Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

02.02.2018 18:32 Chop etish versiyasi

Yulduzlar mangu yonadi

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod hayoti va ijodiga bag‘ishlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘afurov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, shoir Mirzo Kenjabek, tarjimon Yevgeniy Abdullayev va boshqalar Tog‘ay Murod o‘z asarlarida milliy qahramonlar, milliy dunyoqarash, ma’naviyat va qadriyatlarga doir dolzarb mavzu-muammolarni ko‘tarib chiqqani haqida so‘z yuritdi.

Darhaqiqat, uning asarlaridagi tasvirlar xalq og‘zaki ijodining eng yaxshi an’analariga ulanib ketadi, ularni yangicha yo‘lda rivojlantiradi.

– Tog‘ay Murod ko‘z o‘ngimizda o‘z original yo‘li va uslubiga ega ijodkor bo‘lib shakllandi, – deydi Ibrohim G‘afurov – U xalqimizning qadimiy urf-odatlari, rasm-rusumlari poeziyasini chizishga urindi, iltifot, nazokat, o‘zaro hurmat va shu asosda muhabbatli bo‘lishga undaydigan ilg‘or tomonlarini ochdi.

Ta’kidlanganidek, xalqimizning atoqli adibi Tog‘ay Murod o‘ziga xos ijodiy uslubi, o‘lmas asarlari bilan milliy adabiyotimiz xazinasiga ulkan hissa qo‘shgan. Uning «Yulduzlar mangu yonadi», «Ot kishnagan oqshom», «Oydinda yurgan odamlar», «Momo yer qo‘shig‘i» kabi qissalari milliyligi va o‘ziga xosligi bilan o‘z o‘quvchilarini topdi. «Otamdan qolgan dalalar» romani uchun 1994-yil yozuvchiga Abdulla Qodiriy nomidagi davlat mukofoti berildi.

Tog‘ay Murod nafaqat iste’dodli yozuvchi, balki, mohir tarjimon ham bo‘lgan. U Jek Londonning «Boyning qizi» dramasi, Ernest Seton-Tompsonning «Yovvoyi yo‘rg‘a» asarini o‘zbek tiliga o‘girgan.

So‘nggi yillarda adibning asarlari ustida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda, chet tillariga tarjima qilinayotir. «Bu dunyoda o‘lib bo‘lmaydi» romani 2016 yili fransuz tilida chop etilgan bo‘lsa, «Ot kishnagan oqshom» va «Oydinda yurgan odamlar» qissalari joriy yilda Moskvada rus tilida «Tarlan» nomi bilan chop etildi.

Xotira kechasida Turkiyaning Otaturk universiteti professori Husayn Baydemir, Fransiyaning Le-Man universiteti professori Mishel Bushar, rossiyalik yozuvchi, shoir Vadim Muratxanov singari olim va ijodkorlarning Tog‘ay Murod asarlari haqidagi fikr-mulohazalaridan iborat videorolik namoyish qilindi.

Tadbirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabalari ijrosida adibning «Oydinda yurgan odamlar» asari asosida sahnalashtirilgan ko‘rinish namoyish etildi.

Abu Bakr O‘rozov, O‘zA
9 278