O‘zA O`zbek

24.03.2020 Chop etish versiyasi

“Xavotir ichida chayqalar dunyo...”

“Xavotir ichida chayqalar dunyo...”

Mangu daʼvat

Bu soʻzlarni kecha yo bir hafta ilgari yozganim yoʻq. Ularni bir oy, bir yil, hatto oʻn yil oldin ham yozmaganman. “Dunyo” sheʼrimdan olingan bu misrani bir necha yillik izlanishlardan keyin oʻn besh yil ilgari bitgan ekanman. Oʻshanda dunyoning xavotir ichida chayqalayotganidan bezovta boʻlib, orzu-umidlarimni yurak qonim bilan qogʻozga koʻchirganman.

Aslida, odamzot azaldan xavotir ichida yashaydi. Uning biror kuni xavotir, tashvishsiz oʻtgan emas. Odamlar goh urushda, goh ofatda, goh kasallikka qarshi kurashda halok boʻlgan. Buni taniqli avar shoiri Hamzat Sadasa hikmatli baytida muxtasar ifodalagan:

Kimlarni bagʻriga olmagan tuproq,

Unda halok boʻlgan oʻlgandan koʻproq.

Insoniyat tahlikali davrda hamisha chora izlagan va soʻzdan taskin topgan. Barchamizga maʼlumki, koronavirus kasalligi tufayli mamlakatimizda eʼlon qilingan karantin davrida yurtdoshlarimizga birinchi navbatda kitob oʻqish tavsiya etildi. Shu oʻrinda miloddan avval yashagan, birinchi muallim deya sharaflanadigan yunon faylasufi Aristotelning shogirdi Aleksandr Makedonskiyga aytgan nasihatidan har qancha ibrat olsak arziydi: “Agar nafsingni biror lazzatli ishga mashgʻul qilishga majbur boʻlsang, u holda oladigan lazzating donishmandlar majlisidan, falsafayu hikmatlarga oid kitoblar mutolaasidan boʻlsin. Donishmandlar xizmatida boʻlish va ularning kitoblarini oʻqish seni oliy darajayu maqomlarga erishtiradi va senga toʻliq shodligu saodat bagʻishlaydi”.

Yana ming yillar oʻtdi, insoniyat xavotir ichida yashay boshladi. Shunda olam uzra “Oʻqi!” soʻzi baralla yangradi. Odamlar oʻqidi, qalblarida orzu-umidlari tomir yozdi va yuksalish sari qadam tashladi.

Yana ming yillar oʻtdi. Shoirlarning sultoni Hazrat Alisher Navoiy yozdilar: “Soʻzdadur har yaxshiliqni imkoni bor, munda debdurlarki, nafasning joni bor”. Hazratning quyidagi baytida esa, soʻzning qadr-qimmati mujassam:

Donai dur soʻzini afsona bil,

Soʻzni jahon bahrida durdona bil.

Hazrat “Nazm ul-javohir” asarida muqaddas Kitobdagi “Haqiqatan ham sheʼrda, hikmat bayonida sehr bor” soʻzlarni keltirib, odamzotni adabiyotdan, sheʼriyatdan ibrat olishga undaganlar.

Darhaqiqat, koronavirus tufayli eʼlon qilingan sinovli davrda eng maʼqul yoʻl – kitob oʻqish. Oʻqiganda ham faqat yaxshi kitoblarni mutolaa qilish kerak. Atoqli qirgʻiz yozuvchisi Chingiz Aytmatov taʼkidlaganlaridek: “Kechroq tushunib yetdimki, yomon, bekorchi, isteʼdodsiz yozilgan kitoblar boʻlishi mumkin ekan”. Ha, muqovalangan taxlamlardagi oldi-qochdi safsatalarni oʻqish, taʼbir joiz boʻlsa, koronavirusdan ham xavfliroq. Chunki, insoniyat albatta koronavirus kasalligiga davo topadi, lekin muqovalangan taxlamlarni oʻqigan odam qalbida qolgan asoratni tuzatishga davo topishi dargumon.

Hozir ham, bundan keyin ham muqaddas Qurʼonni, hadislarni, Alisher Navoiy, Gyote, Pushkin, Abdulla Qodiriy, Rasul Hamzatov kabi adabiyot dargʻalarining kitoblarini oʻqishimiz kerak. Aynan shu davrda buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobini qayta-qayta oʻqishimiz lozim. Alloma shu asarida yozganlar: “Men qoldirib ketayotgan zoʻr tabiblardan biri tozalik, ikkinchisi parhez, uchinchisi badantarbiya, qolganlari mizoj bilan bogʻliq kayfiyatdir”. Oʻzingiz ayting, allomaning soʻzlarida biz hozirgi karantin davrida qatʼiy rioya etishimiz lozim boʻlgan qoidalar mujassam emasmi?!

Hozirgi sinov davrida kitoblardagi umrboqiy hikmatlarga yana-da koʻproq amal qilishimiz kerak boʻladi. Xususan, Hazrat Navoiyning quyidagi baytlaridagi hikmatga nafaqat bugun, balki umrimiz davomida amal qilishimiz zarur:

Demonkim, koʻngli poku ham koʻzi pok,

Tili poku soʻzu poku oʻzi pok.

Yoki:

Oʻzi pok azvoji ila avlodi pok,

Zoti pok, asʼhob ila ahfodi pok.

Yana Navoiy bobomiz yozadilar:

Agar bor esa poklik niyati,

Anga yor oʻlur poklar himmati.

Hozirgi sinov davrida soʻzimiz ham, niyatimiz ham pok boʻlsin, shunda bizga poklar himmati yor boʻladi. Muhimi, bu sinovli davrda va bundan keyin ham hali hayot tajribasiga ega boʻlmagan bolalarimizni asraylik, ehtiyot qilaylik. Bolalar bizning vorislarimiz, kelajagimiz, ular biz yetmagan oydin manzillarga albatta yetadi.

Maqolani “Dunyo” sheʼrim misrasi bilan boshlagandim. Shu sheʼrni toʻla eʼtiboringizga havola etgim kelayapti.

Osmon ridosidan yulduzlar uchdi,

Quridi sharqirab oqqan daryolar.

Suyanchiq chinorlar tuproqni quchdi,

Yemrilib yiqildi metin qoyalar.

Soʻngi safariga ketdi nuroniy,

Ortidan ayoli chuvvos soladi.

Bari bir, tiriklik emasdir foniy,

Dunyoni bolalar saqlab qoladi.

Xavotir ichida chayqalar dunyo,

Toza yuraklarni gʻashlar qutqular.

Insonga tabiiy oʻlim kam goʻyo,

Kemalar choʻkadi, uchoqlar qular.

Oyoqning ostidan chiqar falokat,

Gulyuzga ham ajal soya soladi.

Yoʻqlikka chekinar oxir halokat,

Dunyoni bolalar saqlab qoladi.

Kechmishlar dilimga yoqadi afgʻon,

Tobakay ofatlar keltirar zavol?

Bir yonda zilzila, bir yonda toʻfon,

Nahot yomonlashar kun sayin ahvol?

Cheksiz samovotda ona zaminga,

Qancha sayyoralar tahdid soladi.

Bugungi ertaklar aylanar chinga,

Dunyoni bolalar saqlab qoladi.

Qaydadir dunyoga keldi chaqaloq,

Tiklayman ishonchim havozasini.

Oʻyimda porlaydi umidbaxsh mayoq:

Hayot sira yopmas darvozasini.

Maʼsum goʻdaklarda kelajak yashar,

Ular yulduzlarga koʻprik soladi.

Yorugʻ iqbolingga quloch yoz, bashar,

Dunyoni bolalar saqlab qoladi.

Asror MOʻMIN,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist


5 001
OʻzA