O‘zA O`zbek

14.03.2019 Chop etish versiyasi

Xorijdagi vatandoshimiz, oʻzbek yozuvchisi Hamid Ismoil rasmiylar uzr soʻrashini talab qilmoqda

Xorijdagi vatandoshimiz, oʻzbek yozuvchisi Hamid Ismoil rasmiylar uzr soʻrashini talab qilmoqda

Yozuvchiga bir qancha savollar bilan murojaat etganimizda, u bizni kutilmagan javobi bilan hayratlantirdi. Javobni hech qanday oʻzgartirishlarsiz eʼtiboringizga havola etamiz.

Hamid Ismoilning ”Jinlar bazmi” romani 2019 yilgi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki adabiy mukofoti gʻolibi boʻldi. Roman hozirda adabiyotchilar orasida turli muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Xususan, Yozuvchilar uyushmasi xodimasi Risolat Haydarova asar haqida quyidagicha fikr bildirdi:

“Arxivlar, oʻsha davrdagi matbuotni qayta titkilash nima uchun zarur boʻlib qoldi? Bilamizki, Buyuk Britaniya va Rossiya Oʻrta Osiyo uchun kurashgan. Muallif sovetlar zulmini koʻrsatish orqali siyosiy manfaat koʻzlagan boʻlishi mumkin. Biz bu asarga munosabat bildirishimiz kerak. Aks holda yoshlar ijtimoiy tarmoqdagi shov-shuvlarga uchishi mumkin”.

Nafaqat oʻzbek, balki xorijiy adabiyot ixlosmandlari orasida ham muhokama va qiziqish uygʻotgan asar borasida yozuvchi Nabijon Boqiy quyidagicha fikr bildirdi.

”Joʻrji Zaydon romanlari orqali millatdoshlariga oʻzining gapini aytib ketgan. Abdulla Qodiriy ham tarixiy poydevor ustiga qurilgan romanlarida oʻz zamoni uchun eng dolzarb muammoni – millat taqdirini jonli aks ettiradi, millati toʻgʻrisida qaygʻuradi. Hamid Ismoil ham qalbining qoʻrida asrab yurgan Vatan tuygʻusini qogʻozga oʻrab zamondoshlariga taqdim etadi. Tarixiy mavzuning uch yoʻnalishi boʻylab, bitta manzil tomon borib, millat va ummat mehrobiga topingan adiblarning xizmatiga munosib ajrni dorilbaqoda Oʻzi bergay!"

“Jinlar bazmi” – tarixiy roman janrining uchinchi yoʻlida yozilgan. Birinchi yoʻlda ulugʻ adibimiz Abdulla Qodiriy oʻzining ustozi deb bilgan atoqli arab yozuvchisi Joʻrji Zaydon samarali ijod qilgan. Biz shartli ravishda ”birinchi yoʻl” deb atayotgan nimarsa mazmuni nimadan iborat? Bunda badiiy asar vositasida oʻquvchi tarix bilan tanishtiriladi. Joʻrji Zaydon zahmatkash muarrix edi; oʻzi uzoq yillik izlanish-tadqiqotlari natijasida toʻplagan tarixiy haqiqatni roman shaklida kitobxonga yetkazadi. Abdulla Qodiriy esa Joʻrji Zaydondan farqli oʻlaroq ikkinchi yoʻlni tanlaydi va tarix vositasida badiiy haqiqatni ifodalaydi. Tarix Qodiriy bobo uchun shunchaki libos, xolos. U jonli obrazlar misolida biz qoʻldan boy bergan bebaho qadriyatlarimizni koʻrgazmali qurol sifatida koʻz oldimizda gavdalantiradi. Zamondosh yozuvchimiz Hamid Ismoil esa sovrindor romanida tarixiy silsila vositasida oʻquvchini jazavaga tushirib qoʻyadigan badiiy haqiqatni boʻrttirib aks ettiradi. Ustiga-ustak, badiiy vositalar bilan jazavador tarixiy haqiqatni aks ettiradi. Xususan, bir necha yuz yillardan buyon buyuk davlatlar (”sverxderjavы”) ”KATTA OʻYIN” qoidalari boʻyicha butun dunyoni ahmoq qilib kelayotganini oʻzbek oʻquvchisiga ilk bora roʻy-rost koʻrsatib beradi. Zahmatkash oʻzbek yozuvchisining tarixda birinchi boʻlib, 26 ming dollar (ikki yuz million soʻm!) mukofot olgani jiddiy voqeadir”. 

Hamid Ismoilning BBC tahririyatidagi hamkasbi Ibrat Safo asar haqida qisqacha shunday yozadi:

“Hamid aka Ismoilovning ”Jinlar bazmi” shaxsan men uchun oxirgi yillarda oʻzim oʻqigan eng kuchli asar desam boʻladi. Qodiriydek buyuk shaxs qismati, u davrda yuzaga kelgan siyosiy boʻlinishlar, mintaqamizdagi tashqi qudratlarning raqobati haqida bilishni istagan odamlarga uni oʻqishni tavsiya qilaman”

“Jinlar bazmi” haqida fikrlar xilma xil va tabiiyki ular asar bilan tanish boʻlmagan oʻquvchini mutolaaga chorlaydi. Umuman olganda, asar muallifi Hamid Ismoil mukofoti va oʻz asari haqida nima deydi. 

Yozuvchiga bir qancha savollar bilan murojaat etganimizda, u bizni kutilmagan javobi bilan hayratlantirdi. Javobni hech qanday oʻzgartirishlarsiz eʼtiboringizga havola etamiz.

“Azizim Anoraxon, kuyunchakligingiz uchun rahmat, lekin mening koʻnglimda katta gina bor. Bundan rosa ikki yil avval Toshkent qoʻnalgʻasiga uchib kelib birinchi qilgan ishim – doʻstlardan mashina soʻrab onamning mozor boshisiga oʻtmoqchi boʻlganimda, Oʻzbekiston rasmiylari meni oʻz Vatanimga kiritmay Istanbulga quvishgan. Bunday bedodliklar osonlikcha unutilmaydi. Oʻshanda oʻzimga: to bu rasmiylar rasman uzr soʻrashmaguncha, ular oʻziniki qilib olgan yerni yelkamni chuquri koʻrsin, deb aytganman. Uzr, lekin rahmatli onam meni oʻz soʻzida turuvchi qilib tarbiyalagan. Afsuski, savollaringizga javobim shu. Ishlaringizda zafarlar tilab, Abdulhamid akangiz”.

Hamid Ismoilga yuborilgan quyidagi savollar esa ochiq qoldi.

1. Oʻtgan asrning 60-yillarida mashhur boʻlgan yozuvchimiz Abdulla Qahhor: ”Oʻzbek adabiyotining dovrugʻi Toʻytepadan nariga oʻtmaydi”, degan edi alam bilan. Hamid aka, sizningcha, hozir oʻzbek adabiyotining dovrugʻi Shvetsiya Qirollik akademiyasigacha, yaʼni, Nobel mukofoti hayʼatigacha yetib bordimikan?

2. Badiiy asarlar bilan Yevropani zabt etish uchun ingliz, fransuz, ispan yoki hech boʻlmasa, rus tilida ijod qilish kerakmi? Yoxud kitobxonni maftun qiladigan asarlarni oʻzbek tilida yaratib qoʻyib, soʻng uni Yevropa tillariga adekvat-munosib tarjima qilib ham ”Eski dunyo”ga chiqish mumkinmi?

3. Hozirgi zamon turk yozuvchisi Orxan Pomuk va tobora tanilib borayotgan Xolid Husayn ijodi haqida nima deysiz? Ularning tajribalari yosh yozuvchilarimiz tomonidan atroflicha oʻrganilsa, adabiyotimiz ravnaqi uchun ne qadar foydali boʻlardi?

Savollar ochiq qolgan boʻlsa-da, ular ustida bosh qotirish bizningcha adabiyotimizga aloqador har kimning vazifasi.

4 102
Anora Sodiqova, OʻzA