O‘zA O`zbek

17.06.2018 19:40 Chop etish versiyasi

Xotira uyg‘onsa go‘zaldir

Xotira uyg‘onsa go‘zaldir Xotira aziz va muqaddas. Milliy ma’naviyatimiz ravnaqiga hissa qo‘shgan ijodkor ziyolilar xotirasiga hurmat va ehtirom ko‘rsatish, ularning faoliyati, ijodini yodga olish barchamizning chin insoniy burchimizdir.

Poytaxtimizdagi“Xalqlar do‘stligi” saroyida tashkil etilgan "Unutmoq osonmas...” xotira dasturi turkumidagi musiqiy kecha milliy ma’naviyatimiz va ma’rifatimiz, adabiyot namoyandalari, kinematografiya, suxandonlik san’ati, mumtoz qo‘shiqchilik va estrada rivoji yo‘lida fidokorona mehnat qilgan san’atkorlar yodiga bag‘ishlandi.

Yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida milliy madaniyatimiz va san’atimizni ravnaq toptirish, ijodkor ziyolilarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratish masalasiga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ezgu sa’y-harakatlarda ustoz adib va shoirlar, ma’rifat fidoyilari, san’at darg‘alari xotirasini e’zozlash, ularning ijod yo‘li, merosini yosh avlodga chuqur o‘rgatish, bunday bebaho merosdan xalqimizni kengroq bahramand etish alohida o‘rin egallaydi. 

photo_2018-06-17_21-08-54.jpg

Qutlug‘ Ramazon oyida alohida ehtiyojmand oilalarga ko‘mak ko‘rsatish, mahallalar, ziyoratgohlarni obodonlashtirish, keksalar, bemorlar, yordamga muhtojlar holidan xabar olishdek an’analarimiz bor bo‘y bastini namoyon etdi. Milliy ma’naviy-madaniy merosimiz targ‘ibotiga bag‘ishlangan mazkur musiqiy dastur ham bu yo‘nalishdagi ezgu ishlarning yana bir namunasi, deyish mumkin. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ulg‘ayib kelayotgan avlodda milliy san’atimiz va madaniyatimizga, ibratli qadriyatlarimizga bo‘lgan mehr va hurmatni tobora kuchaytirishdan iboratdir.

– Ushbu musiqiy dasturimizda fanimiz, madaniyat va san’at ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan insonlarning aziz xotirasi yodga olinadi, – deydi "Unutmoq osonmas...” ijodiy loyihasining g‘oya muallifi va sahnalashtiruvchi rejissyori Zokirjon Qayumov. –Benazir ilm-ma’rifat sohiblari, ustoz san’atkorlar, shoirlar, so‘z san’ati ustalari, kino, musiqa, xoreografiya bilimdonlarining merosi yoshlarga har jihatdan ibrat va namuna maktabidir.

... Chorlov musiqasi yangraydi. Sahnaga o‘rnatilgan ulkan ekran orqali namoyish etilayotgan video-lavhalarda umrini ma’naviyatimiz, adabiyot, san’atning gullab-yashnashiga bag‘ishlagan insonlarning siymosi gavdalanadi. Adabiyotimizni xalqimizning suyukli shoirlari, O‘zbekiston Qahramonlari Erkin Vohidov hamda Abdulla Oripov ijodisiz tasavvur etish mushkul. Milliy ma’naviyatimiz fidoyilarining otashin she’rlari kirib bormagan xonadonni topish mushkul.

Mohir rejissyor, san’at arbobi Shuhrat Abbosovning filmlari yurtimiz va xorijda ham shuhrat qozongan. O‘zbekiston xalq artisti O‘lmas Alixo‘jayev ijro etgan rollari milliy ruhi, betakrorligi bilan muxlislar qalbdan o‘rin olgan. Taniqli xonandalar Olmaxon Hayitova, Kamoliddin Rahimov, Faxriddin Umarov musiqa san’atimiz yo‘lida samarali mehnat qilgan bo‘lsa, Nasiba Maqsudova,Abdumo‘min O‘tbosarov, Dildora Qayumova singari taniqli suxandonlar ona tilimizning, so‘zning qadr-qimmatini baland bilgan, kasbiga sadoqatli ijodkorlaredi.

– Bu insonlarning faoliyati yoshlarga o‘zligimizga, milliy merosimizga cheksiz hurmat va ehtiromdan, kasbiga mehr va fidoyilik, mas’uliyat bilan yondashishdan saboq beradi, – deydi O‘zbekiston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov. –Bugungi musiqiy kechadan ko‘zlangan maqsad zamirida ham yoshlarni ma’rifat, san’at va madaniyatimiz namunalaridan bahramand etishdek ezgu muddaolar mujassamligini ko‘rish mumkin.

Musiqiy kechada jonajon O‘zbekistonimizni, tinch va osoyishta kunlarimizni, odamiylikni, samimiy va umrboqiy ezgu tuyg‘ularni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.

Nazokat Usmonova, Oqil G'ulomov(surat), O‘zA
2 536