O‘zA O`zbek

14.03.2019 20:32 Chop etish versiyasi

Yaxshilar yodi oʻchmagay

Yaxshilar yodi oʻchmagay

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida Jonrid Abdullaxonovning 90 yilligiga bagʻishlangan xotira kechasi boʻlib oʻtdi.

Tadbir ishtirokchilari adibning samarali ijodi haqida iliq fikrlar bildirdi, unutilmas xotiralarni yodga oldi.

Adabiyotimizga oʻtgan asrning 50-yillarida bir guruh isteʼdodli yosh ijodkorlar kirib keldi. Ular orasida Jonrid Abdullaxonovning ham oʻziga munosib oʻrni bor. U 1929 yili Namangan viloyatida oddiy mehnatkash oilasida dunyoga kelgan.

Jonrid Abdullaxonov avval Oʻrta Osiyo davlat universitetining jurnalistika fakultetini, soʻng Moskvadagi Oliy adabiyot kursini tugatdi. Bir tomondan Oydin, Said Ahmad, Hamid Gʻulom, Hakim Nazir, Turob Toʻla, ikkinchi tomondan Konstantin Paustovskiy, Stepan Zlobin kabi adiblar unga ustozlik qildi. Radio va televideniyedagi hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasidagi ijodiy muhit uning yozuvchi boʻlib shakllanishida muhim rol oʻynadi.

Jonrid Abdullaxonovning “Maktabdoshlarim”, “Hikoyalar”, “Toʻyga kelinglar”, “Tong yorishgan sohilda” kabi sheʼriy va hikoyalar toʻplamlari nashr etildi. Uning “Gulchehra” (1962) qissasi qurilish-bunyodkorlik haqida edi. Adibning birinchi yirik epik asari ‒ “Yoʻl” romani ham xuddi shu bunyodkorlik, inson tashvishlari, hayot kechinmalari haqida hikoya qiladi. Shundan soʻng muallifning ketma-ket “Borsa-kelmas”, “Xonadon”, “Suiqasd” kabi romanlari chop etildi.

“Toʻfon” ishchilar sinfi hayotidan hikoya qilsa, “Borsa-kelmas” romanida Orol dengizi muammosi, ona tabiat muhofaza masalalari oʻz ifodasini topgan. Adibning “Oh, oʻsha koʻzlar” toʻplamidan soʻnggi yillarda yaratgan hikoyalari, hangoma va xotiralari oʻrin olgan.

Gulnoza Boboyeva, OʻzA
1 002