O‘zA O`zbek

31.10.2019 Chop etish versiyasi

Vatan topilmaydi - makon topilar!

Vatan topilmaydi - makon topilar!
Vatanni sevmoqlik imtihondir bu!

Vatan topilmaydi - makon topilar!

Dunyo koʻzimizga , munisim, munglim.
Gohida tangu - tor, vayron topilar.
Illo, azal-avval naql bor koʻnglim:
Har yaxshiga bitta yomon topilar.

Ammo har uchragan nokas, past emas,
Topgan, topganini-iymon, nafs emas.
Boʻylakim, kulli bogʻ xoru xas emas,
Bogʻ ichra gʻunchayi xandon topilar.

Moʻmindir, halimdir odam bolasi,
Lekin bilib boʻlmas - ichda olasi,
Togʻ-toshga darisa qashqir galasi,
Aning kushandasi - arslon topilar.

Yoʻlsizlik yomondir, yoʻlsizlik yomon,
Boʻlsin yurak dovlab yoʻl tortgan omon.
Jaddi-jadal istar magarkim, karvon,
Shahdiga munosib sarbon topilar.

Har qaydan toparsan bir burda nonni,
Qayda bor bunday yurt, sadqa qil jonni.
Bagʻringa mahkam bos Oʻzbekistonni -
Vatan topilmaydi - makon topilar.

****

Taʼbga taraf yoʻqdir,
Talabga gap yoʻq,
Istar - gul, ista sen yaproqlarni oʻp.
Va lekin eng avval yigʻlab, bosh urib,
Oʻzing tugʻilgan shu tuproqlarni oʻp.

Shiroqmi, Nomozmi, Qodiriy, Choʻlpon
El uchun, yurt uchun, jonlari oʻlpon.
Har oqshom boshingda turgan kahkashon -
Mangu ochiq ketgan qaroqlarni oʻp.

Hamon yoʻlda ular, yoʻldalar goʻyo,
Dunyo gʻamlaridan qadlari duto.
Navoiy suyangan muborak aso,
Yassaviy tayangan tayoqlarni oʻp.

Quyosh zamonidan bilgani mehnat,
Mingdir shukronasi unsa bir neʼmat,
Yalangtoʻshligiga muhru shahodat -
Qadoq qoʻllardagi qadoqlarni oʻp.

Balki bandasidan, balki xudodan...
Muztarsan ilk sevging aytgan vidodan,
Boʻlmay turib undan butkul judo san,
Soʻng bor selu sebor yonoqlarni oʻp.

Neki ginang boʻlsa - oʻzingdan gina,
Armoni - qalbinga sanchilgan nina.
Volidang sochidan bir tolagina
Olib qololmagan taroqlarni oʻp.

Zaminda va yoki samoda boʻlgan,
Barhaqdan avval soʻz omoda boʻlgan,
Fitnadan, gʻarazdan ozoda boʻlgan,
Haq soʻz insho boʻlgan varaqlarni oʻp.

Muhammad RAHMON,
shoir

680
OʻzA