O‘zA O`zbek

07.11.2019 Chop etish versiyasi

Xorazmda “Ozarbayjon madaniyat va adabiyoti kunlari” rasman ochildi

Xorazmda “Ozarbayjon madaniyat va adabiyoti kunlari” rasman ochildi

Qadimiy va boy madaniyatga ega Xorazm viloyatida Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi va Xorazm viloyati hokimiyatining qo‘shma loyihasi asosida “Ozarbayjon madaniyati va adabiyoti kunlari” o‘tkazilmoqda. Tadbir munosabati bilan viloyatning yirik shaharlarida Ozarbayjonga taalluqli bannerlar o‘rnatildi. To‘rt kun mobaynida Ozarbayjonning madaniyati, uning sayyohlik salohiyati, ilmiy va adabiy aloqalariga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkazildi.

Marosimning rasmiy ochilishi Urganch shahridagi Davlat musiqali drama teatrida o‘tkazildi. Dastlab teatr binosida “Bizning abadiy do‘stligimiz” ko‘rgazmasi, shuningdek, Ozarbayjon milliy kiyimlari modasi ko‘rgazmasi tashkil etildi. “Qorabog‘ Shikastasi” musiqasi jarangi ostida Urganch Davlat Universiteti talabalari Ozarbayjonning, shu jumladan, Qorabog‘ o‘lkasining milliy ayollar va erkaklar kiyimlarini namoyish etishdi.

Xorazm viloyati hokimiyati vakillari, Ozarbayjonlik mehmonlar, ko‘p sonli nufuzli mehmonlar ishtirok etgan tadbirning rasmiy ochilish marosimida Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov so‘zga chiqib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tarixiy munosabatlar, do‘stona aloqalarning yuksak rivoji haqida gapirar ekan, ko‘hna va buyuk madaniyatga ega Xorazm viloyatida “Ozarbayjoy madaniyati va adabiyoti kunlari”ning ochilishi katta bayram ekanligini ta’kidladi. Viloyat rahbari tili, madaniyati, qadriyatlari, dini o‘xshash bo‘lgan Ozarbayjon bilan munosabatlar O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Bokuda Turk Kengashi davlatlari rahbarlarining sammiti doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarni yodga olar ekan, u o‘z navbatida Urganch va Xivada Ozarbayjon madaniyati va adabiyotiga bag‘ishlangan ko‘p sonli tadbirlar o‘tkazilganini ta’kidladi.

Ochilish marosimida so‘zga chiqqan Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbasov har yili O‘zbekistonning turli tarixiy va yirik shaharlarida Madaniyat kunlari o‘tkazilayotgani va bu tadbirlarning maqsadi o‘zbek xalqiga ozarbayjon xalqining boy madaniyatini, merosini yetkazish, ikki tomonlama do‘stona aloqalarni rivojlantirish ekanligini tilga oldi. Diplomatning qayd etishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bilan uchrashuvi chog‘ida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalar tarix sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tganini, o‘zbek va ozar xalqlari asrlar mobaynida tinchlik va hamjihatlikda yashab kelgani, ular o‘rtasida qardoshlik munosabatlari qaror topgani, mustaqil davlatlar o‘z kelajaklarini mustahkam, ko‘p asrlik tarixiy poydevor asosida qurganliklarini ta’kidladi. Xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘xshash, umumiy qadriyatlar haqida so‘zlar ekan, Samir Abbasov Ozarbayjonning qadimiy manzilgohlari Gobuston va Azix g‘ori, mug‘om va oshuq musiqalari, Ozarbayjon gilamlari dunyoga uning qadimiy tarixi va boy madaniyatidan darak berishini aytdi.

626
O‘zA