish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektorati hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining muhim vazifasi etib belgilansin. Shu maqsadlarda:

2019-yil 1-sentyabrga qadar – universitetning tarkibiy boʻlinmalarida kadrlarning samarali zaxirasini shakllantirish;

2019-yil 1-oktyabrga qadar – boshqaruv boʻgʻini xodimlarini, shuningdek, universitet barcha boʻlinmalarining professor-oʻqituvchilarini belgilangan tartibda attestatsiyadan oʻtkazish;

2019-yil 1-noyabrga qadar – universitet rahbarlari va professor-oʻqituvchilarining “El-yurt umidi” jamgʻarmasi yoʻnalishi boʻyicha va moliyalashtirishning boshqa manbalari hisobiga reyting darajasi yuqori boʻlgan xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-texnik markazlarda, shuningdek, mamlakatimiz korxonalarida, respublika Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlar va boʻlinmalarda 6 oy muddatga stajirovkasini tashkil etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilsin.

10. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining yangilangan tashkiliy tuzilmasi va rektoratining tuzilmasi 11-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab rektorat tuzilmasiga respublika oliy taʼlim muassasalari uchun taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va takomillashtirish metodologiyasini muvofiqlashtirishning oʻquv-metodik va ilmiy patronaj boʻyicha bazaviy oliy taʼlim muassasasi sifatida universitetning oʻquv-metodik taʼminlash va taʼlim sifatini nazorat qilish boʻyicha prorektori lavozimi kiritilsin.

Universitet rektorati, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, kadrlar buyurtmachilari boʻlgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining:

2019/2020 oʻquv yilidan boshlab – muhandislik matematikasi, kompyuter fanlari va texnologik menejment yoʻnalishlari boʻyicha Oʻzbekiston – Isroil fakultetini;

2020/2021 oʻquv yilidan boshlab va keyingi yillarda – “Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar”, “Biofizika va muhandislik tadqiqotlari”, “Fundamental tibbiyot va biokimyo” fakultetlarini tashkil qilish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Universitet rektori A.R.Marahimov 10 kun muddatda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda 11-ilovadan kelib chiqib universitet rektorati, dekanatlari, kafedralari
va boshqa tarkibiy boʻlinmalarining shtat jadvalini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti huzurida Intellektual-dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazini tashkil etish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

11. S.Sirojiddinov nomidagi akademik litsey “tabiiy va aniq fanlar”ga ixtisoslashtirilgan S.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyi etib qayta tashkil etilsin.

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Moliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda S.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyining keyingi samarali faoliyati toʻgʻrisida asoslantirilgan takliflarni, shu jumladan:

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab oʻquvchilarni qabul qilish va keyinchalik ularni Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining tegishli fakultetlariga toʻgʻridan-toʻgʻri qabul qilish tartibi;

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab S.Sirojiddinov nomidagi respublika akademik litseyini S.Sirojiddinov nomidagi respublika gimnaziyasiga aylantirish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. 2019/2020 oʻquv yilida Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetiga talabalarni davlat buyurtmasi asosida qabul qilishning asosiy koʻrsatkichlari 12-13-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

13. Universitet faoliyatini moliyalashtirishning quyidagi manbalari belgilansin:

a) Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi orqali ajratiladigan hamda ustav faoliyatiga muvofiq Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining joriy xarajatlarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan respublika byudjet mablagʻlari;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligidagi alohida shaxsiy hisobvaraqqa tushadigan va ustav faoliyatiga muvofiq Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining joriy xarajatlarini moliyalashtirishga va kapital xarajatlarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladigan kontraktlar boʻyicha toʻlov mablagʻlari;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligidagi hisobvaraqqa tushadigan va grant smetasiga muvofiq xarajatlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan grant mablagʻlari;

g) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligidagi hisobvaraqqa tushadigan va shartnomaviy ishlar bajarilishini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan xoʻjalik shartnomasi (yoki boshqa yoʻnalish) boʻyicha mablagʻlar;

d) sohaga kirmaydigan faoliyatdan olinadigan va universitetning joriy xarajatlariga yoʻnaltiriladiganboshqa tushumlar.

14. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida Universitetni rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etilganligi va xoʻjalik shartnomalari, pullik kurslar, homiylik ajratmalari, binolarni ijaraga berish, bosmaxona faoliyati va boshqa faoliyatdan tushadigan mablagʻlar uning manbai hisoblanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra Rivojlantirish jamgʻarmasining mablagʻlari faqat quyidagi maqsadlarga yoʻnaltiriladi:

moddiy-texnik bazani mustahkamlash;

kreditor qarzdorlikni qoplash;

xodimlar va professor-oʻqituvchilarni moddiy ragʻbatlantirish.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-avgustga qadar Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetiHomiylik kengashini tajriba tariqasida tashkil qilishni, uning shaxsiy tarkibini tasdiqlashni, vakolatlarini, qarorlar qabul qilish va ijro etish mexanizmlarini belgilashni nazarda tutuvchi takliflarni ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari A.J.Ramatov, J.A.Qoʻchqorov, A.A.Abduhakimov, T.K.Narbayeva, vazirliklar va idoralar rahbarlari, Toshkent shahar hokimi J.A.Ortiqxoʻjayev 2019-yil 24-mayda oliy taʼlim muassasalari rektorlari va ilmiy jamoatchilik bilan oʻtkazilgan uchrashuvda belgilangan topshiriqlar oʻz vaqtida va puxta ishlab chiqilishini taʼminlasinlar. Jumladan:

2019-yil 1-iyulga qadar – Toshkent shahri Olmazor tumanidagi talabalar shaharchasi hududida, xususan, universitet professor-oʻqituvchilari va yosh tadqiqotchilari uchun 6 ta zamonaviy koʻp qavatli uylar, universal sport majmuasi, “Yoshlar bogʻi”, “Wi-Fi” zona va boshqa obyektlarni qurish;

2020-yil 1-yanvarga qadar – universitetning biologiya fakulteti uchun Vivariy va oranjereya binolarini qurish;

2020-yil 1-yanvarga qadar – universitetning Chorvoq oʻquv-amaliy markazining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va uni zamonaviy gidrometeorologik asboblar bilan jihozlash boʻyicha takliflar kiritsin.

Aniq va tabiiy fanlar fakultetlarining oʻquv-ilmiy laboratoriyalarini jihozlash maqsadida universitetga 6,0 million AQSH dollari ajratilgani maʼlumot uchun qabul qilinsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi taʼlim va ilm-fan sohasidagi barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanayotgan xodimlarning oylik ish haqiga 2019-yil 1-sentyabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga – fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) darajasiga (yoki xorijiy mamlakatlarning ularga tenglashtirilgan darajasiga) ega boʻlgan xodimlarga 30,0 foizgacha, fan doktori (Doctor of Science) darajasiga (yoki xorijiy mamlakatlarning ularga tenglashtirilgan darajasiga) ega boʻlgan xodimlarga 60,0 foizgacha qoʻshimcha haq toʻlash tartibi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini bir oy muddatda ishlab chiqsin va kiritsin.

Belgilansinki, qoʻshimcha haq har bir xodimning ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyatiga qoʻshgan aniq hissasini hisobga olgan holda tarkibiy boʻlinma rahbarining taqdimnomasi asosida va muassasa (tashkilot) kollegial organining qaroriga koʻra toʻlanadi.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga oliy oʻquv yurtidan keyingi taʼlim tizimida tayyorgarlik bosqichi sifatida 2020-yil 1-yanvardan boshlab stajyor-tadqiqotchilar institutini joriy etish haqida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasini ikki oy muddatda ishlab chiqsin va kiritsin.

19. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov ushbu qarorning 13-14-bandlarida qayd etilgan manbalarni va xalqaro grantlarni hisobga olgan holda ushbu qarorda nazarda tutilgan topshiriqlar va chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablagʻlar ajratish yuzasidan, keyinchalik asoslangan takliflar kiritish uchun ularning moliyaviy jihatdan puxta ishlab chiqilishini taʼminlasin.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov, oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.U.Madjidov va Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti rektori A.R.Marahimov zimmasiga yuklansin.

Qabul qilingan chora-tadbirlar natijadorligi toʻgʻrisida 2019-yil
1-avgustda va 1-oktyabrda, 2020-yil 10-yanvarda axborot berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                    Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 18-iyun

* * *

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2019-2023yillarda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida talab yuqori boʻlgan malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

Sh A R H

Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti mamlakatimizda koʻp yillik pedagogik va ilm-fan sohasidagi boy anʼanalarga ega boʻlgan yirik oliy taʼlim muassasasidir. Universitet har yili iqtisodiyotning turli tarmoqlarini, taʼlim va fan sohalarini oʻz bitiruvchilari bilan taʼminlamoqda, shuningdek, ilmiy-tadqiqotlar va izlanishlar bilan, shu jumladan xalqaro miqyosda ham faol shugʻullanib kelmoqda. Hozirgi paytda 114 ta, shu jumladan, 18 ta xalqaro ilmiy va ilmiy-oʻquv loyihalari amalga oshirilmoqda. Universitetning moddiy-texnika bazasini modernizatsiya qilish va mustahkamlash chora-tadbirlari koʻrilmoqda. Professor-oʻqituvchilar tarkibining ish haqi oshirildi.

Shu bilan birga, qarorda qayd etilganidek, tanqidiy va har tomonlama tahlillarda yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fanni va serqirra iqtidor sohibi boʻlgan inson kapitalini rivojlantirishga jiddiy toʻsiq boʻlayotgan bir qancha muammolar va nuqsonlar aniqlandi. Keyingi yillarda universitetning Milliy universitet maqomini qaror toptirish uchun amaliy va samarali chora-tadbirlar taʼminlanmagan.

Jumladan, taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarining tarkibi hamda qabul koʻrsatkichlari kadrlarga boʻlgan real talabdan sezilarli darajada orqada qolmoqda, taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni tatbiq etish darajasi, ayrim pedagog-kadrlarning kasbiy mahorati, malaka oshirish kurslarining samaradorligi pastligicha qolmoqda.

Qarorda universitetning nufuzli xalqaro agentliklar reytingiga kiritilmaganligiga, yoshlarning ilmga boʻlgan qiziqishini ragʻbatlantirish darajasi pastligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Taʼlim jarayoni va ilmiy-tadqiqot faoliyatining moddiy-texnika taʼminotida jiddiy kamchiliklar mavjud.

Yuzaga kelgan holatdan hamda universitetning mamlakat oliy taʼlimi sohasida tutgan oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda qarorda bugungi kunda talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, yuqori texnologiyalarga asoslangan va istiqbolli yoʻnalishlardagi ilmiy tadqiqotlarni jadal amalga oshirish, shuningdek, professor-oʻqituvchilarning kasbiy bilimlari va pedagogik mahoratini muttasil oshirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar nazarda tutilgan.

Qayd etish lozimki, qarorning asosiy qoidalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan 2019-yil 24-mayda Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetida oliy taʼlim muassasalari rektorlari va respublika ilmiy jamoatchiligi bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda belgilab berilgan edi. Uchrashuv yakunlari asosida qarorda “... inson kapitalini har tomonlama rivojlantirish, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasining intellektual, ilmiy va iqtisodiy qudratini, shuningdek, ravnaqi
va mustaqilligini taʼminlashga qodir boʻlgan xalqaro standartlar darajasida mutaxassislarni tayyorlash uchun zarur va qulay shart-sharoitlar yaratish...” boʻyicha koʻp qirrali va ustuvor vazifalarni amalga oshirish universitet rahbariyati va butun jamoasining asosiy maqsadi etib belgilangan.

Yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni rivojlantirish, shuningdek, universitetning Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim bayroqdori sifatidagi nufuzini tiklashning mustahkam poydevori, taʼsirchan mexanizmi va kafolati sifatida 9 ta komponentdan iborat maqsadli dasturlarni ishlab chiqish nazarda tutilmoqda.

Qarorda universitetning yangi taʼlim modelini shakllantirishning ustuvor yoʻnalishi sifatidagi vazifani hal etish uchun oʻquv, oʻquv-metodik, ilmiy-innovatsion, tarbiyaviy va tashkiliy faoliyat boʻyicha samarali indikatorlar va koʻrsatkichlarni ishlab chiqqan holda rahbarlar va professor-oʻqituvchilar tarkibi faoliyati samaradorligini baholashning reyting tizimini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Taraqqiyotning hozirgi bosqichida universitet zamonaviy jamiyatning ilmiy, ishlab chiqarish, ijtimoiy, maʼnaviy-axloqiy talablariga javob beradigan, oliy taʼlim innovatsion modelini shakllantirishning samarali maydoni boʻlishi, shuningdek, respublika oliy taʼlim tizimida yetakchi oʻrnini saqlab qolishi lozim. Ushbu maqsadlarda qarorda:

birinchidan – 2019-2021 yillarda taʼlim yoʻnalishlaridatabiiy fanlar, matematik taʼlim, kompyuter texnologiyalari va informatika yoʻnalishlari ulushini oshirish;

ikkinchidan – Oʻzbekiston – Isroil fakultetini, shuningdek, “Amaliy matematika va intellektual texnologiyalar”, “Biofizika va muhandislik tadqiqotlari”, “Fundamental tibbiyot va bioximiya”fakultetlarini bosqichma-bosqich ochish nazarda tutilmoqda;

uchinchidan – S.Sirojiddinov nomidagi akademik litseyga tabiiy
va aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan Respublikaakademik litseyi maqomi beriladi hamda uniuniversitetda oʻqitish uchun iqtidorli va isteʼdodli bolalarni tanlab olish va tayyorlash, boʻlgʻusi ilmiy-pedagoglar elitasini shakllantirish markazi sifatida tashkil etish vazifasi qoʻyilmoqda;

toʻrtinchidan – Universitet tuzilmasida Intellektual-dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazini tashkil etish nazarda tutilmoqda.

Jahonning yetakchi universitetlari tajribasi va anʼanalaridan kelib chiqib, taʼlim sifatini oshirish hamda xalqaro taʼlim makoniga integratsiyalashish maqsadida 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab ikkita fakultetda, 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab esa universitet miqyosida taʼlimni tashkil etishning kredit-modul tizimini joriy qilish nazarda tutilmoqda.

Xalqaro miqyosda yetakchilik va raqobatbardoshlikni taʼminlashning zarur sharti sifatida qarorda fundamental va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish vazifasi qoʻyilmoqda. Ushbu maqsadlarda har yili ilmiy salohiyatni oshirish uchun universitet doktoranturasiga har yillik qabul kvotasini va xorijdagi maqsadli doktoranturaga qabul kvotasini koʻpaytirish nazarda tutilmoqda. Bunda taʼlim jarayoniga yuqori malakali xorijlik oʻqituvchilar va mutaxassislarni keng jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Qarorda uning infratuzilmasini va ichki telekommunikatsiya tizimini tubdan yangilashga doir chora-tadbirlar kompleksi nazarda tutilmoqda. Universitet 2020-yilning oʻzida quvvati 600 Mb/sek boʻlgan koʻp tarmoqli internet tizimiga ulanishi taʼminlanadi. Universitet hududi va qoʻshimcha maydonlari “Wi-Fi” zonasi bilan taʼminlanadi.

2020-2023 yillar mobaynida talabalar turar joylarida kapital taʼmirlash (rekonstruksiya) va jihozlash ishlari amalga oshiriladi, universitetning professor-oʻqituvchilar tarkibi va yosh tadqiqotchilar uchun 6 ta koʻp kvartirali uylar hamda universal sport majmuasi quriladi. Aniq va tabiiy fanlar fakultetlarining oʻquv-ilmiy laboratoriyalarini jihozlash maqsadida universitetning valyuta hisobraqamiga 6,0 million AQSH dollari oʻtkaziladi.

2019-yil 1-sentyabrdan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga fan va taʼlim sohasidagi barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyatini olib borayotgan fan nomzodi yoki falsafa fanlari doktori (PhD) darajasiga ega boʻlgan xodimlarning oylik maoshiga 30 foizgacha, fan doktori (Doctor of Science) darajasiga ega boʻlgan xodimlarning oylik maoshiga 60 foizgacha ustama haq belgilanadi. Bunda, qoʻshimcha haq bir xodimning ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyatiga qoʻshgan aniq hissasini hisobga olgan holda tarkibiy boʻlinma rahbarining taqdimnomasi asosida va muassasa (tashkilot) kollegial organining qaroriga koʻra toʻlanadi.

Qarorda talabalarda yuksak axloqiy va maʼnaviy sifatlarni qaror toptirishga, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etishda yangi pedagogik innovatsiyalar va samarali mexanizmlarni tatbiq etishga, talabalar bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishlarda professor-oʻqituvchilarning masʼuliyatini oshirishga, taʼlim va tarbiyaning oʻzaro aloqadorligini amalda taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilgan.

Ushbu maqsadlarda talabalar, ayniqsa, talabalar turar joylarida yashaydigan va yashamaydigan talabalar bilan muntazam asosda faol muloqot olib borish amaliyotini joriy etish, ularning ehtiyoj va talablarini tizimli ravishda oʻrganish, talaba- yoshlarning oʻquv, ilmiy va maʼnaviy hayotidagi muammoli masalalarni bartaraf etish boʻyicha aniq choralar koʻrishuniversitet rektori va prorektorlarining, dekanatlar hamda kafedralar rahbarlarining, barcha professor-oʻqituvchilar tarkibining ustuvor vazifasi etib belgilangan.

Qarorning amalga oshirilishi Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti globallashuv sharoitlarida mamlakatimizning xalqaro miqyosda raqobatbardoshligini taʼminlashga qaratilgan yangi texnologiyalarni ishlab chiqish bazasi boʻlishi imkonini beradi. Jahon fani taraqqiyoti surʼati talablariga javob bera oladigan tadqiqotlarni amalga oshirishga yoʻnaltirilgan ilmiy kadrlar tayyorlash tizimiga joriy etilayotgan innovatsiyalar universitetning oliy taʼlim tizimida yetakchi mavqeni egallashiga imkon beradi hamda mamlakatning ilmiy, ilmiy-texnikaviy va intellektual sohalari rivojlanishiga koʻmaklashadi.


O'zA