O‘zA O`zbek

04.04.2019 Chop etish versiyasi

Yana bir marta Amir Temur haqida kino suratga olinmoqda

Yana bir marta Amir Temur haqida kino suratga olinmoqda

Bosh rolda kim?

O‘zbek kinochilari komediya janriga ko‘proq urg‘u berib, faqat maishiy mavzularga o‘ralashib qolgani sir emas. Oqibat shu darajaga borib yetdiki, keyingi vaqtlarda tarixiy filmlarni suratga oladigan rejissyor, tarixiy shaxslar rolini maromiga yetkazib ijro etadigan aktyorlar yo‘q, degan tushuncha paydo bo‘ldi.

Yaxshiki, Prezidentimizning 2017 yil 7 avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori esa sohaga e’tiborni tubdan o‘zgartirib yubordi, keng imkoniyatlar eshigi ochildi.

Shu qaror asosida buyuk ajdodlarimiz siymosini faqat va’zxonlik, pand-nasihat orqali emas, balki badiiy, badiiy-publitsistik, badiiy-hujjatli, animatsion va boshqa jarnlardagi tarixiy filmlarni suratga olish orqali jonlantirish, ular millatimiz g‘ururi, faxrimiz ekanini yoshlar ongiga singdirish ishlari jadal boshlandi.

Bu qutlug‘ jarayonda milliatimiz tarixida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan shaxslardan biri – Xiva xonining bosh vaziri hayoti haqida “Islomxo‘ja” badiiy-publitsistik filmi suratga olindi. Islomxo‘ja XIX asr oxiri XX asr boshlarida Xiva xonligida, avval Muhammad Rahimxon II (Feruz), so‘ngra uning o‘g‘li Asfandiyorxonga (Farrux) xizmat qilgan. 17 yoshida hokimlik lavozimiga o‘tirgan ushbu shaxs bilimi, keng dunyoqarashi, xalqparvarligi bilan aholi qalbidan joy olgan. Soliq, savdo-sotiq, bunyodkorlik, madaniyat sohalarida islohotlar qilish taklifi bilan chiqqan Islomxo‘ja aholini talaydigan, mol-mulkini talon-toroj qilib, boylik orttiradigan amaldorlarni keskin tanqid qiladi. Xalq farovonligi uchun amaliy choralar ko‘radi.

Mutaxassislarning fikricha, bu film muvafaqqiyatli suratga olindi. Tajriba shuni ko‘rsatdiki, tarixiy janrda suratga oladigan operator, rejissyor va aktyorlar sanoqli bo‘lsa-da, bor.

Bundan tashqari, mo‘g‘ul bosqiniga qarshi kurashgan ajdodlarimiz hayotidan hikoya qiluvchi “Elparvar” badiiy filmi suratga olindi. Filmda XII asr oxiri XIII asr boshlarida Markaziy Osiyo hududida Chingizxon istilosi bilan bog‘liq voqealar aks etgan. Filmning bosh qahramoni, o‘z qishlog‘ini qutqarish uchun dushmanga qarshi kurashgan o‘spirin kamonchi yigit – Muqbil. Filmda, shuningdek, o‘sha davr qahramoni Jaloliddin Manguberdi obrazi ham o‘ziga xos uslubda yoritilgan.

– “Elparvar” katta bir epopeya sifatida dunyoga kelishi rejalashtirilayotgan “Jaloliddin Manguberdi” badiiy filmining debochasi bo‘ldi, – deydi “O‘zbekkino” milliy agentligi boshqarma boshlig‘i Olimjon Davlatov. – Jaloliddin Manguberdi haqida 7 variantdagi ssenariylar orasidan yozuvchi Nazar Eshonqulning adabiy ssenariysi Badiiy kengash muhokamasidan o‘tib, ishlab chiqarishga tushirildi. Ushbu filmni suratga olish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Imom Buxoriy haqida “Haqiqat sari yo‘l” adabiy ssenariysi yaratilmoqda. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali taniqli rejissyor Hilol Nasimov bilan hamkorlikda “Buyuk Amir Temur” badiiy filmi ssenariysi ustida ishlamoqda. Bu badiiy film ssenariysi “O‘zbekkino” milliy agentligi Badiiy kengashida muhokama qilindi va kengash a’zolari xulosalari asosida qayta ishlanishi tavsiya qilindi. Bundan tashqari, Jahongir Ahmedov va Hasan Toshxo‘jaev hamkorlikda yozgan “Bibixonim” ssenariysi Badiiy kengashga taqdim qilindi. Bu ssenariy ham mutaxassislar tomonidan o‘rganilmoqda.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, tarixiy shaxslar haqida filmni suratga olishda faqat rejissyorlar emas, balki tarixchilar, psixologlar, olimlar va boshqalarning taklif, mulohazalari inobatga olinadi. Sababi kino bu shunchaki ishlab chiqarish emas, u millat genofondini shakllantirishga munosib hissa qo‘shadigan bir jarayon hisoblanadi.

– Tarixiy filmni suratga olish juda qiyin ish, – deydi O.Davlatov. – Masalan, rejissyor Boris Kimyogarov “Rustam va Suhrob” filmini suratga olish uchun Sobiq Ittifoqning jamiki ot firmalaridan ot izlagan. Nihoyat Voronejdan topilgan ekan. Endi tasavvur qiling, Amir Temurning oti, qurol-aslahalarini topish uchun uzoq izlanish zarur. Buning uchun anchagina mablag‘ kerak. Chunki bu shunchaki filmdagi oddiy detal emas. Arxiv filmlarning yana bir qiyinchiligi bor. Har bir insonning ko‘nglida o‘z Amir Temuri, Navoiy va Boburi bor. Suratga olingan film ular tasavvuridek bo‘lmasa, bu obrazni inkor etishi mumkin. Alisher Navoiy haqida 60 yil avval olingan badiiy filmdagi Guli obrazi haligacha tomoshabinlar tomonidan ayni haqiqat sifatida qabul qilinadi. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” asarlari asosida suratga oligan filmlar adibning xalq orasida mahbubligi va maqbulligi yo‘lida katta xizmat qilgan. Xuddi shuningdek, bugungi kunda suratga olinishi rejalashtirilayotgan tarixiy filmlar ham tomoshabin tasavvurini boyitib, ko‘nglidan joy olishi kerak.

Mutaxassisning ma’lum qilishicha, “Buyuk Amir Temur” badiiy filmida qaysi aktiyor-aktrisalar ijro etishi hali aniq emas.

2 921
Xurshid Qodirov, O‘zA