O‘zA O`zbek

27.02.2020 Chop etish versiyasi

Yangi kitob

Yangi kitob

Koʻngilning surati qanday?

Yapon olimi va shifokori Masaro Emotoning yozishicha, har bir odamda, hatto uning har bir hujayrasida koinot haqidagi axborot saqlanadi. Bu — hozirgi zamon fizikasi va ezoterikasi xulosasi!

Ammo bu buyuk haqiqatni Navoiy bobomiz bir necha asr ilgari aytib oʻtgan: “Ki Haq sirri zotida pinhon erur”..

Badiiy adabiyot odamning hujayralarida bitilgan ana shu bitiklarni qisman boʻlsa-da, maʼnosini chaqish, anglash vositasidir. Shu sababli ham chinakam badiiy asarni idrok etish — hech qachon nuqta qoʻyilmaydigan adabiy jarayon.

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, adabiyotshunos Suvon Melining “Soʻzu soʻz” asarida ana shunday qiziqarli tahlilu talqinlarni maroq bilan mutolaa qilasiz.

“Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan chop etilgan mazkur kitobga muallifning salkam qirq yillik ijodidan saralangan maqola va suhbatlari kiritilgan.

“Adabiyot hisli koʻngil mahsuli va faqat shunday koʻngil yordamidagina oʻz qalbini tadqiqotchiga ochadi, — deb yozadi muallif. — “Oʻtkan kunlar” romanidagi “Navo kuyi” bobida shunday tasvir va tadqiq bor: “Dutorning nozik torlaridan, tilsimlik yuraklaridan chiqgʻan “Navo” kuyi oʻz nolasiga tushunguchi Otabekdek yigitlarga juda muhtoj edi. Oʻz dardiga tushungan bu yigitka borgʻan sayin dardini ochib soʻzlar, yigʻlab va ingrab soʻzlar edi… Eshitkuchi esa dunyosini unutib yigʻlar, kuchini yigʻishtirib yigʻlar va hasratu alamini koʻz yoshisi bilan toʻkib yigʻlar edi…”

Bu oddiy tasvir emas. Bu sanʼat, musiqa kuchini koʻrsatishda soʻz ojiz qolgan nuqtada yana soʻz va tuygʻu yordamida holatning qayta tiklanishi, yaʼni juda noyob tasvirdir. Buni hisli koʻngilning badiiy portreti de¬yish mumkin.

“Soʻzu soʻz” kitobida adabiyot falsafasiga ana shunday chizgilar berilgan.

Yangi asar bilan tanishib, soʻz sanʼatiga oʻzgacha nigohni ilgʻashingiz, adabiyotning sehrli olami bilan oshno boʻlishingizga ishonamiz.

2 398
OʻzA