O‘zA O`zbek

05.09.2019 Chop etish versiyasi

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu!

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu!

O‘ZBEKISTON BU

Otasidan ko‘rgan o‘g‘il o‘q quyar, 
Onasidan ko‘rgan qiz bichgaydir to‘n.
Ajdodlar merosi — boqiy, elsuyar,
Ular yelkamizda e’zozli, butun.
Nur yuzli ona yurt, ota makon bu!
Jahon ichra jahon O‘zbekiston bu!

Dunyoning ishlari qiziq va chigal,
Bitta peshonada ming yoziq shoyon.
Asrlar qa’ridan kelgaydir tugal
Chin inson qalbida chin komil iymon.
Garchi inja iymon, o‘lmas iymon bu!
Jahon ichra jahon O‘zbekiston bu!

Do‘st Alloh nomiga yashiringan sir,
Do‘st ora kirarmish qiyomatda ham.
Do‘stimga do‘st erur, yovimga yovdir,
Oriyat sharafi erur mukarram.
Ilohiy qal’a bu, jonbaxsh qo‘rg‘on bu!
Jahon ichra jahon O‘zbekiston bu!

Demish: avliyolar emasdir xudo,
Lekin xudolikdan judo ham emas.
Har qadam joyida aziz-avliyo,
Osmoni toqida sirlar muqaddas!
To‘rt fasli mukammal Zamin, Osmon bu!
Jahon ichra jahon O‘zbekiston bu!

Insonga Insondan joiz muruvvat,
Ishq, sadoqat ila muhtaram Inson.
Vatan bo‘y-bastiga millati quvvat,
Poydor sarhadlarga farzandlar posbon.
Azim Suyun aytar: fidoyi jon bu!
Jahon ichra jahon O‘zbekiston bu!

Azim Suyun

4 160
O'zA