O‘zA O`zbek

13.09.2020 Chop etish versiyasi

Yoʻldaliklar...

Yoʻldaliklar...
Yurt manzillari boʻylab sayohat

Ulkan hayot bogʻida bir jadval bor, tarkibi ne bir odamiylik husnidan ulgu olgan. Qalb toʻriga Vatan suvratin chizgan. Bu jadvalning nomi mehr.

Yurakni keng qoʻyib roz aytmoqqa chogʻlansangiz bormi, moʻtabar va betakror diyor oʻz tilsimlarini, unda istiqomat qilayotgan insonlar esa fazilatlarini qayta-qayta namoyon etaveradilar. Koʻrar koʻzingiz pok, eshitar murvatingiz soz boʻlsa bas. Ana ajinlari xarita misol oʻtmish tarixini muhrlagan otaxon, qaddi yoy kabi egilgan mushtipar ona oʻtgan kunlardan soʻz ochib qolsa, tinglab hayratingiz oshishi tayin. Bu kunlarga osonlik bilan erishilmagani, to oydin manzillarga yetgunga qadar qancha armon, qancha oʻkinch, sabr va matonat yoʻli bosib oʻtilgani ayon boʻladi.

– Momolar bejizga uying bugʻdoyga toʻlgur deya alqamaydi. Bugʻdoyi bor uyning eshigidan egalari qaddini tik tutib, adl kirib chiqadi. Bir paytlar bir hovuch bugʻdoy bilan qolganimiz, erta nima qilamiz deb peshona tirishtirib turganimiz tarix. Yovgʻon uchun dala chetiga toʻkilib qolgan bugʻdoy donlarini yigʻib yurgan kunlarimiz oʻtdi. Oʻtgani oʻtgan boʻlsin. Bugun mana shukur, xirmonlarimiz bugʻdoyga toʻla, dasturxonlarimiz toʻkin. Mehmonga boring, tuzalgan dasturxonga nozi neʼmat qoʻymoq uchun joy topilmay qoladi. Odamlarimiz tanlab, topib kiyinmoqda. Uy-joylarning chiroyini aytmay qoʻya qolayin. Oʻlchamni aniq olib, uzoqni koʻzlab amalga oshirilgan ishlarning samarasi bugungi kunlar.Oroyish osoyish topgan vatanda yayrab-yashnab yurgan oʻgʻil qizlarni koʻrib faqat shukur qiladi, odam. Axir bu kunlarni orzu qilib, yetolmaganlar qancha? Ularning oldidagi qarzimizni uzishimiz uchun ham bu kunlarni sadagʻasi boʻlish, mehnat qilib yanayam rohat topishni bilish kerakda, qizim, – yetmish yosh ostonasidagi Shodiyor otaning aytganlari tarixning tarhini chizib beradi.

– Sizga aytsam qizim, mustaqillikning eng birinchi belgisi bu xalqning oʻzligini anglatuvchi neʼmatlar bilan bogʻliq. Mana birgina ona tilini ayting. Bir paytlar oʻzimiz oʻzbek, yurtimiz Oʻzbekiston – oʻzbekcha gapira olmas edik. Tavba... yigʻilishlar faqat rus tilida boʻlardi. Amallab, hijjalab peshonamiz terlab yodlab olganimiz matnni aytamiz deng? Eslasam, qonim qaynab ketadi, hozir. Talab shunaqa edida. Mustaqillik tilimizni, qadriyatlarimizni oʻzimizniki qildiku?Mana yoʻlda ketayotib, sof oʻzbek tilidagi koʻcha yozuvlarini oʻqib borayapman. “Vatan”, “Oʻzbegim”, «Toʻyona», “Tillo sandiq”, “Gazlamalar”, “Sarupo”, “Arzanda”, “Chevar” – koʻngling yorishib ketaveradi, – deydi ustoz jurnalist Boʻri Norqobilov suhbat davomida. – Yoʻq emas, bitta yarim tilimizga botishmagan soʻzlarni doʻkoniga ilib kerilib yurganlaram bor oramizda. Ha, ularam oʻzi anglab, tushunib bularni bartaraf etar, buning uchun ozgina vaqt kerak. Or-nomus bilan bogʻliq tushunchalar Vatan mehrini namoyon qiladi. Ona yurt, oltin ostonani asrash, uni ardoqlash ishi – kishining diyonati, sadoqati bilan bogʻliq...

Qarshi shahri boʻylab tashkil etilgan tadbir davomida sohalar rivojiga munosib hissa qoʻshgan mehnat faxriylar va faollar, yoshlar yangi olib kelingan zamonaviy avtobuslarda shaharning tarixiy maskanlarida boʻlishdi, keng va ravon koʻchalar boʻylab sayohat qilishdi. Yangi qurilgan mustaqillik inshootlari bilan tanishdi. Sizga aytsam, turnaqator tizilib shahar boʻylab harakatlangan avtobuslar ichida uch avlod uchrashuvi oʻtkazildi. To, manzilga yetgunga qadar suhbatlar qoʻr olib, gurung xalta boyib boraverdi.

– Bu zamonaviy avtobuslarda ketayotib, talabalik yillarim yodimga tushdi. Qiyoslasangiz bilinadi, yutuqlar, muvaffaqiyatlar. Biz bilgan avtobuslar xotira boʻlibdi, mana. Bu avtobusning oʻrindiqlari yumshoq, yurgani bilinmaydi. Sovutgich oʻrnatilgan. Odamlarni asrash, uning manfaati uchun xizmat qilishning namunasi bu! Men taʼlim tizimida ishlayman,dotsentman. Taʼlimga qaratilayotgan eʼtiborni tobora his qilib, faqat ilm, bilim gʻolib kelishini anglamoqdamiz. Yaqinda masofaviy seminar orqali xorijlik hamkasblar bilan muloqot qildik. Yoshlaringiz ancha ilmga chanqoq, buning uchun zamin yaratilgan. Eʼtibor bor joyda oʻsish, yuksalish boʻladida deydi chet ellik mutaxassislar. Ha, qani endi yosharib qolsangda, yana katta kuch bilan ishlasang. Shoir Hamid Gʻulom aytganmidilar: Oh, sening yoshliging menda boʻlsaydi! Ortimizdan kelayotgan oʻgʻil-qizlarga ishonch bildirib duodamiz, – deydi Zulfiya Qurbonova.

– Mustaqillik mana shundaygina oʻgʻlon boʻlsa, bagʻrimga bosardim, peshonasidan oʻpardim, – deydi Oʻzbekiston Qahramoni Abdumurod Bozorov. – Mehnatsevar xalqqa bu kabi yangilanishlar yarashadi. Mana shu koʻcha yaʼni Alisher Navoiy va Nasaf koʻchalari tutashgan hamda Jayhun koʻchasiga qarab chiqadigan yoʻl aytsam ishonmaysiz 10 yillardan beri juda qarovsiz ahvolga kelib qolgan edi. Asosiy yoʻllardan biri, ammo qishda loy, yozda chang. Oʻtishga qoʻrqar edi, odam. Soʻrab bildim, davlat tomonidan ajratilgan mablagʻning 15 mlrd soʻmi evaziga qarang, yoʻlning 3,5 km dan ortiq qismi qanday koʻrinish olibdi. Hali bu boshlanishi, yana bir aylanib kelsangiz bu yerlarni tanimay qolasiz, deydi yoʻlsoz. Shu ishlarni boshida turganlar qancha savob, qancha duoni oldi.Koʻz tegmasin. Kun uzogʻi bilan «Abu Ubayda ibn al Jarroh» ziyoratgohiga bordik, “Shuhrat” qoʻrgʻonida boʻldik, “Nuroniylar” maskani, “Elektron kutubxona”, xususiy shifoxonalar... ich-ichimda bir kechinma oʻtmoqda. Bu obodonchilik, bu bunyodkorlikni qadrlash hissi. Yoshlarimiz qadriga yetsin.

Tungi Qarshi jamoli. Vatan bayrogʻi hilpirab turgan koʻchalar. Son-sanoqsiz chiroqlar. Goʻyo osmondagi yulduzlar yerga tushganu shahar koʻrkiga zeb berish uchun bor mahoratini ishga solayotgandek. Tadbir ishtirokchilari viloyat teatri oldidagi xiyobonda kun taassurotlarini oʻrtoqlashdilar. Ularga sovgʻalar taqdim etildi. Yangi nashrdan chiqqan “Zumrad voha nasimlari” bayozi sovgʻaning aʼlosi boʻldi.

– Yurtni sevgan, Qashqadaryoni ardoqlagan inson kitob yozadi, bunyodkorlik ishlarini amalga oshiradi, daraxt ekadi. Bu yaxshilik uzoq yashaydigan, oʻz egasiga doimo savob yogʻdirib turadigan amaldir, – viloyat rahbari Zoyir Mirzayevning aytganlari ishtirokchilar qalbiga ezgu maqsadlarni soldi. Ijodkorlar uchun tugʻilajak asarga gʻoya berdi.

Ha, doʻmbirasin qoʻlidan qoʻymay roz aytadi bunda baxshilar, chiroy ochar xar bir mahalla, qishloq ovul,unda yashar faqat yaxshilar. Yigitlarni chiniqtirish, qizlarni hayotga tayyorlash ularni sinovlariga dosh beradigan mard va jasur boʻlishlari yillar osha yashab kelayotgan boy anʼana, urf-odatlarining oʻrni boʻlakcha. Oʻrnak, ibrat va saboq berish kabi bir necha niyatlar barobar olib boriladida...

Sen shunday azim qalbli insonlar bilan bir kunni oʻtkazibsan, nima yuqtirding, dersiz? Gʻamlab-gʻamlab bir saodatni oldim,halol mehnat insonni eʼzozlaydi. Yurakni katta, qarashlarni oʻktam va niyatlarni pok qiladi.

– Kun boʻyi yurdik, charchab qolsam kerak degandim, yoʻq qaytanga kuchga toʻldim, erta oʻzim yurgan manzillardan nevaralarimni olib oʻtaman, sayohatga olib chiqaman. Oylab uydan chiqmay oʻtirishibdi, bir sevinishsin, - deydi Salomat opa Komilova qaytar chogʻimizda.

Yuz bora eshitgandan, bir bora koʻrgan afzal. Qashqadaryoga keling!

Ziyoda AMINOVA,
jurnalist

10 826
OʻzA