O‘zA O`zbek

16.04.2018 13:23 Chop etish versiyasi

Yangi iste’dodlar kashf etilmoqda

Yangi iste’dodlar kashf etilmoqda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tashkil etilgan "Yoshlik bahori" yosh opera ijrochilarining respublika ko‘rik-festivali g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Shu munosabat bilan mazkur san’at maskaniga turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlarning vakillari, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning mutasaddilari, talaba-yoshlar, opera muxlislari taklif etildi.

5.JPG

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari O.Nazarbekov va boshqalar mamlakatimizda ijodkor yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularni rag‘batlantirish, yangi-yangi marralar sari ruhlantirish masalasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda ustuvor o‘rin egallashini ta’kidladi.

Mamlakatimizda tizimli tarzda o‘tkazilayotgan san’at festivallari, ijodiy tanlovlar Jenisbek Piyazov, Samandar Alimov, Abdulla Shirinov, Rahim Mirzakamolov, Rustam Alimardonov, Ma’suma Boltaboyeva, Barno Ismatullayeva, Shirin Mamatova singari opera sohasida izlanayotgan iste’dod sohiblarini kashf etishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

22.JPG

23.JPG

– Ushbu ko‘rik-festival yurtimizda opera san’atiga astoydil qiziqayotgan yoshlarning safi tobora kengayib borayotganini ko‘rsatmoqda, – deydi ko‘rik-festival hakamlar hay’ati raisi, O‘zbekiston xalq artisti Ramiz Usmonov. – Bir paytlar opera bo‘yicha atigi 5-6 talaba tahsil olgan bo‘lsa, ushbu ijodiy loyihada qatnashgan 70 nafardan ortiq ishtirokchining 50 nafardan ziyodi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabalaridir.

Ko‘rik-festival yakuniga ko‘ra, erkin ijodkor Damir Rahmonov hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabasi Kamoliddin Muhammadiyev birinchi o‘ringa munosib topildi. Barcha g‘olib va sovrindorlarga diplom va mukofotlar topshirildi.

Opera yulduzlari hamda festival g‘olib va sovrindorlari ishtirokidagi gala-konsertda yurtimiz, jahon kompozitorlarining eng sara asarlaridan namunalar yangradi.

Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
6 348