O‘zA O`zbek

09.07.2018 21:42 Chop etish versiyasi

Yosh tomoshabinlar uchun vatanparvarlik festivali

Yosh tomoshabinlar uchun vatanparvarlik festivali
Poytaxtimizda Vatanimiz mustaqilligining 27 yilligiga bag‘ishlab O‘zbekiston qo‘g‘irchoq teatrlarining XI an’anaviy ko‘rik-festivali boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Teatr arboblari uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi ijodiy jamoalar saralangan spektakllari bilan ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari O.Nazarbekov, Teatr arboblari uyushmasi raisi Yo.Ahmedov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan milliy madaniyatimizni yanada ravnaq toptirish borasida ko‘rsatilayotgan e’tibor ijod ahlini katta mas’uliyat bilan faoliyat ko‘rsatishga undayotganini ta’kidladi.

28.jpg

Ushbu ko‘rik-festivalni tashkil etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad Vatanimiz mustaqilligini, milliy qadriyatlarimizni tarannum etuvchi, yosh tomoshabinlar qalbida vatanparvarlik, halollik, mehnatsevarlik tuyg‘ularini kuchaytirishga xizmat qiluvchi sahna asarlari yaratishni targ‘ib etishdan iborat. Tadbir badiiy jamoalarning o‘zaro tajriba almashishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

21.jpg

– Biz “Turna pati” spektakli bilan ishtirok etayapmiz, – deydi Andijon viloyat qo‘g‘irchoq teatri direktori Behzod Qurbonov. – Bu sahna asari farzandlarimizni tabiatga muhabbatli bo‘lishga, uning bebaho ne’matlarini asrab-avaylashga undaydi.

Ko‘rik-festival 13-iyulga qadar davom etadi.

N.Usmonova, O‘zA

Farhod Abdurasulov (O‘zA) olgan suratlar
6 209