O‘zA O`zbek

11.09.2020 Chop etish versiyasi

Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida Samarqand tasviri

Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida Samarqand tasviri

Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma”da Samarqandning joylashish oʻrni haqida maʼlumot berar ekan uni “beshinchi iqlimdan”, “ramziy nujumiy”, “daraja va daqiqa” va boshqa bir qator istilohlar bilan belgilaydi.

“Boburnoma”dagi Samarqand tasviriga eʼtibor bersak: “Rubʼi maskunda Samarqandcha latif shahr kamroqdur. Beshinchi iqlimdindur. Tuli ramzi nujumiy daraja va daqiqadur, arzi daraja va daqiqadur. Shahri Samarqanddur, viloyatini Movarounnahr derlar. Hech yogʻiy qahr va gʻalaba bila munga dast topmagʻon uchun baldayi mahfuza derlar”. Samarqand taʼrifiga alohida eʼtibor bergan muallif odob saqlagan holda yer yuzida ushbu shahardek boshqa shahar yoʻq demaydi, balki “kamroqdur” deya tasvirlaydi. Shahar aholisi haqida “Eli tamom sunniy va pokmazhab va mutasharriʼ va mutadayyin eldur”, tarzida fikr yuritgan Bobur shahar ahlining islomiy aqidada sodiqligini, bu esa, jamiyatda tartib-qoida ustuvorligini taʼminlovchi asosiy mezon ekanini alohida taʼkidlaydi.

“Boburnoma”da Samarqand haqidagi tasvirlarda bu yerdan yetishib chiqqan va hayoti shu shahar bilan bogʻliq boʻlgan koʻplab alloma va olimlar, shayxlar, tasavvuf ulamolari va muhaddislar haqida ham maʼlumot berilgan. Jumladan, Imom Buxoriy, Shayx Moturidiy, AbulqosimHakim Samarqandiy, Abu Lays Samarqandiy, Abu Abdulloh Roʻdakiy Samarqandiylar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ahamiyatlidir, chunki Bobur temuriylar davlatining poytaxti boʻlgan Samarqandga bir umr talpinib yashadi, bu yerda yashab oʻtgan aziz avliyolarni maʼnaviy piri ustoz sifatida bilib eʼtiqodda boʻldi. Bobur Imom Buxoriy haqida “Yana sohibi «Sahihi Buxoriy” Xoja Ismoil Xartanak ham Movarounnahrdindur» deya eʼtirof etadi.

Bobur kalom ilmining peshvolaridan boʻlgan moturidiya taʼlimotining asoschisi Shayx Moturidiyni ham alohida ulugʻlab (“Imomul-hudo”, “Imomul-mutakallimon”) tilga oladi, “Mubayyin”da esa oʻzining aqidaga oid qarashlarini shu taʼlimot asosida ifodalaydi. Uning taʼlimoti, yoʻnalishlari va ilmiy asarlari xususida iliq fikrlarini bayon etadi: “Shayx Abu Mansurkim, aimmayi kalomdindur, Samarqandning Moturid otliq mahallasidindur. Aimmayi kalom ikki firqadur, birni «moturidiya” derlar, birni “ashʼariya”. Moturidiya Shayx Abu Mancypgʻa mansubdur». Bobur Samarqandning shu kabi ilm-ahli haqida fikr yuritib islom dini paydo boʻlgandan beri dunyoda hech bir shahar ushbu din rivojiga Samarqandchalik xizmat qilmagan, bu qadar koʻp olimu ulamolarni yetishtirib bermaganini oʻzgacha faxr bilan tilga oladi: “Hazrati Risolat sallallohu alayhi va sallam zamonidin beri ul miqdor aimmayi nelomkim, Movarounnahrdin paydo boʻlubtur, hech viloyattin maʼlum emaskim, muncha paydo boʻlmish boʻlgʻay”.

Yuqoridagi faktlardan anglash mumkinki, 1420-yilda Mirzo Ulugʻbek tomonidan asos solingan madrasi oliyalar uchun mustahkam asoslar mavjud edi. Ushbu hududdan yetishib chiqqan yuqorida nomlari keltirilgan olimu fuzalolar va ular tomonidan yaratilgan qimmatli ilmiy meros Ulugʻbek madrasalarining yuzaga kelishida ham poydevor vazifasini bajardi, deyish mumkin.

Samarqand tasvirida Bobur shaharning koʻplab bogʻlari, meʼmorchilik obidalari haqida maʼlumot beradi. Temuriylar saltanatining poytaxti boʻlgan ushbu shaharda Amir Temur davrida yana-da koʻplab meʼmoriy obidalarning barpo etilgan, bogʻu rogʻlar yaratilgan va bu bunyodkorlik ishlari shahzodalar Shohruh, Ulugʻbek, Muhammad Sultonlar tomonidan munosib davom ettirilib bir qancha madrasalar, inshootlar, minoralar qad roslaganini alohida taʼkidlab oʻtadi. Xususan, Bogʻi Dilkusho, Bogʻi Boʻldu, Naqshi Jahon, Bogʻi Chanor, Bogʻi Shamol, Bogʻi Behisht kabi bogʻlar mazkur shaharga oʻzgacha koʻrk, goʻzallik bagʻishlab turganini zavq bilan tasvirlaydi. Uning oʻzi ham shu kabi obidalar, bogʻlar yaratishni maqsad qiladi, ammo bu orzusini Kobul va Hindistonda amalga oshirishga majbur boʻladi.

Bobur Samarqand tasvirida Ulugʻbek madrasalari va rasadxonasini batafsil keltiradi: “Temurbekning va Ulugʻbek Mirzoning imorati va bogʻoti Samarqand mahallotida koʻpdur... Ulugʻbek Mirzoning imoratlaridin Samarqand qalʼasining ichida madrasa va xonaqohdur. Xonaqohning gunbazi bisyor ulugʻ gunbazdur. Olamda oncha ulugʻ gunbaz yoʻq deb nishon berurlar”, tarzidagi maʼlumotlardan madrasa va xonaqohning ulugʻvorligini, uning gunbazi ham ancha muhtasham ekanini tasavvur qilish mumkin. Bobur Samarqandni qoʻlga kiritganidan soʻng bu yerda Ulugʻbek Mirzo tomonidan bunyod etilgan inshootlarni, meʼmoriy obidalarni oʻz koʻzi bilan koʻrishga musharraf boʻladi. Xususan, Ulugʻbek ilmiy salohiyatining nodir namunasi boʻlgan rasadxonani ham diqqat bilan koʻzdan kechiradi: “Pushtayi Koʻhak domanasida rasaddurkim, zij bitmakning olatidur. Uch oshyonliqtur. Ulugʻbek mirzo bu rasad bila “Ziji Koʻragoniy”ni bitibtur...”. Bu maʼlumotlardan muallifning Ulugʻbek shaxsiyatiga, uning ilmiy faoliyatiga alohida ehtirom bilan qaraganini koʻrish mumkin. Boburning ushbu tarixiy faktlari yana shunisi bilan ham muhimki, sobiq shoʻrolar davrida Ulugʻbek rasadxonasi uning vafotidan keyin Xoja Ahror Vali topshirigʻi bilan buzib tashlangan degan soxta ideologiyaga munosib javob ham boʻladi. Sababi, Ulugʻbek vafotidan bir qancha vaqt oʻtib bu rasadxonani oʻz koʻzi bilan koʻrgan, uni oʻsha davrda hali ham muhtasham inshoot ekanini tasvirlagan Boburning bu tarixiy maʼlumotlari juda qimmatli hisoblanadi.

Mirzo Ulugʻbek haqida fikr yuritar ekan, Bobur uning falakkiyot ilmida beqiyos isteʼdod sohibi boʻlganini, oʻz davrining koʻplab astranomlaridan kuchli salohiyati bilan ajralib turganini aniq dalillar bilan asoslaydi. Tabiatan har narsaga qiziquvchan Boburning falakkiyot ilmidan ham yaxshigina xabardor boʻlganini uning bu sohada yaratilgan asarlar haqida keltirgan maʼlumotlaridan ham anglash mumkin. Jumladan, “Ulugʻbek mirzo bu rasad bila “Ziji Koʻragoniy”ni bitibturkim, olamda holo bu zij mustaʼmaldur. Oʻzga zij bila kam amal qilurlar. Mundin burun “Ziji Elxoniy” mastaʼmal erdikim, Xoja Nosir Tusiy Halokuxon zamonida Marogʻada rasad bogʻlatibtur, Halokuxondurkim, Elxon ham derlar. Gʻolibo olamda yetti-sekkiz rasad besh bogʻlamaydurlar...” tarzida maʼlumot bergan Bobur falakiyot ilmida “Ziji Maʼmuniy”, “Ziji Batlimus” hamda Hindistonda tuzilgan zijlar haqida fikr yuritadi va ulardan eng mukammali Ulugʻbek tomonidan bitilgan zij ekanini alohida taʼkidlab oʻtadi. Shu oʻrinda bir maʼlumotni ham keltirib oʻtish lozim, boburiylar sulolasidan Muhammadshohning topshirigʻi bilan hind astronomi Savay Jay Singh Ulugʻbek asari taʼsirida “Ziji Muhammadshohiy” kitobini yozadi.

Mirzo Ulugʻbekning ushbu asari muqaddima, trigonometrik, joʻgʻrofiy, sayyoralar harakati, yulduzlar koordinatlari, ekliptikaning ogʻishi va shunga oʻxshash yuzdan ortiq jadvaldan iborat. Asar Ulugʻbekning shogirdi Ali Qushchi tomonidan Istanbulga olib ketilgan nusxasi orqali Yevropa davlatlariga tarqaladi, koʻplab nashrlar, tarjimalarning yuzaga kelishiga sabab boʻladi.

Umuman aytganda, Mirzo Ulugʻbek hukmronligi davrida ilm-fan, madaniyat, sanʼat Movarounnahrda oʻzining eng yuqori choʻqqisiga yetdi, Samarqandning ilm-fan markazi sifatidagi dovrugʻi keng tarqaldi. U asos solgan madrasyi oliyalarda, nafaqat Movaraunnahrlik balki Xuroson, Eron, Afgʻoniston kabi ulkalardan ham koʻplab tolibi ilmlar tahsil oladi, oʻz davrining engmashhur mudarrislari dars berishdi. Ushbu madrasalarda taʼlim olgan ilmi toliblarning bir qanchasi, jumladan Ali Qushchi, Abdurahmon Jomiylar mudarris sifatida faoliyat yuritishgan, dunyo ilm-fani rivojiga beqiyo hissa qoʻshishgan.

Yaqin kunlarda tamal toshi qoʻyilganligining 600-yilligini nishonlash arafasida turganimiz Samarqand davlat universiteti hech shak-shubhasiz Mirzo Ulugʻbek asos solgan madrasayi oliyaning vorisi sifatida oʻzining faoliyatini mutassil tarzda davom ettirib kelmoqda.

Isroil SULAYMONOV,
Samarqand davlat universiteti dotsenti,
filologiya fanlari doktori

9 909
OʻzA