Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

14.03.2017 11:42 Chop etish versiyasi

Xorazmda kitoblar savdo yarmarkasi ish boshladi

Xorazmda kitoblar savdo yarmarkasi ish boshladi Xorazmda “Adabiyotga e’tibor – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor” shiori ostida “Oilaviy kitobxonlik” kitob savdosi yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i D.Bekjonova va boshqalar mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy-intellektual ehtiyojini qondirish, oilalarda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, yoshlarni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashda kitobning o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Prezidentimizning joriy yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi farmoyishi bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

– Xorazm viloyatining Urganch shahri va tumanlar markazlarida 33 kitob do‘koni, qishloqlarda kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi 73 bo‘lim faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi “Kitob olami” ma’naviy-ma’rifiy savdo majmuasi direktori Sh.Oxunjonov. – Kitob do‘konlarining xizmat ko‘rsatish sifati yildan-yilga oshmoqda. Mamlakatimizda har yili an’anaviy o‘tkazib kelinayotgan “Kitob bayrami” tadbiri, viloyatda tashkil etiladigan “Namunali kitob do‘koni”, “Yilning eng yaxshi kitobi”, “Mangulik jamoli” ko‘rik-tanlovlari, “Bolalar kitobi” festivallari ijod ahli va noshirlar, tadbirkorlar mehnatini rag‘batlantirishda ijobiy samara bermoqda.

“Xorazm kitob olami” ma’naviy-ma’rifiy majmuasida tashkil etilgan kitob savdosi ko‘rgazmasida 70 ming nusxadan ortiq kitob savdo rastalariga qo‘yildi. Ko‘rgazmada ayniqsa o‘quv-uslubiy, badiiy-publitsistik, ilmiy va bolalar adabiyotlari keng o‘rin oldi.

– Kitob insonning eng yaqin do‘sti, maslahatchisi va beminnat ustozidir, – deydi mehnat faxriysi B.Qosimov. – Shuning uchun ham bugungi tadbirni o‘zlikni anglash, ma’naviyat va kamolot ayyomi deyish mumkin. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan kitoblarning poligrafik sifati va dizayni yuqoriligi yurtimizda noshirlik va matbaa sanoati rivojlanayotgani, kitobxonlik madaniyati yuksalayotganidan dalolat.

Kitoblar ko‘rgazmasi viloyat markazi, tuman va shaharlarda 10 kun davom etadi.

Tadbirda Xorazm viloyati hokimi P.Bobojonov so‘zga chiqdi.

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA
1 682






Все о погоде - Pogoda.uz