O‘zA O`zbek

30.10.2019 Chop etish versiyasi

Xalqim, nonu tuzing hamisha halol, Vatan qolar ekan, Vatan abadiy

Xalqim, nonu tuzing hamisha halol,  Vatan qolar ekan, Vatan abadiy
VATAN ABADIY

Bahrayn suvlariga chaydim yuzimni,

Nasimlar esdilar iliq, arabiy.

Bir osmon toʻldirib keldi koʻksimni,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Ne zotlar oʻtdilar Vatandin ayro,

Sevinchi savdoyu sogʻinchi sahro.

Koʻksimni toʻldirib keldi bir daryo,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Bobo qirlardagi bir xas yo tikan,

Shu ham kimlargadir zoʻr armon ekan.

Koʻp ekan zar topib, zor boʻlib yurgan,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Kim axir bu dahri dundan oʻtmagay?

Kim axir bir kuni aso tutmagay?

Tandan jon ketar, lek Vatan ketmagay,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Har tepa, har doʻnglik turbat emasdir,

Har qanday ayriliq gʻurbat emasdir.

Yurtdan ketgan har zot Furqat emasdir,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Olmon tuprogʻida bir nemis ayol,

Koʻzda yosh, oʻzbekcha ayladi savol.

Xalqim, nonu tuzing hamisha halol,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Har keksa, har yoshning zahmatlarida,

Azim chinorlarning hikmatlarida,

Hazrat Yassaviyning xilqatlarida

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Ayb emas avvaliy va yo soniymiz,

Agarchi insonmiz vale foniymiz.

Barchamiz ushbu kun Turkistoniymiz,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Asta barg toʻkmoqda zarhal ogʻochlar,

Umr goʻyo toʻlar boju xirojlar.

Kelib ketar ekan qancha Sirojlar,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.


1995

Sirojiddin SAYYID,
Oʻzbekiston xalq shoiri

662
O'zA