Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

07.09.2017 18:48 Chop etish versiyasi

Xiva shahridagi “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasida “Raqs sehri” xalqaro festivali boshlandi

Xiva shahridagi “Ichan qal’a” davlat muzey-qo‘riqxonasida “Raqs sehri” xalqaro festivali boshlandi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Xorazm viloyati hokimligi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan festivalning ochilishida mamlakatimizda milliy madaniyatimiz va san’atimiz, xususan, milliy raqs san’atini rivojlantirish va keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.

Festivalda mamlakatimizning turli hududlaridan raqs guruhlari va ansambllari bilan birga, qator xorijiy davlatlardan kelgan san’atkorlar ham ishtirok etmoqda. Ushbu tadbir yurtimizda raqs va xoreografiya san’atini rivojlantirish, yosh iste’dodlarni kashf etish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, milliy raqs san’atimizni keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.

– Men Xivada birinchi marta bo‘lishim, – deydi ispaniyalik sayyoh Eva Almenar Llorens. – Ertaknamo bu shahar menga juda yoqdi. Ayniqsa, raqs festivalining ochilish marosimida Xorazm raqslarini ko‘rib, hayratim yanada ortdi, shunday raqsi bor xalqqa havas qildim. Raqqosa qizlarning chiroyli xiromlari har qanday kishini maftun etadi. To‘g‘ri, ispan raqslari dunyoga mashhur. Lekin o‘zbek raqslari g‘oyat betakror va jozibali ekan.

4.jpg

Xorazm raqslarida ko‘hna zamin tarixi, xalqimizning o‘ziga xos an’ana va urf-odatlari aks etadi. Shuning uchun raqs – so‘zsiz qo‘shiq, deb e’tirof etilgan. Xorazm raqslarini bir necha guruhga bo‘lish mumkin. “Lazgi”, “Qayroq”, “Anaxita”, “Zumlak” raqslari tarixiy, “Sumalak sayli”, “Galin salom”, “Qizlar bazmi”, “Lachak” raqslari milliy urf-odatlar, “Etikdo‘z”, “Cho‘girma”, “Sartarosh”, “Qizlar bahsi” va “Qumpishigi” raqslari turmush tarzi aks etgan raqslar guruhiga kiradi.

Festival doirasida raqs ustalari tomonidan turli master-klasslar namoyish etilib, ijodiy uchrashuvlar, folklor guruhlari va ansambllarining chiqishlari, animatsion shoular, sahnalashtirilgan tomoshalar, qo‘g‘irchoq teatrlari tomoshasi, hunarmandlar ko‘rgazmasi, milliy taomlar va milliy liboslar ko‘rgazmasi, milliy xalq o‘yinlari bo‘yicha musobaqalar, tasviriy va amaliy san’at ko‘rgazmasi hamda “O‘zbekiston raqs san’ati tarixi” fotoko‘rgazmasi o‘tkaziladi.

Tadbirda Xorazm viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi I.Sobirov so‘zga chiqdi.

Ahmadjon Shokirov, Shonazar Qoriyev (surat), O‘zA
1 033






Все о погоде - Pogoda.uz