O‘zA O`zbek

16.03.2019 Chop etish versiyasi

Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali gʻoliblari musobaqada ishtirok etolmaydimi?

Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali gʻoliblari musobaqada ishtirok etolmaydimi?

Sozini sozlab turgan baxshilar keyingi oyda Termiz shahrida oʻz mahoratini namoyish etadi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Termiz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini tashkil etish belgilangan. Festival birinchi marta joriy yilning 5-10 aprel kunlari oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivalini oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan festival nizomi tasdiqlangan. Unga koʻra, baxshichilik va dostonchilik sanʼatini rivojlantirish, baxshi-shoir, oqin va jirovlar ijodining sharq madaniyati, sanʼatidagi oʻrni hamda ahamiyatini yanada oshirish va boshqa masalalarga oid ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkaziladi.

Koʻrik-tanlovda xorijiy va Oʻzbekiston baxshichilik sanʼati ustalarining yakka konsertlari tashkil etiladi. Baxshi-shoir, oqin va jirovlar hamda folklor jamoalarining xalqaro koʻrik-tanlovi tashkil etiladi. Koʻrik-tanlovda chiqish uchun fonogrammadan foydalanishga ruxsat etilmaydi, lekin tarkibi 5 nafar musiqachidan koʻp boʻlmagan 1 ta cholgʻu ansambli (jonli) joʻr boʻlishi mumkin.

Joylarda sayillar, mamlakatimizning dunyoga mashhur shaxslari hayoti va ijodiy faoliyati haqida zamonaviy usulda sahnalashtirilgan dastur namoyish etiladi. Baxshichilik sanʼati tarixiga oid koʻrgazma, oʻzbek, fors, arab, ingliz va rus tillarida nashr etilgan ilmiy-tadqiqot asarlari hamda ilmiy-maʼrifiy adabiyotlar namoyishi ham hech kimni befarq qoldirmasa kerak.

Ishtirokchilar konsertlarda chiqish tajribasiga ega boʻlishi, oʻz davlatida yoki boshqa davlatlardagi tanlov va festivallarda qatnashgan boʻlishi kerak. Tegishli madaniyat va sanʼat sohasidagi yuqori tashkilotlar yoki Festival direksiyalarining tavsiyanomasiga ega boʻlishi darkor.

Koʻrik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlarini baholash uchun Tashkiliy qoʻmita tomonidan yetti kishidan iborat xalqaro hayʼat tuzilgan. Xalqaro hayʼat tarkibiga yuqori malakali mutaxassislar, taniqli sanʼat va madaniyat arboblari, olimlar, tadqiqotchilar, amaliyotchilar, shuningdek, ishtirokchi davlatlardan tegishli sohalar namoyandalari taklif etilgan.

Baholash jarayonida dostonchilik sanʼati namunalarining asl milliy xususiyatlari, badiiy va estetik purmaʼnoligi, ijrochilarning ijro mahorati, kiyinish va sahna madaniyati, ijro etiladigan kuy, nagʻma va termalarning badiiy qiymati va oʻziga xosligining aks etishi, xalq ijrochiligi usullarini egallaganlik darajasi, ijro uslublari va yoʻllarining mutanosibligi, bezakning badiiy saviyasi (kiyimlar, rekvizit) va uning milliy anʼanalarga mosligi, anʼanaviy musiqa asboblaridan foydalanish asosiy mezon hisoblanadi.

Xalqaro hayʼat tomonidan koʻrik-tanlov ishtirokchilarining chiqishlari ikkita – doston ijrochiligi hamda cholgʻu ijrochiligi yoʻnalishida baholanadi.

Koʻrik-tanlov gʻoliblari Tashkiliy qoʻmita tomonidan diplom, statuetka va quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

“Gran-pri” – 7 000 AQSH dollari;

I oʻrin (har bir yoʻnalish boʻyicha) 2 x 5 000 – 10 000 AQSH dollari;
II oʻrin (har bir yoʻnalish boʻyicha ) 2 x 3 500 – 7 000 AQSH dollari;
III oʻrin (har bir yoʻnalish boʻyicha) 2 x 2 500 – 5 000 AQSH dollari;

Xalqaro hayʼat qaroriga muvofiq loyiq nomzod topilmaganda “Gran-pri” berilmaydi. “Gran-pri” mukofoti boʻlinmaydi.

Koʻrik-tanlovda qatnashgan va sovrindor boʻlmagan ishtirokchiga “Xalqaro baxshichilik sanʼati festivali” Diplomanti diplomi beriladi.

Sovrindor (laureat) boʻlgan ishtirokchilar keyingi yillarda oʻtkaziladigan ushbu koʻrik-tanlovda boshqa ishtirok etolmaydi, faxriy mehmon sifatida taklif etilishi mumkin. Koʻrik-tanlovda qatnashib, oʻrin egallamagan ishtirokchi qayta qatnashish huquqiga ega.

“Eng yosh baxshichilik sanʼati ishtirokchisi”, “Muxlislar eʼtirofiga sazovor boʻlgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholgʻu ijrochisi” kabi nominatsiyalar sovrindorlari maxsus diplom va 500 AQSH dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

4 075
OʻzA