O‘zA O`zbek

19.09.2020 Chop etish versiyasi

Xorijda malaka oshirish imkoniyati yaratildi

Xorijda malaka oshirish imkoniyati yaratildi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Hujjat asosida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yurituvchi oʻqituvchi va xodimlar “El-yurt umidi” jamgʻarmasi yordamida xorijda malaka oshirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Kelishuvga koʻra, xorijda taʼlim olish istagi boʻlgan nomzodlarni tanlab olish va tayyorlash ikki tomon hamkorligida tashkil etiladi. Shuningdek, tomonlar oʻrtasida xalqaro taʼlim tashkilotlari, xorijiy mamlakatlarning davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish, ularni taʼlim sohasida hamkorlik va rivojlanish boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga jalb etish rejalashtirilmoqda.

– Ushbu hamkorlik agentlik tizimida faoliyat yurituvchi mutaxassislarga oʻz malakasini oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Sarvar Boboxoʻjayev. –Kelgusida xorijda faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimiz ishtirokida agentlik tizimidagi taʼlim muassasalarida turli tadbirlar va xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda seminarlar, mahorat darslari tashkil etiladi. Istiqbolli hamkorlik taʼlim sifatini yana-da yaxshilashga koʻmaklashadi.

10 245
M.Toshqorayeva, OʻzA