Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

04.08.2017 12:05 Chop etish versiyasi

Yuking yerda qolmagay, Ona yurt, ota makon

Yangi davr shiddatidan vaqtning ham o‘ziga qarashga vaqti yo‘q. Vaqt go‘yo azaliy va abadiy maromidan kechib, o‘z jilovini zamon shiddatlari ixtiyoriga topshirganday – ko‘zlaridan o‘t, tuyoqlaridan chaqmoqlar chaqnayotgan tulporgami yoinki jiyron qashqa duldulga ham o‘xshab ketadi. O‘ziga ham ayovsiz bu uchqur, ko‘kbo‘z otning chavandoziyu chopag‘oni ham vaqtning o‘zi.

Bobolar “Vaqt tabib, davolaydi...” der edilar. Bugungi zamonamizning shitobu shashtlariga qiyosan olganda, “tabib”imizning o‘zi o‘zini tahrir qiladiganga o‘xshaydi. Bu degani vaqt endi davolamaydi: yovqur chavandoz, furjang borida harakatingni qilmasang, tezroq ehtiyot chorangni ko‘rmasang, qarab o‘tirmaydi. Mangulikka yo‘l olgan bo‘ronsifat shu tulporning keskir tuyoqlari ostida chilparchining chiqib, benomu nishon qolib ketmasliging uchun o‘z niholing, ko‘chating va daraxtingni ezgulik bog‘iga qadashga ulgurmog‘ing – o‘zingga, faqat o‘zingga bog‘liq.

“Vahki, umrum borcha zoye’ bo‘ldi el komi bila” deya afsus chekkan ekanlar Alisherbek bobomiz.

Buyuk elparvarligiyu olamshumul shoirligi bilan abadiyatga qadar nom qoldirgan Navoiy hazratlariki umrimni yelga sovurib, zoye’ ketkizdim deb turgan ekanlar, ulug‘ ajdodimizning shu bir satrgina she’ri oldida bizlar kimmiz, biz nima deya olamiz?!

“Elga ega kerak, ega bo‘lmasa nega kerak” deyiladi qo‘hna xalq maqolida...

Birinchi Prezident. Buyuk bunyodkor. Istiqlolimizning bosh me’mori...

Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayrami arafasida yurtimizning barcha hududlarida Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimovni xotirlash tadbirlari bo‘lib o‘tdi.

“Buni qarang-a, vaqtning o‘tishini, ayovsizligini qarang-a!.. Allaqachon bir yil bo‘libdiya o‘tkanlariga?! Ulug‘ inson edilar, Xudo rahmat qilsin, joylari jannatlarning to‘rlaridan bo‘lsin...”

Mahalla otaxonlarining bu gap-so‘zlari tezob-sershitob vaqtning o‘tkinchi gangur-gungurlariday tuyulsa-da, aslida elu yurtga, uning Buyuk farzandiga taalluqligi, oddiy xalqning mehr va ehtiromi ifodasi ekanligi bilan ham behad qadrlidir.

Yigirma besh yil – chorak asrlik muddat davomida bir xalq, bir millatning sharaf tonglari otgan bo‘lsa, Yo‘lboshchining sochlari butkul oqarib ketgani ham shundoq ko‘z o‘ngimizda ro‘y bergan buyuk tarixiy hodisa, vaqtu zamonning mangu munavvar timsolidir.

“E, bilmaysiz-da, shair uka, xalqning kasasi oqarmog‘i uchun, elning tongi otmag‘i uchun Islom Karimovning umri sarp bo‘ldi, boshi oqardi axir... E, ul kishiga oson bo‘magan. Shagirdig‘a ham oson bo‘maydi! Xudoyim kuch-quvvatdan bersin, umrini bersin! Tirmiziy bovalarni yo‘qlab kepti, Buxoriy bovalarini ziyarat qipti, ilayim, shu yurtning aziz-avliyolari daim hamrayi bo‘sin! Omin!...”

Bu xalqona, samimiy so‘zlar – oddiy mo‘ysafid buvaning dildan chiqqan duosi, dil tubidagi tilaklari...

“Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” Nima uchun aynan shu so‘zlar mustaqilligimizning 26 yillik bayramini nishonlash to‘g‘risidagi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qarorida bosh g‘oya, shior sifatida alohida ko‘rsatib o‘tilgani zamirida ham yuksak insoniylik va hurmat-ehtiromga yo‘g‘rilgan teran mazmun va hikmat yashiringan. Ya’nikim, xalq uchun, Vatan uchun hamma narsaning bahridan kechib, o‘zini, umrini baxsh etgan, fido bo‘lgan insonlar bor, umrimiz o‘tkinchi, shunday zotlardan ibrat olaylik, muhabbat bilan, sadoqat bilan shu aziz Vatanga, elga, xalqqa xizmat qilaylik deganidir bu...

Parvardigori olam ma’lum sanalar va raqamlar zamirida buyuk insonlar, tarixiy shaxslar timsolida butun boshli millatlar va davlatlarning taqdirini yashirib qo‘yarkan. Kezi kelganda bu ilohiy sanalar qarshisida vaqt ham ojiz va notovon qolganligiga yaqin va olis tariximizdan, millatimizning ulug‘ siymolari hayotidan ko‘p misollar keltirish mumkin.

Bizning bugungi sershiddat zamonimizda vaqtu soat tushunchasi butunlay o‘zgardi. Tong va shom, tun va kun, kecha va kunduz singari bobomeros so‘zlar mumtoz g‘azallar aro qolib ketganday, voqea-hodisalar, ro‘y berayotgan yangilanishlaru o‘zgarishlar – barcha-barchasi tong va kundan, aniqrog‘i, vaqtdan ham ildamroq sodir bo‘layotgani – yangi davrning shitoblariyu shiddatlari emasmi? Bundayin betinim va behalovat zamonani, ayni paytda poyqadami izlaridan butun boshli shaharlaru mavzelar, hayratomuz inshootlar, yo‘llar-ko‘priklar bino bo‘layotgan, ko‘rkam-nurafshon manzilu makonlari odamlarning yorug‘ chehrasiday nur taratayotgan hech bir vaqtni ko‘rganmisiz?.. Ertalabki yangilik, bunyodkorlik xabari peshinga borar-bormay boshqa xushxabar va yo mujda bilan almashinyapti. 

Donishmand xalqimizning “Ellik yilda el yangi, qirq yilda qozon yangi” degan purhikmat maqoli oldida hurmat va ehtiromimizni bajo keltirib, izn va uzr so‘ragan holda aytish mumkinki, yangi davr, yangi zamon shiddati vaqtning ham tizginsiz sur’atini lol qoldirib, qadim va yemirilmas hikmatlarga ham o‘zgartish kiritishi muqarrar ekan. Shu kecha-kunduzda diyorimizning qaysi go‘shasiga bormang, el yashaydigan uylar ham, ro‘zg‘oriyu turmush sharoitlaridan tortib uy jihozlarigacha har kun, har soatda yangilanayotgani, ruhiyatiyu kayfiyati, ongi va tafakkurigacha shu yangilanishlardan bahramand va mamnunligini vatandoshlarimizning yuz-ko‘zlari, qiyofasiyu yorug‘ chehralaridan ko‘rib, ishonch hosil qilish mumkin...

...Shu el, shu xalq bo‘lmasa biz kimmiz?! Shu xalq, shu Vatan uchun yashaymiz-da, bo‘lmasa yashashning nima keragi bor?...

...Dunyoni biz har kun, har soatda yuragimizdan o‘tkazib yashashimiz kerak...

...Jaholatga qarshi ma’rifat. Yoshlarga bilim, bilim berish, o‘qitish, bilim, bilim, faqat bilim bilan jaholatning yo‘lini to‘sish mumkin!

...Bir varaq yozish uchun ajdodlarimiz qancha-qancha meros o‘rgangan... Tarbiya, tarbiya, yana bir marta tarbiya!...

...Soxta aldovlarga uchib umrini xazon qilayotgan farzandlarimizni ko‘rib, rosti gap, kechalari uyqum kelmaydi. Azob, bu azob menga! Bu achchiq haqiqat xanjar bo‘lib yuragingizga sanchilishi kerakmasmi?! Kerak!...

...Uyimizni asrashimiz kerakdir, lekin bolani asrash, bolamizni asrash – birinchi galda!... Bolamiz – qo‘limizda omonat, o‘qitmasak, tarbiya qilmasak, ma’rifat va ta’lim bermasak – u bola ketib qoladi.

...Kitobsiz kelajak yo‘q. Kitobga qaytgan el, xalq, odamzot hech qachon kam bo‘lmaydi!...

...Barchamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan shu xalq... Barchamizga tuz-nasiba bergan ham – shu xalq...

...Vatanni sevish kerak! Boshqa gap yo‘q!...

Davlatimiz rahbarining yurtdoshlarimiz bilan bo‘lgan turli uchrashuvlar va muloqotlarda aytgan so‘zlaridan keltirilgan iqtiboslarni yozuv daftarlarimdan ko‘chirib misol qilib oldim.

Bu iqtiboslarda butun bir mamlakat, xalq va millat taqdiri va yukini o‘z zimmasiga olgan bedor va beorom, doimo uyg‘oq va behalovat Rahnamoning yuragi o‘ttiz ikki millionlik yurtdoshlarimizning qalblari bilan dildosh va qondosh bo‘lib urayotganiga imon keltirasiz.

Ustoz Hamid Olimjonning “Ko‘zlarimni yummasman aslo – Daryo kabi uyg‘oq o‘turman” degan satrlarining mazmuni ham shu emasmi... 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan keng qamrovli uchrashuvi ham mamlakatimiz madaniy-ma’rifiy hayotida tom ma’noda tub burilish yasagan katta ijtimoiy-ma’naviy voqea sifatida yangi tariximizda bir munavvar sahifa bo‘lib qolishi shak-shubhasizdir.

Davlatimiz rahbari ma’naviy burchini, o‘z burchi va sadoqatini anglab, o‘zini ayamay mehnat qilayotgan zamondosh ijodkorlarimizdan men mamnunman, deya ta’kidlarkan, o‘sib kelayotgan avlodning ma’naviy tarbiyasi jamiyatning yo najot, yo halokat, yo saodat, yo falokat masalasi ekaniga alohida e’tibor qaratdi.

Bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan davru zamonamiz ham, burch va mas’uliyatimiz ham har birimizdan daryo misol uyg‘oqlikni talab qilayotgan ekan, ibrat va muqoyasani kimdan olib, qalam va qadamlarimiz sur’atini kimning qadamlariga qarab moslashimiz kerakligini ham jiddiy o‘ylab ko‘rishimiz, yangi tong otishini kutmasdan, ishni bugundanoq, hozirning o‘zidayoq boshlamog‘imiz, bo‘lmasa ertangi tongimiz bir pasda kechagi kunga aylanib qolishini, baxtu imkoniyatlarimiz bekor ketgan vaqtning changu to‘zonlarida sovurilib ketmog‘ini ham, bir zum bo‘lsa-da, esdan chiqarmasligimiz shart va zarur...

Istiqlolning tug‘rosi,
xalqu Vatan Humosi
Bekorga Haqdan Buyuk
Me’morga kelgan emas.
Farmonlarda ul zotdan
“Zimmasiga yuklansin...”
Degan so‘zlar ham asli
bekorga kelgan emas.

Do‘stim, u yillarni sen
ko‘rgil asta urinmay,
Qancha ranju mehnatning
dosh berdik hammasiga.
Xalq yukin, millat yukin
el ko‘ziga ko‘rinmay,
Shuncha vaqt olib kelgan
zotlar bor zimmasiga.

Buyuklik – buyuk bu yuk
Bunyodkorga qiyindir,
Osonmi bu dunyoda
yurt qurmoq, Vatan qurmoq.
Jonfido farzandlarning
vazifasi tayindir:
Millat yukin, yurt yukin
minnat qilmay ko‘tarmoq.

Bobolaring xokiga
egilib bor, yukinib,
Qalbing sof bo‘lmasa gar
iymoning ham iymonmas.
Davru zamon yukini,
oru vijdon yukini
Yelkaga ham yurakka
olib yurmoq osonmas.

Kechani kecha demay,
kunduzni kunduz demay,
Yulduzlarga ham tongda
dam bergan, orom bergan,
Xalq bormikan dunyoda
halol, zahmatkash senday:
Tog‘ kelsa gar – yemirgan,
suv kelsa gar simirgan.

Qamchiqdan toki Zomin,
Boysun tog‘larigacha,
Saribiydan tortib to
Sariosiyo qadar –
Tutashganday ko‘ringay
jannat bog‘larigacha,
Bir Vatankim, nur sochgay
Ovro, Osiyo qadar.

Yuking yerda qolmagay,
Ona yurt, ota makon,
Dilbandlar ham ulg‘ayib
sohibi davron bo‘lgay.
El boshiga ko‘targay
ulug‘larin har qachon,
Davlating poydor, sha’nu
shavkating jahon bo‘lgay.

Sirojiddin Sayyid, 
O‘zbekiston xalq shoiri. 

O‘zA
2 831






Все о погоде - Pogoda.uz