O‘zA O`zbek

27.09.2019 Chop etish versiyasi

Vatan haqida soʻz

Vatan haqida soʻz

Vatanni sevmoqlik imtihondir bu!

Vatan haqida soʻz

Sevaman. Shu soʻzda jam boʻldi dunyo,

Shu soʻz yetishmasa kam boʻldi dunyo.

Yurtim, tabassuming oftobday issiq,

Bu oftob oldida sham boʻldi dunyo!

Oʻrgilay hovuchi durlarga toʻla

Quyoshga hamsoya dehqonlaringdan.

Tillo ostonasi oyga ashula,

Qaldirgʻoch in qurgan ayvonlaringdan.

Soʻrsam Alpomishday alplar otini,

Pirlarga jilovdor bobolaringdan.

Boshiga suv oʻgirib ichsam arziydi,

Jannat hidi kelgan momolaringdan.

Oq etakka solib oqlagan bizni,

Koʻk etakka solib koʻklagan bizni.

Yiqilsak turgʻazib, changimiz qoqib,

Qaymoq kulcha berib toʻqlagan bizni.

Ne qilay biletin Parij Rumoning,

Doʻstim “qishloqlik” deb etma dagʻdagʻa.

Bilsang joʻyaklarda nuqraday kulgan,

Handalak hidiga jonim sadagʻa.

Bobolarim chizgan xaritalar-la

Ovrupo kemasi kezdi dunyoni.

“Aljabr”ning chaqib masallarini

Hamon oʻqiydilar Ibn Sinoni.

Qanoting ostida topsak bas qoʻnim,

Elim, bir kaft tuproq har nega javob.

“Lazgi”ga sel boʻlib, oʻynasin-kulsin,

“Shashmaqom”ni tinglab yigʻlagan janob.

Ne qilay xorijning chiroylarini,

Luvr, Eyfellarga nima dardim bor?

Koʻr, shahrimning obod saroylarini,

Obodlik yarashgan ozod xalqim bor.

Kim kelsa, osh qoʻyib, deysan “Beri kel!”,

Tabarruk ostonang bagʻring kabi keng.

Abadiy omon boʻl, qaddi shamshod el,

Vatanim, koʻz nurim, tenglar ichra teng....

Sevaman. Shu soʻzda jam boʻldi dunyo,

Shu soʻz yetishmasa kam boʻldi dunyo.

Yurtim, tabassuming oftobday issiq,

Bu oftob oldida sham boʻldi dunyo!


Mendan koʻpning umidi

Mendan koʻpning umidi bor,

Menda koʻpning shiddati.

Keldi endi shu tuproqqa,

Loyiq boʻlish muddati.

Sheʼrim, mendan vafo koʻrmay,

Vafo qilgan hamdamim.

Dilni yoqqan bevaqt qordan

Asrayotgan gulxanim.

Garchi dilda ochilmagan

Lolalarning dogʻi bor.

Lekin har bir shoiriga

Elining ardogʻi bor.

Elim, seni duo qilay,

Sovimasdan qoʻl kafti,

Yulduzlarni isitadi,

Senga mehrim, dil tafti.

Koʻzlaringning tub-tubida

Choʻlponlarning hasrati,

Baxt-la sen etu-tirnoqdir,

Boʻlmas ani ajratib.

Menda koʻpning umidi bor,

Menda koʻpning shiddati,

Nasib etsa bas shu elga

Loyiq boʻlish muddati...


Qalamga

Qalam, nega jimsan, nega bezovta,

Maʼlul qiyofangga tushunmadim men.

Shu kichik jussangga ogʻirmi keldi, -

Qalbimning oʻti-yu zamona yuki.

Gomer yigʻisiga qoʻshilib baʼzan,

Sharqu Gʻarb kezasan bilmay masofa.

Barcha bahslarda gʻolib chiqasan,

Chunki donish ketar, qolar falsafa.

Kiyik terisiga bitilgan tarix,

Yo Zanjirsaroyda qolgan qevasan.

Sen oʻz sohibiga boʻlgan muarrix, -

Qurbon boʻlganlarni sevasan.

Balki xilxonangda eng goʻzal bitik -

Xalqlarga bitilgan erkning qogʻozi.

Sokin qitirlashing ketadi bosib,

Tinch ellarni buzgan terror ovozin.

Sensiz koʻtarilmas gʻalaba tugʻi,

Jallod qoʻlidagi oyboltalar ham.

Istasang olamning xalqlari butun

Bitta tabassuming ila mustahkam.

Bilaman, jigaring tah-batah qondir,

Moʻmin Mirzolarning oʻlimi uchun.

Baʼzan xavotiring yolgʻiz imkondir, -

Olmoq boʻlasan sen mazlumlar oʻchin.

Temur bogʻlarining tarhini chizgan

Meʼmorning poyonsiz xayoli boʻlding.

Shu nozik qad ila uzun kechalar

Qodiriy, Oybekning qoʻlida kulding.

Shodmiding, ilhomga toʻliqmiding, ayt, -

Navoiy soʻz bilan berganda sayqal.

Men ham dalalarda shoʻr toʻproq kechgan

Oʻzbegimga Soʻz-la qoʻysam bir haykal.

Qalamim, burchakda yotma endi jim, -

Chunki yuragimga Elim koʻz solgan!

Soʻyla, men kimlarning bolasi edim, -

Ular Qalam bilan dunyoni olgan!

Soat aniqligi, fikrat kengligi,

Baxtning sibizgʻasi uyqungni buzsin.

Qalamim uchida turgan avlodim,

Kimsan, jamolingni ayla tajassum!

Gulandom TOGʻAYEVA,

shoira


2 876
OʻzA