O‘zA O`zbek

24.09.2019 Chop etish versiyasi

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!


Sirojiddin SAYYID,
O‘zbekiston xalq shoiri

VATAN ABADIY

Bahrayn suvlariga chaydim yuzimni,

Nasimlar esdilar iliq, arabiy.

Bir osmon to‘ldirib keldi ko‘ksimni,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Ne zotlar o‘tdilar Vatandin ayro,

Sevinchi savdoyu sog‘inchi sahro.

Ko‘ksimni to‘ldirib keldi bir daryo,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Bobo qirlardagi bir xas yo tikan,

Shu ham kimlargadir zo‘r armon ekan.

Ko‘p ekan zar topib, zor bo‘lib yurgan,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Kim axir bu dahri dundan o‘tmagay?

Kim axir bir kuni aso tutmagay?

Tandan jon ketar, lek Vatan ketmagay,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Har tepa, har do‘nglik turbat emasdir,

Har qanday ayriliq g‘urbat emasdir.

Yurtdan ketgan har zot Furqat emasdir,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Olmon tuprog‘ida bir nemis ayol,

Ko‘zda yosh, o‘zbekcha ayladi savol.

Xalqim, nonu tuzing hamisha halol,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Har keksa, har yoshning zahmatlarida,

Azim chinorlarning hikmatlarida,

Hazrat Yassaviyning xilqatlarida

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Ayb emas avvaliy va yo soniymiz,

Agarchi insonmiz vale foniymiz.

Barchamiz ushbu kun Turkistoniymiz,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

Asta barg to‘kmoqda zarhal og‘ochlar,

Umr go‘yo to‘lar boju xirojlar.

Kelib ketar ekan qancha Sirojlar,

Vatan qolar ekan, Vatan abadiy.

***

VATAN UChUN, MILLAT UChUN,
XALQ UChUN!


Bu dunyoda kurash ketar tunu kun,
Har qarich ong, har bir qarich qalb uchun.
Uyg‘on bolam, eng bebaho baxt uchun ‒
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

Jaholatning bayrog‘i ham qoradir,
Inson yashar yorug‘lik barhaq uchun.
Har o‘g‘il-qiz, bilsang, jigarporadir ‒
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

Oshu non deb nom sotganlar, ayo, siz,
O‘ylamangkim ro‘zg‘orlari talx uchun,
Kurash ketar tinimsiz va ayovsiz ‒
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

Razolat tinch turmas axir hech qachon,
Otlanganday har tong harbu zarb uchun,
Hushyor bo‘lgil, bedor bo‘lgil, bolajon ‒
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

Bobolaring xokin borib surishtir,
Tug‘lariyu tug‘rolarni ko‘r kuchin:
Umrlari boshdan oyoq kurashdir ‒
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

Ma’rifatdan najot izla, ista kom,
O‘qigan har bir kitobing bir ustun,
Bir qo‘rg‘ondir, mustahkam bir istehkom ‒
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

Davr sendan shiddat kutar, jadal qil,
Yosh joningga shuncha tahdid, xavf uchun,
Umringni har onin jangu jadal bil ‒
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

Shu millatning ko‘rki sensan, naqshi sen,
Jismu joning safarbar et, qalq butun.
Yovuzlikka o‘zing turgin qarshi sen ‒
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.

Elning sha’nu shavkati ham ziyosi
So‘nmas aslo to bor ekan bu ochun.
To uyg‘oqdir har bir ko‘zi qarosi ‒
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun.


3 458
O‘zA