O‘zA O`zbek

19.02.2019 Chop etish versiyasi

“Vatanim deb seni kuyladim!”

“Vatanim deb seni kuyladim!”

Yovdat Ilyosov degan nom, ehtimol, bugungi yosh kitobxon uchun notanish tuyular. Oʻtgan asrning 50-80 yillarida barcha oʻzbek ziyolilari hamda xorijliklarga tanish boʻlgan adibdan toʻqqizta qissa va roman, toʻrt ssenariy, yuzlab sheʼrlar, maqola va tarjimalar meros qolgan.

Boshqirdistonda tavallud topgan, tatar millatiga mansub Yovdat Ilyosov 1934 yilda Oʻzbekistonga koʻchib keladi va butun hayoti va ijodini ushbu yurt ravnaqiga bagʻishlaydi.

Oʻzbekiston Yozuvchilari uyushmasida oʻtkazilgan tarixchi yozuvchi, jurnalist va tarjimon Yovdat Ilyosovning (1929-1982) ijodiga bagʻishlangan tadbirda yozuvchini shaxsan bilgan doʻstlari, uning ijodini qadrlagan muxlislari hamda yaqinlari qatnashdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo, akademik Akmal Saidov, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali va boshqalar yozuvchining ijodiy faoliyati haqidagi xotiralarini soʻzlab berishdi.

Adib isteʼdodi gullab yashnagan bir paytda, yaʼni 53 yoshida vafot etgan. Uning deyarli barcha asarlari – “Nafrat soʻqmogʻi” “Soʻgʻdiyona”, “Dogʻli oʻlim”, “Qora beva”, “Ilon avrovchi”, “Anaxitaning oʻchi” koʻp nusxada chop etilgan. Baʼzi kitoblari esa chet ellarda ham nashr qilingan. Jumladan, ulardan beshtasi Moskvada 2008-2011 yillarda “Veche” nashriyoti tomonidan bosilgan.

Yozuvchining asarlari asosida qator filmlar suratga olingan, balet, opera va spektakllar sahnalashtirilgan.

2 778
Ozoda Bekmurodova, OʻzA