Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

08.08.2017 16:59 Chop etish versiyasi

Xalq qalbiga yo‘l topish – ijodkorlarning oliy maqsadi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Adabiyot va san’at, madaniyatni rivojlantirish – xalqimiz ma’naviy olamini yuksaltirishning mustahkam poydevoridir» nomli ma’ruzasini tinglab...

Haqiqiy ijodkor el-yurti tashvishini o‘z muammosi, shu yo‘lda xizmat qilishni hayot mazmuni, deb biladi. Ijodkor zotining tabiati biroz nozik bo‘ladi: e’tibor va rag‘batdan ko‘ngli ko‘tariladi, qalb qabatida tuyg‘ular, ong, fikr ham yuksaladi.

Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvidagi ma’ruzasini tinglab, shular xayolimga keldi. Bir necha marta quvonch, hayajon, shukronalik yoshi keldi ko‘zimga! Elning dardini, quvonchu tashvishlarini o‘ziniki, deb bilgan ijodkorgina yuraklardan joy oladi.

Milliy adabiyotimiz ham tom ma’noda yangilanish va yuksalish jarayonini boshdan kechirmoqda. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov adabiyotga e’tiborni – ma’naviyatga, kelajakka e’tibor, deb bildi. Bu jarayonda yozuvchi-shoirlarimiz ham o‘tish davri qiyinchiliklariga qaramay, o‘z ijodiga, qalb amri bilan tanlagan kasbiga sodiq qolib, milliy o‘zligimizni anglash, xalqimiz ongu tafakkurini o‘zgartirish, ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash va yuksaltirish yo‘lida xizmat qilib kelmoqda.

Istiqlol yillarida adabiyotimizga e’tibor kun tartibidan tushgani yo‘q, desak bo‘ladi. Birgina misol. 2010-yildan buyon Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” fondi tomonidan “Birinchi kitobim” seriyasida 73 nomda, jami 1 million 220 ming nusxada yosh ijodkorlarning kitoblari nashr etildi.

Davlatimiz rahbari «shu o‘ta muhim yo‘nalishdagi ishlarimizni bundan keyin ham qat’iyat va izchillik bilan davom ettiramiz», dedi. Bu borada ijodkorlar qalbiga yo‘l topib, eng to‘g‘ri yo‘nalishni ko‘rsatdi: «Bugun biz “ijodkorlarimiz ishlamayapti”, deb sizlardan, sizlar esa “davlat yordam bermayapti”, deb bizlardan gina qilib o‘tirishimizning mavridi emas. Kelinglar, bugun o‘z oldimizga “Kim aybdor?” deb emas, “Kim nima qilishi kerak?” degan savol qo‘yaylik».

Davlatimiz tomonidan ijodkorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va imkoniyatlarga e’tibor beraylik: Adiblar xiyoboni hududida Yozuvchilar uyushmasi uchun alohida bino qurilyapti, ushbu yangi binoda “Ijod” jamoat fondi, “Sharq yulduzi”, “Zvezda Vostoka”, “Yoshlik” jurnallari ham joylashadi; bu hududda Yozuvchilar uyushmasi a’zolari uchun imtiyozli ipoteka krediti asosida ko‘p qavatli 2 uy barpo etiladi; yaqin kelgusida Zomin va Parkent tumanlarining so‘lim va xushmanzara, ilhombaxsh hududlarida ijodkor ziyolilarimiz uchun zamonaviy ijod uylari – kottejlar qurilishi rejalashtirilmoqda; Oliy adabiyot kursi tiklanmoqda; O‘zbekiston yosh ijodkorlari seminari tashkil etiladi; qalam haqi oshiriladi...

Xo‘sh, endi biz ijodkorlar bunga javoban nima ishlarni amalga oshirishimiz kerak?

Avvalo, g‘oyaviy-badiiy jihatdan sayoz asarlarning xalqqa taqdim etilishiga chek qo‘ysak, ayni muddao bo‘lardi. Ijodiy uyushmalarning o‘zaro hamkorligi mustahkamlansa, «ustoz-shogird» an’analarini davom ettirsak, yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalansak, albatta, bu yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikka munosib bo‘lamiz. Jahon madaniyati, ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimiz bilan faxrlanibgina qolmay, ularning boy merosini, hayoti va faoliyatini, tariximizning nodir sahifalarini adabiy-badiiy asarlar, kino san’ati orqali dunyo ahliga munosib targ‘ib etish juda muhimdir.

Kino, teatr asarlari va boshqa yo‘nalishlardagi san’at asarlarining o‘zagida adabiyot turadi. Lekin bugun ba’zi rejisyor yoki qo‘shiqchilar o‘zi ssenariy yoxud qo‘shiq matnini yozib, shu mazmun-matrasiz matn asosida film yoki qo‘shiqlarni ketma-ket chiqarmoqda. Bunday “asarlar” ma’naviyatimizga, yoshlar tarbiyasiga, saviyasiga putur yetkazuvchi zararli targ‘ibot vositasiga aylanib qolmoqda. Demak, bu masalada ham katta ijodkorlarimiz jilovni qo‘lga olishlari kerak.

Prezidentimiz ozodlik va erk kuychisi Cho‘lponning “Adabiyot yashasa, millat yashar” degan o‘lmas so‘zlarini keltirib, jaholatga qarshi ma’rifat bilan javob berish bugungi kunning dolzarb vazifasi ekanini yana bir bor ta’kidladi. Darhaqiqat, adabiyot hayotimizni, xalqimiz xarakterini, portretini aks ettiruvchi oyina ekan, yoshlarni qanday qilib adabiyotsiz, kitobsiz tarbiyalashimiz mumkin? Bugun kitobxonlikni kuchaytirish davlat siyosatiga aylandi. Bu borada joriy yil boshida Prezidentimiz farmoyishi qabul qilindi. Buyuk tariximizdan, dunyoga mashhur ajodlarimizning olamshumul ishlaridan, oddiy mehnatkash xalqimizning ulug‘ maqsadlaridan faxrlanish va ularga munosib bo‘lish hissini yoshlar qalbiga badiiy asarlar orqali singdirishimiz kerak.

Andijon viloyatida Muhammad Yusuf nomidagi bir yuz ellik o‘rinli yosh ijodkorlar maktabi bu yil foydalanishga topshiriladi. Shoir nomida barpo etilayotgan xiyobonga uning haykalini o‘rnatish, shoirning hayoti va ijodini aks ettiruvchi muzey tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu maskan kelajakda xalqimiz va yosh avlod uchun eng fayzli madaniyat va ma’rifat markazlaridan biriga aylanishi shubhasiz.

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yil viloyatimiz ahli uchun Bobur yili deb e’lon qilindi. Shu kunlarda Andijon shahrining Bog‘ishamol hududidagi “Bog‘i Bobur” dam olish maskanida ulkan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari avjida. Bobur nomi bilan bog‘liq qadamjolarni nafaqat yurtdoshlarimiz, balki chet ellik mehmonlar uchun ham ziyoratgohga aylantirish ko‘zda tutilgan. Har bir tashkilot, muassasa, korxonalarda ulug‘ shoirning asarlarini o‘qib-o‘rganish soatlari o‘tkazilmoqda. Ma’naviyat xonalari, axborot-resurs markazlari, yangi tashkil etilgan kutubxonalar shoirning adabiy merosi bilan boyitildi.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, shu kungacha yaratilgan asarlar shaxsiy tashabbus, shaxsiy imkoniyat asosida dunyoga keldi. Yangi asarni kitob holida chop etish, xalqqa yetkazish uchun mablag‘ qidirish og‘riq nuqta bo‘lib keldi. Yozuvchining qishloqdan poytaxtga borib, nashriyotlarga, tahririyatlarga uchrashi, maqsadlariga yetib-etmay qishlog‘iga qaytishi ham Prezidentimiz nazaridan chetda emas ekan. Endi davlatimiz rahbarining e’tibori va shu ezgu maqsadlar uchun keng yo‘l ochib berayotganidan oqilona foydalanib, bu boradagi muammolarga ham birgalikda barham berishimiz kerak. Bunda nashriyotlarga berilayotgan keng imkoniyat, imtiyoz va preferensiyalar ijodkorlar uchun ham keng yo‘l ochadi. Ishonamizki, endi haqiqiy ijodkorlar kitob chiqarish uchun oylik maoshi yoki pensiya pulini yig‘ib topshirishiga yoki chop etilgan kitoblarni sotish uchun yelib-yugurishiga hojat qolmaydi.

Shu o‘rinda yetakchi ijodiy tashkilotlarning do‘stlari klubi tashkil etilishi katta ahamiyatga egadir. Juda ko‘p muammolarning ijobiy yechimi aynan ma’rafatparvar homiylarning do‘stlik yordamlari asosida hal etilishi aniq ko‘rsatib o‘tildi. Andijonlik ijodkorlar Xorazmni, Surxon elini yoki Qoraqalpoq yurtini ko‘rgisi, u yerda yashayotgan do‘stlar bilan ijodiy muloqotlar qilgisi keladi. Yurtimizdagi jannatmonand sihatgohlarda davolanib qaytgan, Zomin yoki Parkentda qurilayotgan ijod uylarida emin-erkin, yayrab ijod qilishga muyassar bo‘lgan adib yaxshi asarlar yaratmasligi mumkinmi? Albatta, yoshlarni tarbiyalash, ularga adabiyot sirlarini beminnat o‘rgatish doimo har bir ijodkor uchun burch, mas’uliyat hisoblangan. Bu ulug‘ ustozlarimizdan meros. Davlatimiz rahbari yaratib berayotgan sharoitlarda bunday ezgu ishlarni amalga oshirish har bir adib uchun chinakam baxt, yuksak faxr emasmi!

Viloyatimizda 2005-yildan buyon “Bobur izdoshlari” adabiy to‘garagi jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi. To‘garakning bag‘ri har bir yosh havaskor uchun ochiq. To‘garak a’zolari Yulduzoy O‘rmonova, Saidabonu Abdusalomova, Oydinoy Abdumutalibova, Go‘zaloy Abdullayeva, Iltijo Toshtemirova Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari bo‘ldi. Zulfira No‘monova, E’zoza Obidjonova, Dilfuza Qurbonovaning “Birinchi kitobim” loyihasi asosida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” fondi tomonidan ilk kitoblari chop etildi. Qator iste’dodli yoshlarimiz oliy o‘quv yurtlarini tamomlab, katta hayotga, katta adabiyotga qadam qo‘ydi.

Yoshlar ichida badiiy ijodga qiziqadiganlari juda ko‘p. Hamisha qalb amrimiz bo‘lib kelgan sevimli mashg‘ulotimiz – yoshlarimizga ijod sirlarini o‘rgatib, ilk kitoblari chop etilishiga hissa qo‘shish uchun to‘la imkoniyatlar yaratilmoqda. Kitoblar uchun mablag‘ ham hal etib berilishi juda quvonchli. O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi Oliy adabiyot kursining qayta tashkil etilishi ham yoshlar uchun juda katta imkoniyatlar eshigini ochishi shubhasiz.

Ma’naviy hayotimizni yangi bosqichga ko‘tarishda adabiyotning, san’atning ahamiyati katta. Asarlarimizda yangi ruh, yangi izlanish bo‘lishi uchun xalqning dardu tashvishlari, orzu-intilishlari bilan birga yashashimiz, hamisha xalq bilan hamnafas bo‘lishimiz lozim. Ulkan bunyodkorlik ishlarini, barcha sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni, yutuq va marralarni betakror badiiy bo‘yoqlarda aks ettirish aynan biz ijodkorlarning zimmamizdadir. Bunda zo‘rma-zo‘rakilikka chek qo‘yib, Prezidentimiz aytganidek, madaniy hayotimizda voqea bo‘ladigan zamonamiz qahramonlari obrazini yaratish bugungi kun talabidir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Bizning havas qilsa arziydigan buyuk tariximiz bor. Havas qilsa arziydigan ulug‘ ajdodlarimiz bor. Havas qilsa arziydigan beqiyos boyliklarimiz bor. Va men ishonaman, nasib etsa, havas qilsa arziydigan buyuk kelajagimiz, buyuk adabiyotimiz va san’atimiz ham albatta bo‘ladi”, degan fikrni qat’iyat bilan ta’kidladi. Buyuk marralarga erishish yo‘llarini ham ko‘rsatib berdi bizga.

Yaratgan ijod ahliga odamlarni ortidan ergashtira olish qobiliyati, ruhiyatga, qalblarga ta’sir o‘tkazish xususiyatini ato etgan ekan, bundan unumli foydalanish, jamiyatga shu tarzda naf keltirish ham qarz, ham farzdir. Axir xalqining dardiyu quvonchiga sherik bo‘lish, ularning qalbiga yo‘l topish va bu yo‘lda saodatga erishishdan oliy maqsad bormi insonga!

Xurshida Qo‘chqorova,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Andijon viloyati bo‘limi rahbari.

O‘zA
1 064






Все о погоде - Pogoda.uz