O‘zA O`zbek

14.03.2019 Chop etish versiyasi

Uy-mehmonxonalar sayyohlar xizmatida

Uy-mehmonxonalar sayyohlar xizmatida
Turizm

Surxondaryo viloyati markazi va Termiz tumanining shaharga tutash hududlarida 75 ta uy-mehmonxona faoliyat koʻrsatmoqda.

Mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, sohada xususiy sektorning ulushini oshirish, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash, milliy turizm mahsulotlarini dunyoga keng tarannum etishga qaratilayotgan eʼtibor oʻz samarasini berayotir.

Prezidentimizning 2019 yil 5 yanvardagi ”Oʻzbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilayotir.

6.jpg

Sohada amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar samarasida Surxondaryo sayyohlarning sevimli maskanlaridan biriga aylanmoqda. Oʻtgan yili viloyatga 80 mingga yaqin sayyoh kelgani va ularning oʻttiz mingga yaqini xorijliklar boʻlgani ham bunga yaqqol misoldir. Joriy yilda turistlar oqimining yanada koʻpayishi kutilmoqda. Ziyorat, tibbiyot turizmi rivojlanayotir. Xushmanzara tabiat qoʻynida ekoturizmni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tegishli ishlar olib borilayotir. Shu maqsadda zarur infratuzilmaga ega kichik turizm zonalarini barpo etish belgilab olingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish qoʻmitasi viloyat boshqarmasidan olingan maʼlumotlarga koʻra, ayni paytda viloyatda mavjud tarixiy obidalarni qayta taʼmirlash, obodonlashtirish va sayyohlar uchun qulay sharoitlar yaratishga alohida ahamiyat berilmoqda. Mehmonxona biznesini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlayotgan tadbirkorlar har taraflama qoʻllab-quvvatlanib, ularga tegishli koʻmak berilayotir. Ishbilarmon ayrim odamlarda noanʼanaviy uslubdagi uy-mehmonxonalari barpo etib, milliy madaniyat va azaliy urf-odatlarni targʻib etish istagi paydo boʻlmoqda.

7.jpg

Ayni paytda Termiz shahri va Termiz tumanida yigirmaga yaqin zamonaviy mehmonxona faoliyat yuritmoqda. Ularda turistlarni kutib olish va sifatli xizmat koʻrsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Lekin mutaxassislar turizmni keng yoʻlga qoʻyishda sayyohlar, ayniqsa, xorijlik turistlar uchun uy-mehmonxonalarining oʻrni boʻlakcha ekanini eʼtirof etayotir.

– Bunday mehmonxonalar yurtimizga turistlar oqimini koʻpaytirishga, ularning unutilmas boy taassurotlar bilan qaytishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir, – deydi Turizmni rivojlantirish qoʻmitasi viloyat boshqarmasi boshligʻi A.Xoʻjaqulov. – Noanʼanaviy uy-mehmonxonalarning yana bir eʼtiborga molik tomoni shundaki, ular sayyohlarga mahalliy aholining turmush tarzi, urf-odat va anʼanalari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Qisqa muddat boʻlsa-da, oʻzini ana shu muhit va noyob qadriyatlar ogʻushida yashagandek his etadi. Buning uchun uy-mehmonxonalar oʻtmishni aks ettiruvchi rang-barang osori-atiqalar bilan jihozlanayotir.

10.jpg

Oʻtmishda dunyo tamaddunining beshiklaridan biri boʻlgan Surxondaryo – tarixiy-meʼmoriy, arxeologik obidalarga boy voha. Jahon ilm-fani va islom dini rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk olimu fuzalolarni kamolga yetkazgan yurt. Endilikda koʻhna va hamisha navqiron goʻsha goʻzal, betakror tabiat manzaralari, tabiiy shifobaxsh manzillari, soʻnggi yillarda qad rostlagan muhtasham zamonaviy inshootlari, milliy sanʼati, hunarmandchiligi, milliy taomlari bilan ham dunyoga qayta yuz tutib, sayyohlarni oʻz bagʻriga chorlamoqda.

– Boy merosimiz, madaniyatimiz va turmush tarzimizni koʻp marta eshitgandan koʻra, bir marta boʻlsa-da kelib koʻrishning, yaqindan tanishishning gashti boʻlakcha, – deydi Termiz tumani Navroʻz mahallasida yashovchi S.Jovliyev. – Buning uchun biz oʻz yashash hovlimizda barcha sharoitlarni yaratganmiz. Bir yoʻla olti sayyohni qabul qiladigan yorugʻ, shinam xonalardan iborat uy-mehmonxonasi barpo etib, milliy uslubda jihozladik. Qadimiy hunarmandchilik buyumlarimiz, soʻzana, zardevor va boshqa kashtalar bilan bezadik. Hovliga oʻchoq-tandir oʻrnatdik. Mehmonlarimiz milliy taomlarimizni tatib koʻrish barobarida ularni tayyorlash jarayonida bevosita ishtirok etishi uchun barcha qulaylik mavjud.

Viloyatda mehmonxona xizmatini yoʻlga qoʻyayotgan tadbirkorlar xonalarga dam olish uchun alohida krovatlar oʻrnatib, zamonaviy yuvinish xonalari, kanalizatsiya tarmoqlarini qurgan. Xullas, mehmonlar uchun barcha qulaylik yaratilgan.

12.jpg

Uy-mehmonxonalari tashkil etib, xorijlik va mahalliy sayyohlarga sifatli xizmat koʻrsatish taklifini bildirayotgan tadbirkorlarni tijorat banklari qoʻllab-quvvatlab, moliyaviy koʻmak berayotgani ham etiborga sazovordir. Hozirgacha 57 uy-mehmonxonani jihozlash uchun moliyaviy muassasalar tomonidan 5 million soʻmdan 30 million soʻmgacha boʻlgan imtiyozli kredit mablagʻi ajratildi.

Termiz shahridagi Yulduz mahallasida yashovchi K.Neʼmatov ham uyining bir qismini uy-mehmonxonasi uchun ajratib, ”Trastbank”dan 30 million soʻm imtiyozli kredit oldi.

– Ushbu mablagʻ evaziga mehmon uyimiz uchun zarur mebel, televizor va boshqa zamonaviy jihozlar, idishlar xarid qildik, – deydi uy sohibi K.Neʼmatov. – Qadimiy soʻzana, doʻmbira, tol tovoq, yogʻoch choʻmich, qoshiqlar sotib oldik. Xonalarni ana shu nafis va qadimiy buyumlar bilan jihozladik. Xontaxta oʻrnatib, atrofiga milliy koʻrpachalar toʻshadik. Hovlimizga oʻrnatilgan tandir va oʻchoq non, patir, shuningdek, turli ovqatlarni pishirishga moʻljallangan.

Mehmonlar moʻjazgina hovlilardagi tandirda Surxondaryoning mashhur tansiq taomi tandir kabob tayyorlash jarayonini kuzatishi va oʻzlari ham pishirib koʻrishi mumkin. Hovlilarning bir chetiga yogʻoch soʻri oʻrnatilib, oʻrtasiga xontaxta joylashtirilgan. Uning atrofiga milliy koʻrpachalar toʻshalib, yostiqlar qoʻyilgan. Mehmonlar moʻtadil ob-havo kunlari yogʻoch soʻri ustida oʻzaro suhbat quradi, ovqat tanovul qilib, miriqib dam oladi.

Mutasaddilarning taʼkidlashicha, viloyat markazi va Termiz tumanida yaqin kunlarda yana 25 ta uy-mehmonxona foydalanishga topshiriladi.

4 863
Xolmoʻmin Mamatrayimov, Jonibek Qoʻzimurodov (surat), OʻzA