O‘zA O`zbek

27.09.2019 Chop etish versiyasi

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu!

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu!

Ey, koʻnglimga yoʻgʻrilgan Vatan

Daryo kabi doimo uygʻoq,
Intilishim togʻ qadar baland,
Olis yoʻlga otlandim, biroq,
Mehrim bilan, muhabbat bilan,
Ey, koʻnglimga tugilgan Vatan.

Xotiralar soʻzlar har bir tosh,
Esdaliklar yogʻadi osmon.
Tiriklikning shohidi Quyosh
Eslamakdan tinmaydi hamon.
Oh, Turkiston, Ona Turkiston.

Chaqiradi togʻlar, daryolar,
Yana yoʻlga chorlaydi meni.
Meni chorlab quyoshlar yonar —
Oʻrganadir yonish ilmini.
Chaqiradi togʻlar, daryolar.

Hali oldda qanchalar dovon,
Oʻtgunimcha to uni bosib,
Soʻzla, nahot bitadir darmon
Koʻzlarimning tugar ziyosi?!
Hali oldda qanchalar dovon…

Oh, Turkiston eng achchiq boʻsa
Kabi lablarimda urinding.
Men olisga otlanar boʻlsam
Kuygan yurak boʻlib koʻrinding.
Oh, Turkiston, Ona Turkiston.

Daryo kabi doimo uygʻoq
Intilishim togʻ qadar baland.
Olis yoʻlga otlandim, biroq
Senga boʻlgan sadoqat bilan,
Ey, koʻnglimga yoʻgʻrilgan Vatan.


Bitiktosh

Firdavsiy bir zamon aytgani kabi
Har ne oʻtkinchidir, fanoning oʻzi,
Faqat ikki narsa qolur abadiy —
Botirning shavkati, dononing soʻzi.

Ajdodlar Vatan deb jon fido qilgan,
Behuda gap sotib yurmagan ular.
Mana, ming yillarni opichlab kelgan
Bitiktosh ona-yer haqida kuylar.

Vaqt quyunida ne davru davron,
Bu — toshga aylangan erkdir, bardoshdir.
Bu — Turon atalgan muqaddas armon.
Unga qaraymanu bir his tuyaman.

Bu yurtim timsoli mangulik toshdir…
Yuragim toshiga sheʼrim oʻyaman.

Rauf PARFI,
Oʻzbekiston xalq shoiri

1 628
O'zA