O‘zA O`zbek

27.10.2019 Chop etish versiyasi

Vatanni sevmoqlik iymondandir!

Vatanni sevmoqlik iymondandir!

Oʻzbekiston

Oʻzbekiston Vatan, iymon

Ulugʻ diyorim sen mening.

Buyuk gʻurur, muqaddas shon,

Chin iftixorim sen mening.

Tarixingni qilsam soʻroq,

Har oʻgʻloning bitta Shiroq,

Toʻmarislar soʻnmas chiroq,

Nomusu orim sen mening.

Al-Jabrga ota yurtsan,

Hadisshunos katta yurtsan,

Osiyoda bitta yurtsan,

Sobit sardorim sen mening.

Sen Temuriy sarkardasan,

Sen Navoiy sarpardasan,

Yeri oltin zar kordasan,

Baxtu bahorim sen mening.

Taʼrifingga yetmas soʻzim,

Jamolingga toʻymas koʻzim.

Shafoating, shaydong oʻzim,

Ki yoʻgʻu borim sen mening.

Ona qalbidagi ohanglar

Shu toʻzgʻiq sochimga kechagina men,

Yuz tamanno bilan urardim shona.

Bugun borligʻimni band aylagan sen,

Beshiging boshida men bedor ona.

Sen bu on ne uchun yigʻlaysan qoʻzim,

Qopqora sochlaring biram chiroyli.

Yigʻing boisini tushunolsaydim,

Murgʻak umring boʻpti endi toʻrt oylik.

Yigʻlatgan agar bir tikon boʻlsaydi,

Kipriklarim bilan tashlardim olib.

Joningni qiynagan yo mubham dardmi?

U mening mehrimdan chiqarmi gʻolib?

Oppogʻim bilsayding onangga bu on

Minutlar oʻtmasin yilday toʻyilib,

Qorongʻudir bu chogʻ koʻzimga jahon,

Bagʻrimni ezmoqda bir mung quyilib.

Sen bilan qoʻshilib yigʻlamoqdaman,

Ruhimda vahmlar koʻtarmoqda tugʻ.

Mana sen tinchlanding, men sevinchdaman,

Orzular bosmoqda koʻnglingday yorugʻ.

Hu ana suqsurday sen koʻrsatding boʻy,

Atrofing oʻragan qizlar chamani.

Hovlini toʻldirgan bir gurguma toʻy,

Oʻyingga tortmoqda qudalar mani.

Ayol umrining suyuk damlari,

Hokim boʻpti sening vujud boringga,

Adras chimildiqdan chiqib ilgari.

Salom qilmoqdasan sevgan yoringga.

Aylanma hayotning shoh orzulari,

Ruhimda erirkan boʻlib bir ohang.

Sochingga ulandi oftobning zari,

Beshiging ortidan koʻtarilib tong.

Alla

Oq yuvaman, oq tarayman, oq choyshabga oʻrayman,

Kechalardan, oq tonglardan kamolingni soʻrayman.

Alla aytsam, sen uxlaysan, alla sozi dilimning,

Alla aytsam sen uxlaysan, alla tori tilimning.

Sen uxla, men har tun soching to tonggacha silayin,

Baxt chirogʻing hu yulduzdek yoniqligin tilayin,

Alla, alla mening qoʻzim, alla koʻnglim chirogʻi.

Alla, alla mening qoʻzim, alla hayotim bogʻi.

Koʻzlaringdan oʻrgilayin oʻxshar mening koʻzimga,

Yuzlaringga termulayin oʻxshar dadang yuziga,

Kipriklaring juftla jonim koʻzingni yum girgitton,

Hali qirlar orqasida uxlab yotir oppoq tong.

Yonginangda mendek bedor, suv oqadir mildirab,

Koʻk sahnidan tushib ketdi, oy ham oltin gʻildirak.

Uxla qoʻzim havo salqin, uxla qoʻzim tun sokin,

Sen uxlasang, men uxlayman uxla qoʻzim tong yaqin.

Shafoat TERMIZIY,
shoir

854
O'zA