O‘zA O`zbek

16.10.2018 Chop etish versiyasi

Xalqlarimiz oʻrtasidagi madaniy aloqalar mustahkamlanmoqda

Qirgʻiziston Respublikasi Prezidentining Madaniyat va maʼnaviyat boʻyicha Davlat maslahatchisi, Qirgʻiziston xalq yozuvchisi Sulton Royev rahbarligidagi Norin viloyati akademik musiqali drama teatri delegatsiyasi Toshkentga keldi.

Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatrida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullayev va boshqalar tili, dini, anʼana va urf-odatlari bir boʻlgan ikki qardosh xalq oʻrtasidagi madaniy aloqalar tobora ravnaq topayotganini taʼkidladi.

Yurtimiz teatr jamoalarining eng sara spektakllari Qirgʻizistonda katta muvaffaqiyat bilan namoyish etilmoqda. Ayni paytda qardosh xalqning teatrlari yurtimizga ijodiy safar bilan kelishi yaxshi anʼanaga aylandi. Oʻtgan yili Bishkekda Oʻzbekiston madaniyati kunlari tantanali tarzda oʻtkazilgan boʻlsa, joriy yilning 24-28 oktyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida Qirgʻiziston madaniyati kunlari boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan.

– Xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona aloqalar ravnaqida madaniy sohalar oʻziga xos ahamiyatga ega, – deydi S.Royev. – Atoqli adib Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligi Oʻzbekistonda keng nishonlanayotgani eʼtiborga molik. Chingiz ogʻaning “Ibn Sino, Beruniy, Alisher Navoiydek buyuk siymolarni jahonga bergan xalq oʻzbek xalqidir“, degan soʻzlari adabiy-badiiy, madaniy-maʼrifiy doʻstligimizning yorqin namunasidir.

– Tashrifimiz davomida Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun“ romani asosidagi “Man“ dramasi namoyishi bejiz tanlanmagan, – deydi Norin viloyati akademik musiqali drama teatri direktori T.Isambayev. – Zero, ushbu asarda insoniyat taqdiri, bashariyatga xavf solayotgan illatlar, ona yerni qiynayotgan muammolar mahorat bilan tilga olingan.

Tashrif davomida qirgʻizistonlik mehmonlar va teatr ixlosmandlari uchun Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatri jamoasining Ch.Aytmatov asari asosida sahnalashtirilgan “Sarvqomat dilbarim“ spektakli namoyish etildi.

Mazkur jamoa repertuaridagi spektakllardan eng sara ariya va qoʻshiqlar guldastasi qirgʻizistonlik mehmonlarga manzur boʻldi.

Ijodiy safar mobaynida Qirgʻizistonning Norin viloyati akademik musiqali drama teatri jamoasining adib S.Royev talqini asosidagi “Man“ spektakli ikki kun davomida tomoshabinlar eʼtiboriga havola etiladi.



3 999
N.Usmonova, OʻzA