O‘zA O`zbek

08.10.2019 Chop etish versiyasi

Yaqin tarixga bir nazar

Yaqin tarixga bir nazar
Taqdimot

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida serqirra ijodkor Zokir Xudoyshukurning “Tuzoq” nomli kitobi taqdimoti boʻldi.

Unda adabiyotshunos olimlar, yozuvchi-shoirlar, yosh ijodkorlar va adabiyotga oshno talabalar ishtirok etdi.

“Tuzoq” zamonaviy koʻrinishga ega boʻlib, undan adibning xalqona tilda yozilgan “Tuzoq” va “Oq oʻtovning mungli oʻlani” qissasi, “Qaytar dunyo”, “Soʻnggi ov”, “SMS sevgisi” va “Kayvoni momo choʻpchaklari”(turkum) hikoyalari oʻrin olgan.

Tadbirni Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid olib bordi. Adib mahorati, kitobning tarixiy va badiiy ahamiyati haqida iliq fikrlar bildirildi. Zokir Xudoyshukurning yozganlari ustoz yozuvchi Togʻay Murodni yodga solishi va unda xalqona dostonlarimizni eslatadigan baxshiyona ohang borligi taʼkidlandi.

Bugun adabiyotimiz tarixiy asarlarga muhtoj. Zokir Xudoyshukur yaqin tariximizga nazar solgan. Bu yoʻl davomli boʻlishidan nafaqat biz, qolaversa, oʻzbek adabiyoti umidvor. Chunki bu turdagi badiiy asarlar kamayib ketmoqda. Tarixiy asar yozishning oʻzi boʻlmaydi. Bunda ijodkor faqat yozuvchigina boʻlib qolmasdan, tarixni yaxshi biladigan inson boʻlishi kerakligi qayd etildi. Ustoz yozuvchi Shukur Xolmirzayev barcha ijodkorlarga oʻrnak boʻladigan “Yozuvchi qanday yozishi muhim emas, nimani yozishi muhim” degandi. “Tuzoq” oʻzbek yozuvchisi yozishi muhim sanalgan tarixiy mavzudagi asardir.

– Madaminbek haqida avvallari koʻp eshitardim, oʻqirdim, ammo u haqida asar yozish ishtiyoqi boʻlmagan. Uning qabr toshidagi rafiqasi tilidan aytilgan “Turing begim, gunohlarni yuvaylik, Bosqinchini ona yurtdan quvaylik!” jumlasini oʻqiganimdan soʻng, menda u haqida qissa yozish tuygʻusi paydo boʻldi. Madaminbek qoʻrboshining ayanchli oʻlimi haqida turli maʼlumotlar uchraydi. Bu haqida uzoq tortishish ham mumkin. Men oʻz asarimda uning aynan bu holatda koʻnglimga yaqin deb bilgan muqobil variantini tanladim. Oʻquvchi esa buni inobatga oladi, degan umiddaman. Asar “Tuzoq” deya nomlanishi ham Madaminbekning kuchli salohiyatga egaligi bilan birga ishonuvchan va sodda ekanligiga ishora, – dedi Zokir Xudoyshukur.

Tadbir ishtirokchilariga “Tuzoq” toʻplami sovgʻa qilindi.

769
Dilobar MAMATOVA, Temur MAMADAMINOV (Surat), OʻzA