O‘zA O`zbek

13.07.2019 12:04 Chop etish versiyasi

Yonayotgan qizg‘aldoq

Yonayotgan qizg‘aldoq

Men bu lahzani necha bahorlar bo‘ldi ko‘rmaganimga. Ehhe, besh yilmi yo o‘n yil? Aniq eslolmayman. Demak, seni judayam sog‘inibman. Bolaligim o‘tgan adirlarda bu qadar lov-lov bo‘lib yonmay ketganingga ancha bo‘ldi, qizg‘aldoq.
photo5267345396894640946.jpg
...
Bu gal yolg‘onlarga ko‘milib ketgan shaharlaru odamlardan qochib kelayotirman qoshingga. Seni ko‘rgim va olov yanglig‘ bag‘ringga otilib, yuragim birpas orom olishini, shaxsiy hislarim ila yolg‘iz qolishni istab qoldim. Bolaligim o‘tgan adirlarda gurullab yonayotgan mening qizg‘aldoqlarim. Shoir aytganidek: “Qizg‘aldog‘im, qirdan bo‘lak koshonang yo‘q... Peshonangdan o‘pay desam, peshonang yo‘q“. Vo ajab, bunchalar, nafis va beg‘uborsiz? Bunchalar, yangi dunyoga kelgan chaqaloqdek pokiza bo‘lmasangiz, qizg‘aldoqlar! Izn bering, poyingizga tiz cho‘kay! Bayroqdayin hilpiragan qizg‘aldoqlar...
...
To‘g‘risi, har bahor seni izlayman. Yuragim entikib, seningdek gurullab lov-lov yongim keladi. Mana umrimning qirqinchi bahori ostonasida so‘ppayib turibman. Xuddi seni qirq yil ko‘rmagandek. Ishon, sendan biror narsani tama’ qilib kelmadim. Tavba. Nimalar bo‘lyapti o‘zi menga, telbanamo bo‘lib qoldimmi? Yoki poeziyaga o‘xshash bir narsalar paydo bo‘lyaptimikin? Kimdir bordek atrofimda. Yoki, meni sen bilan gaplashayotganimni kimdir ta’qib qilayaptimi? Nima bo‘lsa bo‘lsin. Yurakdan aytayapman, bu gal chinakamiga lov-lov yonayotgan samimiy taftingga singib ketgim kelyapti. Bir ustozim, “Umid, shu, ba’zida baland-baland tog‘larning eng baland cho‘qqisiga chiqib baqirib yuborgim keladi“ deb ko‘p aytadi-da. Men: “Bu odam ichkarigayam, tashqarigayam sig‘mas ekanda“ deb, o‘ylab qolaman.
...
Inson o‘z idealining quli bo‘lishi kerakmi yoki ideallar insonning quli bo‘lsinmi? Bu juda mavhum tushuncha. Xuddi qasamyod tushunchasiga o‘xshash. “Yer yuzida yurgan odamlarning barchasi baxtli odamlardir“ deya, qadah so‘z boshlaydi doim bir shoir. Keyin davra so‘ngida sarmast bo‘lib, “Insonni yengib bo‘lmaydi!“ deya, stolni mushtlab qoladi. Nazarimda, Yaratganning eng mukammal yaratgani - Odamzod bo‘lsa kerak. Faylasufning gapiga qo‘shilaman. Qaysisiga deysizmi? “Dunyoda kamdan kam odamlar bir-birini tushunadi“ deganiga. Eng katta muammo ham shu, aslida. Biz odamlar so‘ngi paytlarda umuman bir-birimizni tushuna olmayotgandekmiz, go‘yo.
...
Shuning uchun ham, ko‘pchilik oshiqlar poyingga tiz cho‘kib yuboradi-da, qizg‘aldoq. Yuragimning allaqaysi joyidan hapriqib chiqayotgan bir nolani aytay: Juda charchadim. Nosamimiyatlikdan, yolg‘onlardan, ayniqsa, nigohlarda qotib qolgan mujdalardan... Ma’nosizlik, odamni juda zeriktirib yuborarkan, qizg‘aldoq. O‘zimni o‘zim aldabmi yo allalab yashayotgan odamga o‘xshab qoldim... .
...
Huv anavi, “Kattaqir“ni ko‘ryapsanmi? Qara, u yerda sening qavming qanday otash bo‘lib yonmoqda. Bilasanmi, men o‘sha qirlarda bir paytlar ot choptirganman. Chillak o‘ynab o‘sganman. Yozning jazirama chillasida ham shu qirda hurillab “Oylabot“ shamoli esardi. Yanchilgan no‘xat, kunjut, undov va bug‘doy sovurardi, odamlar o‘sha pallalarda bu qirlarda, qizg‘aldoq. Men ham qiziqqon ko‘ksimni shu shamollarda ko‘p sovurganman. Qara, ular qanchalar lov-lov yonmoqda. “Oylabot“ shamoli esa uning hovurini battar ko‘kka purkamoqda...
...
Aslida, buyuklarning ko‘pi bu dunyoga qo‘l siltab ketgan... ... Ey, bahorning nozik mehmoni. Ey, Qizg‘aldoq. Endi, Sen bilan xayrlashmoqchiman. O‘ylab-o‘ylab ko‘rsam, hali ko‘p qiladigan ishlarim bor ekan, bu bevafo dunyoda. Shaharga qaytishim kerak. Hoziroq. Chunki, meni uyimda ko‘zi munchoqdek bo‘lib bolalarim kutib o‘tirishibdi. Keyingi bahorda uchrashguncha xayr, Qizg‘aldoq!

Umid SORIEV

O‘zA
4 974