Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

10.08.2017 17:45 Chop etish versiyasi

"Yagonasan, muqaddas Vatan!" respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi

"Yagonasan, muqaddas Vatan!" respublika ko‘rik-tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi Vatanni sevmoq, uni avj pardalarda tarannum etmoq shoir, bastakor, xonandadan yuksak mas’uliyat, mahorat, professional yondashuvni talab etadi.

Mustaqilligimizning 26-yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan "Yagonasan, muqaddas Vatan!" respublika ko‘rik-tanlovi jonajon O‘zbekistonimizni ulug‘lovchi yuksak saviyali musiqiy asarlarni tinglovchilarga taqdim etishdek maqsadlarni ko‘zlagani bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida mazkur ijodiy tanlovning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda loyihaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, turli vazirlik va ijodiy tashkilotlar tizimlarida g‘olib bo‘lgan ijrochilar, badiiy jamoalar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari O.Nazarbekov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan san’at, madaniyat, adabiyot ahliga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor badiiy jihatdan barkamol asarlar yaratilishida muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 3-avgust kuni ijodkor ziyolilar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida, milliy san’atimizning turli yo‘nalishlarini ravnaq toptirishga oid qabul qilinayotgan qarorlarda bunday g‘amxo‘rlik o‘zining yaqqol tasdig‘ini topdi. Ijod ahli san’atning qay bir yo‘nalishi bo‘lmasin, hamisha hayotning oldingi saflarida bo‘lmog‘i zarurligini, doim ma’naviy bedor, yoshlar tarbiyasi, didi va saviyasini yuksaltirish, ularni ezgu g‘oyalar asosida kamolga yetkazishda mas’uliyatni teran his etishi zarurligini bugun hayotning o‘zi isbotlamoqda.

"Yagonasan, muqaddas Vatan!" ijodiy loyihasiga 2009-yil Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan asos solingan. Ushbu ko‘rik-tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodni Vatanga muhabbat, uning kelajagi uchun daxldorlik, mustaqillik g‘oyalariga sadoqat, milliy an’ana va qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashdan iboratdir.

Prezidentimizning 2017-yil 27-iyundagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaroriga muvofiq joriy yilda mazkur san’at bayrami "Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!" deb nomlangan ezgu shior ostida bo‘lib o‘tmoqda. Yurtimizning tinchligi va taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi, farzandlar kamoloti uchun har birimiz fidoyi bo‘lmog‘imiz zarurligi tanlovga taqdim etilgan musiqiy asarlarning bosh mazmunini tashkil etdi.

Ko‘rik-tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlardagi bosqichlari yuksak saviyada o‘tkazildi. Bastakorlar, shoir va xonandalar ishtirokida yurtimizni tarannum etuvchi yetuk musiqiy asarlar yaratildi.

– Bugun jonajon diyorimizga bo‘lgan bor mehrimiz, sadoqatimizni halol va fidoyi mehnat, yuksak saviyadagi ijod namunalari yaratish bilan isbotlaydigan davr keldi, – deydi O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi raisining o‘rinbosari, tanlov hakamlar hay’ati raisi Habibulla Rahimov. – "Yagonasan, muqaddas Vatan!" ko‘rik-tanlovi bu borada ijodkorlarning iste’dodi va mahoratini keng jamoatchilik, san’at ixlosmandlariga namoyon etish uchun o‘ziga xos imkoniyatdir.

Ko‘rik-tanlovda O‘zbekistonimizni, uning maftunkor tabiatini, mehridaryo xalqimizni, shijoatli yoshlarimizni madh etuvchi qo‘shiqlar yangradi. Qatnashchilarning ijrosini baholashda sahna madaniyati, san’atkor odobi, musiqiy asarning sifati va saviyasi, ijro mahorati kabi mezonlarga asosiy e’tibor qaratildi.

"Yagonasan, muqaddas Vatan!" respublika tanlovining g‘olib va sovrindorlari Vatanimiz mustaqilligining 26-yillik bayrami arafasida e’lon qilinadi.

Nazokat Usmonova, Temur Mamadaminov (surat), O‘zA
1 064






Все о погоде - Pogoda.uz